Qirg‘iz- O‘zbek chegarasida vaziyat tang qolmoqda

O‘zbek chegarachilari Qirg‘izistonning Olabuqa tumaniga O‘zbekistonning Chortog‘ tumani orqali o‘tuvchi yo‘lda chegara nazorat nuqtasini nazorat qilib turibdilar.

18 mart kuni ikki mamlakat o‘rtasida bahsli sanalgan Qirg‘izistonning Olabuqa va O‘zbekistonning Chortoq tumanlari o‘rtasidagi bahsli hududga o‘zbekiston harbiylari kiritilib, yangi chegara nazorat nuqtasi o‘rnatganliklari to‘g‘risida xabar berilgandi.

Qirg‘iziston tomoni ushbu qadam yuzasidan rasman norozilik bildirib, O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vazirligiga nota yuborgan. Lekin Qirg‘iziston nota javobsiz qolganligini aytmoqda.

Bi-bi-si Qirg‘iz xizmati jurnalisti Almaz Chorevning so‘zlariga ko‘ra, chegarada vaziyat o‘zgarishsiz qolmoqda.

Kecha Qirg‘iziston Bosh vaziri Temir Sariyev mintaqaga tashrif buyurgan. U mahalliy aholi vakillari bilan uchrashib, biron santimetr yer ham boy berilmaydi, deb aytgan. U shuningdek, hamma narsa diplomatik yo‘l bilan hal qilinadi, deya ishontirgan.

O‘zbek chegarachilari nazorat o‘rnatgan tekshirish nuqtasidan o‘z yashash yerlariga o‘tayotgan qirg‘izistonliklar hujjatlarni o‘zbek chegarachilariga ko‘rstaishga majbur ekanliklarini aytishmoqda. Ular bundan norozi bo‘lishmoqda.

Bi-bi-si bilan suhbatda mahalliy aholi vakillari o‘zbek chegarachilari xushmuomala ekanliklari, ammo gap orasida " O‘zbekistonga xush kelibsiz" deb aytishayotganini bildirishdi. Qirg‘izistonliklar bu yo‘ldan o‘n yillardan beri foydalanib kelishgani va endi birdaniga o‘zbek hududi bo‘lib qoldimikan, deya xavotir bildirishgan.

Qirg‘iziston tomonida bu amalga qarshi noroziliklar bo‘lib o‘tayotgani xabar qilingan.

Jurnalist Almaz Chorevning aytishicha, mahalliy aholi vaziyatdan norozi. Kecha muxolif guruhlar Aqsida yig‘ilib, boshqa muammolar qatorida bu masalani ham ko‘tarishgan. Muxolif guruhlar ertaga O‘shda ham yig‘ilish o‘tkazishmoqchi edi, lekin chegaradagi vaziyat tufayli, deya bekor qilishgan. Fikrimizcha, Qirg‘iziston muxolifati vaziyatdan bir ma‘noda o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qolmoqchidek.

Shuningdek, 22 mart kuni O‘zbek -Qirg‘iz chegarasidagi vaziyat Moskvada Kollektiv Xavfsizlik Kengashi majlisida muhokama qilingan.

Moskvada o‘tkazilayotgan Kollektiv Xavfsizlik kengashi majlisida bu masala muhokama bugun ham davom etishi aytilgan, lekin qatnashuvchilar vaziyatdan xavotirda ekanliklarini allaqachon izhor etishgan. Lekin Tashkilot hozircha biron rasmiy bayonot chiqarmagan bu borada. Ayni vaqtda tashkilot umuman bu borada qanday amallar qo‘llashi mumkinligi haqida aytmoqdalar. Ma‘lumki, O‘zbekiston tashkilotga a‘zo emas. Shuning uchun, balki bu masala Shanxay Hamkoriki Tashkiloti kun tartibiga olib chiqilishi kerakmikan, degan mulohazalar aytilmoqda.

Xabar agentliklarida aytilishicha, O‘zbekiston tomoni bu qadamni dastlab Navruzni nishonlash vaqtida kiritilgan qo‘shimcha xavfsizlik choralari, deya izohlagan.

Lekin Qirg‘iziston chegarani delimitatsiya qilish agentligi rasmiysiga ko‘ra, yaqinda Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston hududini suv bilan ta‘minlovchi lekin Qirg‘iziston hududida joylashgan ba‘zi nasos va kanallar ustida nazoratni o‘z qo‘liga olgan.

Bu qadam 1992 yili imzolangan, Sho‘rolar davrida qurilgan hamma ob‘ektlar qaysi mamlakat hududida qurilgan bo‘lsa o‘sha mamlakatga tegishli ekanligi haiqdagi bitimga muvofiqdir, deyishmoqda ular.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, yaqinda o‘zbek tomoni o‘sha suv ta‘minot ob‘ektlaridan ba‘zilarini, masalan O‘rtato‘qay suv omborini ta‘mir qilish ruxsatini so‘rashgan, qirg‘iz tomoni, o‘zimiz ta‘mir qilamiz, deya ruxsat berishmagan.

Qirg‘iz tomonining taxmin qilishicha, O‘zbekiston harbiylarini olib kelishiga ana shu qaror turtki bergan bo‘lishi mumkin. Ekspertlar vaziyatdan xavotir bildirishmoqda. Lekin rasmiylar hamma narsa diplomatik yo‘l bilan hal qilinishi kerakligini urg‘ulamoqdalar.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq