Tolibon nasroniylarga qarshi hujum uchun mas‘uliyatni zimmasiga oldi

Image copyright AFP
Image caption Qurbonlar orasida bolalar ham bo‘lgan

Pokistondagi Toliblardan ajralib chiqqan guruh Lahorda 70dan ortiq insonlarning yostig‘ini quritgan xudkush hujum uchun mas‘uliyat da‘vosi bilan chiqqan.

Qurbonlar orasida bolalar ham bor.

Jamoatul Ahror Pasxa bayramini nishonlayotgan nasroniylarni nishonga olganini aytgan.

Politsiya bu kabi da‘volarni hamon tekshirayotganini ma‘lum qilgan.

Pokiston prezidenti bu hujumni qoralagan, mintaqa hokimi uch kunlik motam e‘lon etgan.

Kamida 300 kishi yaralangan, mulozimlar qurbonlar soni yana ortishi mumkinligini aytishmoqda.

Oson nishon
Image copyright Getty
Image caption "Jamoatul Ahror" uyushtirgan hujumdan keyin...

Lahor Pokistonning eng badavlat va anchayin liberal shaharlaridan biri sanaladi.

Ayni shu shahar Bosh vazir Navoz Sharifning qudrat manbaidir.

O‘tgan bir necha yil ichida bu mintaqa boshqalaridan farqli o‘laroq eng oz terror hujumlariga sahna bo‘lgan edi.

Jamoatul Ahror atalmish guruhning voizi bu xudkushlik hujumi bilan Navoz Sharifga o‘ziga xos “mujda” yo‘llayotganini aytgan.

Guruh “shaharga kirgani”ni aytib, kelajakda yana hujumlar uyushtirish bilan ogohlantirgan.

Nasroniylar Pokiston aholisining 1.6% foizini tashkil qiladi.

Mamlakatda so‘nggi yillar nasroniylarga qarshi hujumlar ko‘paygan.

2013 yilda Peshovardagi cherkovdagi portlashda 80ga yaqin inson qurbon bo‘lgandi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbekInstagram - BBC UZBEKTwitter - BBC UZBEKOdnoklassniki - BBCUZBEKFacebook - BBC UZBEKGoogle+BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring