"Bu o‘ta xavfli guruh" - tahlil

Image copyright AP

Lahorning “Gulshani iqbol” parkida amalga oshirilgan qonli hujum uchun mas‘uliyatni Jamaatul Ahror guruhi o‘z zimmasiga olgan. So‘nggi oylarda Pokistonda bu guruh bir necha hujumlarni uyushtirgan. Bu guruhning kelib chiqishi va maqsadlari haqida Pokistonlik jurnalist Rahimullo Yusufzay bilan suhbat.

Rahimullo Yusufzay: Hujum uchun mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olgan Jamaatul Ahror guruhi voiziga ko‘ra, ular atayin nasroniylarni nishonga olishga harakat qilishgan. Pokistonlik nasroniylar Pasxani bayram qilib, katta sonlarda Lahor ko‘chalariga chiqishgan. Ular istirohat bog‘iga yo‘l olib, u yerda bola-chaqalari bilan sayil qilib, pikniklar uyushtirishgan. Mazkur guruh voizidan muxbirlardan biri “Nima sabab shuncha begunoh bolalar bilan ayollarni o‘ldirgansizlar”,- deb so‘raganida, voiz “biz faqat nasroniy erkaklarni nishonga olmoqchi edik “, -deya javob bergan. Biroq parkdagi hujumda jabrlanganlar orasida musulmonlar ham bo‘lgan. Yetmish ikki inson halok bo‘lgan, ulardan 29 nafari bolalar, aksari ayollardir.

Bi-bi-si: Ya‘ni hujumchilar uchun xalok bo‘lganlar ta‘bir joiz bo‘lsa “yumshoq” yoki “engil” nishon bo‘lgan degan xulosa chiqarish mumkinmi?

Rahimullo Yusufzay: Ha, shunday deyish mumkin, ular juda yengil nishonga aylandilar. “Gulshani iqbol” parki juda katta joy. Xavfsizlik kuchlari u yerda bo‘lishgan albatta, lekin sinchkovlik bilan tekshirishmagan, shekilli. Xudkush hujumchi yo katta darvozadan kirgan yoki devordan oshib o‘tgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun qiyin bo‘lmagan. Odatda maqsadlariga erishmoqchi bo‘lgan jangarilar harbiy inshootlarni, politsiya yoki amniyat qarorgohlari, hamda hukumat binolarini nishonga olishlari kerak. Lekin ularga hamla qilish oson bo‘lmaydi. Chunki bu inshootlar qattiq qo‘riqlangani sabab, ziyon yetkazish uchun juda ko‘p jangari ishtirok etishi kerak bo‘ladi. Bu hujumlarni amalga oshirish uchun birgina xudkush hujumchi bilan ish bitmaydi. Maktab, kollej, universitetlar va kechagi park esa jangarilar uchun juda oson nishonga aylanib bo‘lgan. Birgina xudkush hujumchi shu qadar vaynonagarchilik qilishi mumkin! Bundan jangarilar guruhida yetarlicha xudkush hujumchilar yo‘q degan yana bir xulosa chiqarish mumkin.

Bi-bi-si: Bizga Pokistonnning Tolibonidan ajralib chiqqanidan tashqari mazkur Jamaatul Ahror guruhi haqida yana nimalar ma‘lum?

Rahimullo Yusufzay: Jamaatul Ahror – TTP ya‘ni Pokiston Tahriki Tolibonidan bo‘linib chiqqan guruh. 2007 yili Bayatullo Mas‘ud Pokistonning qabilaviy hududlaridagi barcha jangari guruhlarni birlashtiruvchi tashkilotga asos soldi. U va undan keyin tayinlangan boshqa rahbar, ikkalovi AQSh dron zarbalarida halok bo‘lganlar. Bundan so‘ng tashkilotda bo‘linishlar paydo bo‘ldi va Jamaatul Ahror guruhi ham bo‘linishlardan keyin o‘rtaga chiqdi. Ular 2013 yili TTP tarkibidan chiqib, Umar Xolid Xurosoniyni o‘z rahbari deb e‘lon qilishgan. Keyinchalik, ular DAISH guruhiga ba‘yat keltirishgan. Qarorgohi Mo‘min degan qabilaviy hududda joylashgan va ular so‘nggi oylarda Pokiston xavfsizlik kuchlari va tinch fuqarolariga qarshi bir necha hujumlarni amalga oshirganlar. Guruh sharqiy Afg‘onistonning Kunar va Nangarhor viloyatlarida ham faol. Nazarimda, ular aynan o‘sha yerdan turib, Pokiston zaminida nafaqat hujum, odam o‘g‘irlashlarni ham amalga oshiradilar. Bu o‘ta xavfli guruhdir.

Bi-bi-si: Biroq, ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgani, xususan, xavfsizlik xizmatlari bir biri bilan uchrashib, istixborot va ma‘lumotlar bilan almashib turishlari, hamda jangari guruhlarga qarshi o‘zaro muvofiqlashtiruvchi say‘-harakatlar olib borilayotgani haqida xabarlar tarqab turadi. Nahotki bunday hamkorlik ijobiy bir natija bermasa?

Rahimullo Yusufzay: O‘ylaymanki, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida bu sohada haqiqiy hamkorlik o‘rnatilgani yo‘q. Uchrashuvlar o‘tkaziladi, va‘dalar qilinadi, biroq aslida hamkorlik yo‘q, juda ko‘p o‘zaro ishonchsizlik va shubha bilan qarash mavjud. Pokiston Toliboni Afg‘onistonda boshpana topgan va Afg‘onistonning toliblari esa Pokistonda. Va ular bir biri bilan til biriktirib, aloqa o‘rnatganlar. Agar haqiqiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilganda, kuni kecha sodir etilgan parkdagi hujumning oldini olish mumkin edi. Yoki hujumlarning soni kamaygan bo‘lardi. Biroq bugungi kunda, ikkala mamlakatlarda bu kabi ko‘plab hujumlar sodir etilayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Agar ikkala tomon mazkur muammoni hal etishmoqchi bo‘lishsa, ular chin qalbdan hamkorlik qilishlari shart.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEKTwitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEKGoogle+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring