Ovro‘poda Islomofobiya avj olmoqdami?

Image copyright bbc

Islom, musulmonlar va ularga qarshi yovqarash mavzusini o‘rganuvchi qator tashkilotlar "Ovro‘po mamlakatlarida islomofobiya" nomi ostida yillik hisobotning ilk nashrini taqdim etdilar.

Mualliflar Irqiy kamsitishni yo‘qotish Xalqaro Kuni, deya qabul qilingan kun arafasida ayni amalga qo‘l urishgan va bu kabi hisobotni endilikda har yili chop etib borish istagida ekanlarini aytishgan.

Bu gal Ovro‘podagi 25 mamlakatda islomga qarshi yovqarash muammolari o‘rganilib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Hisobot mualliflaridan biri Avstriyaning Zaltsburg universitetida sotsiologiya fanlari doktori Farid Hafizning Bi-bi-si bilan suhbatda aytishicha, bu mavzuda tadqiqot o‘tkazishga ehtiyoj anchadan beri bor edi.

Farid Hafiz: Bundan 10-15 yilcha avval ham bir nechagina mamlakatni o‘z ichiga olgan islomofobiya mavzusiga bag‘ishlangan ikki hisobot chiqarilgandi. Lekin bu jarayon yillik ko‘rinish olmagan. Hozirda islomofobiya haqida gapirlganda, ko‘pincha "qani, raqamlarni ko‘rsating", degan talabni ilgari surishadi. Biz endilikda bu kabi hisobot bilan siyosatchilar va fuqaro jamiyatlari bilan ishlovchi tashkilotlarga islomofobiya haqida aniq ma‘lumot va raqamlarni taqdim etishga bel bog‘ladik. Avvalgi hisobotlar atigi bir necha mamlakatni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, bu gal Ovro‘po bo‘ylab kengroq manzarada bu muammoga e‘tibor qaratishga harakat qildik.

Bi-bi-si: Demak, siz kabi mutaxassis nazaridan qaralsa, islomofobiya nima? Uni qanday ta‘riflagan bo‘lardingiz?

Farid Hafiz: Albatta, islomofobiya deganda odamlar nimani tasavvur qilishlari haqida bahslar mavjud. Shuning uchun bu borada gap yuritganda siz aynan nimalarni nazarda tutishingizni aniqlashtirish kerak, albatta. Islomofobiyaga biz berayotgan ta‘rif shunday - bu butun boshli musulmon aholisiga qarshi qaratilgan irqchilik. Biz islomofobiya haqida gap yuritganimizda bu - bir guruh insonlarning "olabo‘ji" yaratib, boshqasi ustidan o‘z qudratini o‘rnatib, bu qudratni baqarorlashtirib, kengaytirish urinishidir. Yana shunisi e‘tiborga loyiqki, bu "olabo‘ji" guruh mamlakatda mavjud bo‘lmasligi ham mumkin, lekin xayoliy ravishda hosil qilinib, irqchilar tomonidan Islom qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi yolg‘on tasavvurlarni uyg‘otish, unga qarshi harakatlar shaklida ham kuzatilishi mumkin.

Image copyright BBC World Service
Image caption "Оврўпода Исломофобия" ҳисоботи муаллифларига кўра, бу иллат мусулмонларга қарши ирқчиликдир.

Bi-bi-si: Hisobotingizning asosiy xulosalari nimalardan iborat?

Farid Hafiz: Umuman aytganda, biz avval islomofobiya darajasi o‘rganilmagan mamlakatlarga ham e‘tibor qaratdik. Shu narsani ko‘rish qiziqarli ediki, yaqinda butun Ovro‘po bo‘ylab bahslarga turtki bergan uch oxirgi hodisa, bu Parijdagi ikki hujum va qochqinlar bilan bog‘liq inqiroz bo‘lgan. Hatto musulmon aholisi deyarli mavjud bo‘lmagan Sharqiy Ovro‘po davlatlarida ham ana shu uch hodisa asosida bu mavzuda bahslar qizigan. Bir misol keltiray, Chexiya prezidenti qochqinlar bilan bog‘liq inqirozni "Musulmon birodarlari" tomonidan rejalashtirilgan ig‘vo, deya aytgan. Ko‘ryapsizki, musulmonlar bo‘lmasa ham islomofobiya mavjud bo‘lgan holatlarni ko‘ryapmiz.

Bi-bi-si: Siyosatchilar bu kabi qadamga nima uchun boradilar, deb o‘ylaysiz, Ya‘ni, hali mavjud bo‘lmagan narsadan "olabo‘ji" yasash?

Farid Hafiz: Gap shundaki, G‘arbiy Ovro‘po davlatlarida populist va o‘ng qanot partiyalar bu mavzuni ko‘tarib, muvaffaqiyatga erishgan holatlari bo‘lgan. Mana Fransadagi "Milliy front", Avstriyadagi "Ozodlik partiyasi" yoki eng oxirgi misol Olmoniyadagi AFD "Muqobil partiya". Ularning hammasi islomofobiya hislarini qo‘zg‘atib, saylovchilarni og‘dirishga muvaffaq bo‘lgan partiyalarga misoldir.

Bi-bi-si: Bu kabi urinishlar omma orasida ham islomofobiyaning kuchayishiga olib kelganmi? Hisobotingizda bu haqda ma‘lumotlar bormi?

Farid Hafiz: Islomofobiya kuchaygani yoki pasaygani haqida gapira olmaymiz, chunki avval bu kabi hisobot bo‘lmagan va ikkinchidan biz son emas, umumiy muammo haqida so‘z yuritmoqdamiz. Ya‘ni, biz matbuotda bu muammoning yoritilishi, siyosiy bahslarda ko‘tarilishi va shuningdek, bu boradagi qonunlarga nazar tashlamoqdamiz. Ya‘ni terrorizm va zo‘ravonlikka qarshi, deb kiritilayotgan qonunlar musulmon jamoasi hayotiga ne qadar ta‘sir qilayotganiga ham e‘tibor qaratdik. Bundan tashqari kiber fazoda g‘oyalarning tarqashi va ko‘cha darajasida alohida shaxslarga qarshi nafrat hujumlari kabi ko‘rinishlarga ham e‘tibor qaratmoqdamiz.

Bi-bi-si: Avvalroq siz islomofobiyani irqchilikning ko‘rinishi, deya ta‘rifladingiz. Bilamiz irqchilik ko‘plab mamlakatlarda noqonuniy hisoblanadi. Insonlarni ularning diniy e‘tiqodi yoki irqiy belgilari asosida kamsitish taqiqlangan. Endilikda islomofobiya borasida ham alohida qonunlar kiritilishi kerak, deb hisoblaysizmi?

Farid Hafiz: Bu bilan biz hech qanday yangilikni kashf qilayotganimz yo‘q. Ovro‘po Ittifoqining har bir mamlakatida diniy e‘tiqodi asosida kamsitish allaqachon taqiqlangan. Shuning uchun siyosatchilar va boshqa hamma shu vaqtgacha o‘zlari o‘rnatgan qadriyatlarga rioya qilishlarining o‘zi kifoya. 2003 yili kiritilgan kamsitish haqidagi qonunga to‘liq rioya qilinishi kerak. Lekin nafrat asosidagi jinoyat bandi bo‘la turib, musulmonlarga qarshi bu kabi holat qayd etilsa, bu alohida kategoriya sifatida ko‘rilmaydi. Shuning uchun biz hukumatlar va odamlarni bu ko‘rinishni alohida jinoyat kategoriyasi deya tan olinishiga undamoqdamiz.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring