Toshkentda tramvay, Moskvada trolleybus kelajagidan xavotirlar

Image copyright gazeta.uz

Moskva hokimligining trolleybuslar ko‘p elektr quvvatini isrof etayotganini vaj qilib bir necha trolleybus yo‘nalishini buzish qaroriga qarshi pul yig‘ish boshlangan. Toshkentda esa jamoatchilikka maqsadi tushuntirilmasdan ikki tramvay yo‘nalishi qatnovi to‘xtatilgan.

Moskvada ham, Toshkentda ham meriya va hokimlik mulozimlarining trolleybus va tramvay marshrutlari o‘zini oqlamayotgani haqidagi gaplariga shubha bilan qarayotganlar ko‘p.

Moskvada-ku shahar meri o‘rinbosarlari poytaxtni obodonlashtirish kelajagini qanday ko‘rayotganlarini aytib, ko‘chalarni kengaytirish xaritalarini jamoatchilikka ma‘lum qilmoqdalar, matbuot vakillari savollariga javob qaytarishayapti, trolleybus yo‘nalishlari tufayli go‘yo Moskva elektr energiyasining 30 foizini yo‘qotayotgani haqidagi raqamlarni keltirmoqdalar.

Xalqqa hisobot berish o‘zlarining konstitutsiyaviy burchi ekanini esidan chiqarib qo‘ygan Toshkent shahri hokimligi rasmiylari tramvaiy va trolleybus yo‘nalishlarini o‘z xohishlaricha buzib tashlamoqdalar, soya-salqin berib turgan keksa daraxtlarni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlamoqdalar.

Moskvada mablag‘ yig‘ib trolleybus yo‘nalishlarini saqlab qolish loyihasini mahalliy deputatlardan biri Maksim Kats boshlagan.

Image copyright varlamov.ru
Image caption Яшил чизиқлар Москвадаги сақлаб қолиниши, қизил чизиқлар эса бузилиши режаланган троллейбус йўналишларини англатади.

O‘zbekistonda esa 130 yillik daraxtlar kesilganiga na parlamentdagi, na Toshkent shahar kengashidagi bir deputat “nega bunday qilayapsizlar” degan savolni qo‘yishga jazm etdi.

Holbuki, O‘zbekiston Oliy Majlisida Ekologlar harakatiga katta o‘rin berilgan.

Shu yil yanvaridan boshlangan va onlayn-petitsiyaga sabab bo‘lgan daraxtlar kesilishiga munosabat bildirish haqidagi so‘rovlarga ham Ekologlar harakati javob qaytargani yo‘q.

O‘zbekistondagi “Gazeta.uz” veb-sayti xabar qilishicha, 26 mart kunidan Toshkentdagi ikki yo‘nalishda tramvaylar qatnovga chiqmagan.

Bular №12 ("Beshqayrag‘och" — "Beruni" metrosi) va №26 ("Qo‘yliq-6" — "Toshkent" vokzali) yo‘nalishida qatnagan tramvaylar.

“Gazeta.uz” shu munosabat bilan "Toshkent tramvayi" shirkatiga telefon orqali bog‘langan.

"Toshkent tramvayi"da tramvaylar faqat shu kuni qatnovga chiqmaganini aytishgan, biroq veb-sayt manbasining xabar qilishicha, bu ikki yo‘nalishni yo‘q qilish qarori allaqachon qabul qilingan.

"Marshrutlar yopilishi haqida na shahar matbuotida, na hokimlik yoki poytaxt jamoat transportini boshqaradigan "Toshshahartransxizmat" kompaniyasi saytida hech qanday e‘lon berilgani yo‘q", deb yozadi "Gazeta.uz".

Agar ikki yo‘nalish yopiladigan bo‘lsa, asr boshida o‘zining 100 yilligini nishonlagan Toshkent tramvayida faqat to‘rt marshrut qolishi xabar qilinmoqda.

Moskvalik deputat Maksim Kats, shahar hokimligi vakillari trolleybus qatnovini "ushlab turish uchun milliardlab rubl" kerak deb aytayotgan ekanlar, nega unda trolleybus transportining rentabelligi va uni talab darajasida "ushlab turish" uchun qancha sarmoya lozimligi haqidagi raqamlarni e‘lon qilmayaptilar, degan savolni ilgari surgan.

Image copyright RIA Novosti

Toshkent hokimligi va jamoat transporti rahbarlariga ham xuddi shu savolni qo‘yish lozim: "siz tramvay yoki trolleybus o‘zini oqlamayotgani haqida gapirayotgan bir paytda nega katta-katta mablag‘ sarflab olib kelgan avtobuslaringiz deyarli har oyda yonib ketmoqda?"

Moskvalik deputat Maksim Kats trolleybus kelajagi borasida dunyoning nufuzli mutaxassisi deb ko‘rilgan Vukan Vukichga murojaat qilgan.

Pensilvaniya universitetining professori, jahondagi ko‘zga ko‘ringan urbanistika sohasi eksperti Vukan Vukich Moskva shahri hokimligi rejasini "50-yillarda Ovro‘po shaharlarida yo‘l qo‘yilgan xatolarning takrorlanishi" deb atagan.

Chindan ham oxirgi yillarda Shveytsariya yoki Olmoniya ko‘chalariga tobora ko‘p ekologik transport turlari, xususan, tramvaylar qaytayotganini ko‘rish mumkin.

Maksim Kats Jamoat transporti Xalqaro ittifoqi - UITP ga ham murojaat qilgan.

Frantsuz tilida L’Union internationale des transports publics deb atalgan tashkilot 1885 yilda tashkil etilgan va hozirgi kunda dunyoning 96 mamlakatidagi 1400 shahar transporti xizmatini ko‘rsatadigan shirkatlarni o‘zida jamlagan birlashma.

UITP jamoat transportiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq