Rossiya mahkamasi Savchenkoni 22 yilga hukm qildi

Image copyright AFP

Donetsk mahkamasi hakami ukrainalik zobit Nadejda Savchenkoni ikki rus jurnalisti o‘limida aybdor, deb topgan va 22 yil qamoq jazosi tayinlagan.

Biroq Savchenko baland ovozda qo‘shiq aytgani bois, dastlab necha yilga mahkum qilingani eshitilmagan.

Shundan so‘ng, hakam besh daqiqalik tanaffuq e‘lon qilgan.

Mahkamaga ko‘ra, Savchenkoning aybi ko‘p sonli ko‘rsatmalar va teshiruv natijalari orqali isbotlangan. Himoya tomonining Savchenkoning aybsizligi to‘g‘risidagi xulosalari mahkamani qoniqtirmagan.

Mahkama zalida bo‘lgan Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, hakam ukrainalik uchuvchining himoyasiga ko‘rsatilgan dalil va guvohlarni bir-birini inkor etuvchi deb atagan.

Image copyright AFP

Hakam ikki kun davomida hukm varaqasini o‘qigan. Mahkama majlisida Savchenko hakamning gaplari ustidan kulib o‘tirgan va ba‘zida tortishib qo‘ygan. Hakam guvohlar va Savchenkoning ko‘rsatmalari o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligini aytganda, Savchenkoning jahli chiqib ketgan. Himoyachilar hakamning so‘zlarini ora-orada Savchenko bilan muhokama etganlar. Biroq aksariyat vaqtda mobil telefonlari bilan mashg‘ul bo‘lganlar.

Ko‘pchilik jurnalistlar mahkama zaliga kirolmaganidan norozilik bildirganlar. Mahkama o‘tayotgan bino politsiya bilan o‘rab olingan. Qattiq tekshiruv ostida sanoqli jurnalistlar o‘tkazilgan.

Qoralov tomon Savchenkoga 23 yil qamoq jazosi berilishini so‘ragan edi.

Rossiya tekshiruv xodimlari ishonishicha, Savchenko 2014 yilda Luganskda ikki rus jurnalistining o‘limida aloqadordir. Tergov idorasi xodimlari ta‘kidlashicha, Savchenko artilleriya hujumlari uchun yo‘nalishlarni belgilab bergan. Shuningdek, u Rossiya chegaralarini noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblanadi.

Savchenko o‘z ayblarini tan olmagan. Himoya tomoniga ko‘ra, u rossiyalik jurnalistlar o‘limidan oldin asirga tushgan. Savchenkoning himoyachilari hukm ustidan qanday bo‘lishidan qat‘iy nazar shikoyat qilinmaydi. Shu bilan birga ular, hukm ayblov mazmunida bo‘lishiga shubha qilmasliklarini aytganlar.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq