AQSh Davlat departamenti Ovro‘poga yangi tahdidlardan ogohlantirdi

Image copyright EPA

AQSh Davlat departamenti Amerika fuqarolarini Ovro‘poga safar qilish xatarli bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirish bilan chiqqan.

Davlat departamentiga ko‘ra, Ovro‘poda yangi terrorchilik xurujlari sodir etilishi tahdidi mavjud.

“Terrorchi guruhlar yaqin kelajakda Ovro‘po hududlariga hujumlarni amalga oshirishni rejalashtirishda davom etmoqdalar. Sport tadbirlari, sayyohlar tashrif buyuradigan joylar, restoranlar va transport infrastrukturalari ularning nishoniga aylanishi mumkin”, deyiladi AQSh Davlat departamenti e‘lon qilgan bayonotda.

Amerika tashqi siyosat idorasi Bryussel aeroporti va metrosiga hujumlardan keyin ogohlantirish bilan chiqqan.

Ovro‘po mamlakatlarida bo‘lgan amerikaliklarga ayniqsa jamoat joylari va transportda hushyor bo‘lish, odamlar gavjum joylardan o‘zini chetga tortish maslahati berilgan.

Diniy bayramlar, yirik festivallar va tadbirlar paytida juda ehtiyot bo‘lishga chaqirgan davlat departamenti.

AQSh hukumati mamlakatga qarshi yangi terrorchilik hujumlari rejalangani haqida yangi ma‘lumotga ega emasliklari haqida bildirgan.

Shunga qaramasdan, aksar Amerika shaharlari aeroportlari va temir yo‘l vokzallarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

22 mart kuni ertalab Брюссел shahrida sodir etilgan portlashlar munosabati bilan Belgiyada uch kunlik motam e‘lon qilingan.

Portlashlar oqibatida kamida 31 inson halok bo‘lgan.

Zaventem xalqaro aeroporti binosida ikki xudkush hujumchi o‘zlarini portlatgani xabar qilinmoqda.

Aeroportda 11 inson halok bo‘lgan.

Oradan bir soatcha o‘tib Ovro‘po Ittifoqi binolariga yaqin joylashgan metroning Maalbeek bekatida yana bir portlash ro‘y bergan.

Metro vagonida 20 inson hayotdan ko‘z yumgan.

Portlashlar oqibatida 200 dan ziyod kishi jarohatlangan.

Portlashlar uchun mas‘uliyatni o‘zini “Islomiy Davlat” deb ataydigan guruh zimmasiga olib chiqdi.

Bosh vazir Sharl Mishel 22 mart hodisalarini Belgiya tarixidagi eng dahshatli hodisalar deb atagan.

Zaventem aeroporti kuzatuv kameralarida arava itarib ketayotgan uch shaxs tasvirga tushgan va Belgiya tergovchilari ulardan ikki nafari o‘zini portlatgan deb bilmoqda.

23 mart kuni Belgiya politsiyasidagi manba aytishicha, o‘zlarini aeroportda portlatganlar aka-uka al-Bakraviylar bo‘lganlar, deb ko‘rilmoqda.

Kameraga tushib qolgan uchinchi shaxsga qidiruv e‘lon qilingan.

Politsiya aeroportga yaqin joyda portlamay qolgan xudkushlik belbog‘ini topgani haqida xabar tarqatgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq