Dushanbedagi masjidlarga kuzatuv kameralari o‘rnatiladi

Image copyright Getty
Image caption Dushanbedagi masjidlarga kuzatuv kameralari o‘rnatiladi

Tojikiston poytaxti Dushanbedagi barcha masjidlar zimmasiga o‘z hisobidan kuzatuv kameralarini o‘rnatish vazifasi yuklangan.

Shuningdek, masjidlar temir qidiruvchi uskunalarga ham ega bo‘lishlari kerak.

Shahar mulozimlariga ko‘ra, ayni choralardan ko‘zlangan maqsad namozxonlarning xavfsizligini ta‘minlashdir.

Shahardagi masjidlar har kuni, ayniqsa juma kunlari namozxonlar bilan gavjum bo‘ladi.

Shahar mulozimlariga ko‘ra, bu kabi xavfsizlik choralari uchun masjidlarning o‘zlari mas‘ul bo‘lishadi.

Davlat tomonidan masjidlar uchun mablag‘ ajratilmaydi.

Ibodatxonalar asosan musulmonlardan tushadigan xayr-sadaqa evaziga faoliyat ko‘rsatadi.

Tojikiston konstitutsiyasiga ko‘ra, din davlatdan ajratilgandir.

Maktab ko‘pmi, masjid?

Image caption "Mingdan ortiq tojikistonlik mujohidlar safida jang qilmoqda"

Tojikistonda Sho‘rolar Ittifoqi qulashidan keyin ko‘p o‘tmay fuqarolar urushi boshlanib ketdi.

Rossiya dastaklagan Tojikiston hukumati bir tomon, ikkinchi tomonda esa asosan islomiy an‘analarni bayroq qilgan muxolifat bor edi.

Sovetlar davrida ham nisbatan dindorroq bo‘lgan Tojikistonda xalq o‘z diniy qadriyatlarini tiklay boshladi.

To‘qsoninchi yillar o‘rtalari va oxirlari, 2000 yil boshlarida mamlakat bo‘ylab minglab yangi masjidlar qurildi.

Bu masjidlar asosan tadbirkorlar, Rossiyada ishlayotgan Tojikiston muhojirlarining mablag‘i bilan bunyod bo‘ldi.

Tojikistonlik ziyolilardan birining aytishicha, butun mamlakat bo‘ylab yangi qurilayotgan masjidlar soni maktablar ham ortda qoldirgandi.

So‘nggi yillar Tojikiston hukumati mamlakatda rasmiy nazorat ostida bo‘lmagan kichik masjidlarni yopishga qaror qildi.

Din va e‘tiqodga doir 2009 yilda chiqarilgan qonunda Jome masjidlari qurilishi uchun tuman aholisi kamida 30 – 50 ming bo‘lishi aytiladi.

Viloyat va tumanlarda esa Jome masjidlari uchun aholi soni 10 – 20 minggacha etib belgilangan.

Yopilayotgan masjidlar kichik tadbirkorlik uchun ajratilayotgani aytiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, hukumatning bu kabi amallaridan asosiy maqsad noan‘anaviy, o‘ziga bo‘ysunmaydigan va mustaqil diniy oqimlarni jilovlashdir.

Mulozimlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab eng ko‘p masjidlar soni Tojikiston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ayni paytda poytaxt Dushanbeda mintaqada eng yirik bo‘ladigan masjid qurilishi boshlab yuborilgan.

Ibodat va jihod

Image copyright you tube
Image caption Suriyada qurbon bo‘lgan tojikistonliklardan biri

Tojikistonlik mulozimlar namozxonlarga nisbatan tazyiqlarni inkor qilishadi.

Ayni paytda tojikistonliklarning soqollarini majburan oldirish amali mamlakatning deyarli barcha mintaqalarida ro‘y berganiga doir ma‘lumotlar bor.

Huquq-tartibot mulozimlariga ko‘ra, Iroq va Suriyada mingdan ortiq tojikistonliklar jang qilishmoqda.

Tojikistonlik mujohidlarning 85 foizi avvaliga Rossiyaga mehnat muhojiri bo‘lib jo‘naganlari aniqlangan.

Markaziy Osiyoda yagona diniy partiya – Tojikiston Islom Uyg‘onish firqasining “terrorchi tashkilot” deb e‘lon qilishlari ortidan, Tojikiston huquq-tartibot organlari yuzlab kishilarni hibsga olgan.

Yaqinda mamlakat shimolida o‘ndan ortiq imomlar hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgandi.

Hibsga olingan imomlarni muxolif kayfiyatdagi yoki muxolifatga moyilligi bo‘lgan imomlar deb bo‘lmaydi, ularning aksari "Islom Uyg‘onish partiyasi" siyosatini qoralaganlar, musulmonlarning biror bir siyosiy partiyaga a‘zo bo‘lishlariga qarshi chiqqanlar, deb yozdi catv24.com veb-sayti. Mart oyi boshida Rog‘unda o‘nlab yigitlar hibsga olingan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq