Prezident Karimov: Tinchlik va barqarorlik kerak

Image copyright AP
Image caption Рақсга тушаётган Каримов (архив)

Prezident Karimovning bu yilgi Navro‘z tabrigi avvalgilaridan keskin farq qilgani yo‘q.

Poytaxtning markaziy maydonidagi an‘anaviy rasmiy bayram tomoshasida Islom Karimov nutq so‘zlar ekan, e‘tiborni dunyodagi tobora keskinlashib borayotgan vaziyatga qaratdi.

Kelishmovchiliklar va ziddiyatlarni tinchlik yo‘lida hal qilishga umid bildirdi.

“Shu borada bir faraz qilaylik: agarki, bugungi kunda xalqaro maydonda tobora avjiga chiqayotgan keskinlashuv, mojaro va qarama-qarshiliklarni, hali-beri davom etayotgan qon to‘kishlarning oldini olish, paydo bo‘layotgan muammolarni faqatgina tinchlik va siyosiy muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga qaytsak, xalqimiz iborasi bilan aytganda, olam guliston bo‘lardi,” dedi Karimov.

“Ishonchim komil, agarki shu kunlarda ko‘pni ko‘rgan, qancha-qancha sinovlarni boshidan kechirgan, yaxshilik va ezgulikni doimo yuragining to‘rida saqlab keladigan, mehr-oqibatli xalqimizdan, sharqona yangi yil kirib kelishi arafasida turib, yangi yilda sizning eng ezgu niyatlaringiz nimalardan iborat, deb so‘rasa, xalqimiz, hech ikkilanmasdan, bizga tinchlik va omonlik kerak, deb javob berishi muqarrar,” deb qo‘shimcha qildi.

Bu yil 78 yoshni qarshilagan Karimov, o‘z an‘anasiga sodiq qolib, tanlanganlar uchun tantana jarayonida qisqa raqsga tushib berdi.

Uning tabrigi va raqsini tomosha qilgan jurnalistlardan biriga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti avvalgi yillarga solishtirganda bir qadar “shashtsizroq” bo‘lgan.

O‘zining nisbatan qisqa nutqini sekin va ba‘zan adashishlar bilan yakunlagan.

Navro‘z arafasida Toshkent bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan va ba‘zi markaziy ko‘chalar to‘sib qo‘yilgan.

Prezident qatnashgan bayram tantanasiga odatdagiday faqat avvaldan, maxsus taklifnomalar berilgan o‘zbekistonlik va xorijiy mehmonlar kiritilgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq