Rizo Obidovning jasadi yaqinlariga topshirilgan

Image copyright turonzamin

Hollandiyaning Tilь shahar kasalxonasidan Bi-bi-siga ma‘lum qilishlaricha, 24 mart kechasi ushbu kasalxonada vafot etgan o‘zbekistonlik jurnalist Rizo Obidovning jasadi yaqinlariga topshirilgan.

Gollandiyaning Tilь shahrida asli namanganlik jurnalist Rizo Obidov 58 yoshida og‘ir kasallikdan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda marhumning hamkasblari xabar qilgan edi.

"Biz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. U bizga ustoz, do‘st va aka edi", deyiladi tahririyat nomidan yo‘llangan nomada.

Rizo Obidov Andijon qirg‘inidan keyin O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan o‘zbek jurnalistlaridan biri edi.

U asos solgan "Zamondosh" vebsahifasi demokratiya va so‘z erkinligiga xizmat qilishini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan va O‘zbekistonda taqiqlangan o‘nlab mustaqil nashrlardan biri edi.

O‘tgan oy o‘zbekistonlik boshqa bir taniqli mustaqil jurnalist, hozirda ishi to‘xtatilgan uznews.net xabarlar saytining muharriri Galima Buxarbayeva "Zamondosh" saytini Gollandiyada sudga berganini aytgan edi.

Galima Buxarbayeva "Zamondosh" u haqida yozgan maqolalarni rasman rad etishi va unga moddiy tovon to‘lashini talab qilgan edi."Zamondosh" Galima Buxarbayeva tomonidan ilgari surilgan ayblovlarni rasman rad etgan edi.

Ayni paytda "Zamondosh" tahririyati vebsayt faoliyati tugatilgani haqida xabar tarqatdi.

"Tahririyat a‘zolarining o‘zaro kelishuvi bilan shu qarorga kelindi. 2007-2016 yilda biz bilan birga bo‘lgan "Zamondosh"ning barcha o‘quvchilari, muxbirlari va hamkorlariga minnatdorchilik bildiramiz", deyiladi xabarda.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq