Erdo‘g‘on: Hujumchini Turkiya Belgiyaga topshirgandi

Image copyright Reuters

Turkiya hukumati 31 insonni yostig‘ini quritgan Bryussel hujumlarida gumonlanayotgan jangarilarning birini 2015 yil iyunda terrorizmga aloqadorlikda shubha bilan ushlagan va uni Belьgiya hukumati qo‘liga topshirgandi, deb aytgan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on.

"Hujumchilardan biri G‘azantepada (Turkiya janubidagi Suriya bilan chegaraga yaqin joy) ushlangan va Belьgiyaga deportatsiya qilingan", deb bildirgan Erdo‘g‘on jurnalistlarga.

Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, ushlangan shaxsni Belьgiya hukumatiga berayotib, Turkiya xavfsizlik kuchlari uning jihodchi jangari bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirganlar. Biroq Belьgiyada unng terroristik tashkilotga aloqadorligini isbotlaydigan dalillarni go‘yoki topolmay, ochiqda qoldirganlar.

So‘nggi ma‘lumotlarga binoan, Bryussel hujumlarida 31 inson qurbon bo‘lgan, 300 dan ortiq kishi yaralangan.

Belьgiyada uch kunlik motam e‘lon qilingan.

Bryusselning Zaventem aeroportida 22 mart kuni ertalabki soat 8 larda ikki kuchli portlash ro‘y bergan.

Prokuror Frederik Van Lyov aytishicha, aeroportda o‘zini portlatganlardan biri Ibrohim al-Bakraviy bo‘lgani aniqlangan.

Kuzatuv kameralariga tushib qolgan va dunyo bo‘ylab tarqalgan suratdagi chap tomondagi shaxsning kim ekani o‘rganilmoqda.

Prokurorga ko‘ra, suratdagi o‘ng tomondagi boshiga shlyapa kiygan shaxs aravachasida eng ko‘p portlovchi modda bo‘lgan va bu aravacha qoldirib ketilgan.

Frederik Van Lyov so‘zlariga ko‘ra, Maalbeek metro bekatida uch vagondan iborat poyezdning ikkinchi vagonida o‘zini portlatgan shaxs Xolid al-Bakraviy bo‘lgan.

Aeroportdagi portlashlardan keyin uchinchi gumondor qochib ketgani aytilib qidiruv boshlangan.

21 mart kuni Belgiya prokuraturasi Najim Alashraviyning 2015 yil noyabridagi Parij hujumlariga aloqadorligini aniqlagani haqida e‘lon qilgan edi.

Ma‘lum bo‘lishicha, hujumchilar deb ko‘rilgan shaxslar yashagan uylar ichidan topilgan DNK namunalari orasida Alashraviy DNKsi ham topilgan.

Aeroportdagi portlashlardan bir soat o‘tib Bryussel shahri markazidagi Ovro‘po Ittifoqi binolariga yaqin joylashgan metroning Maalbeek bekatida yana bir portlash ro‘y bergan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring