Moskvada noqonuniy muhojirlarga 'ov' boshlandi

Moskva shahri va Moskva viloyatidagi gavjum bekatlarda Rossiya Federal Migratsiya xizmati xodimlari patrul xizmatini yo‘lga qo‘yganlar.

Federal Migratsiya xizmati matbuot xizmati xabar berishicha, ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad, Rossiya hududida noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib yurgan muhojirlarni aniqlash.

Migratsiya xizmati nega aynan hozir muhojirlik nazoratini kuchaytirishga qaror qilingani sababini tushuntirmagan.

Buning uchun metro bekatlari yonida migratsiya xizmatining maxsus avtomobillari qo‘yilgan, bu avtomobillarda texnik jihozlar o‘rnatilgan.

Ular yordamida Federal Migratsiya xizmatining ma‘lumotlar bazasi bilan bog‘laniladi va muhojirning Rossiyada ishlashiga izn beradigan barcha hujjatlari joyida ekani yoki yo‘qligi tekshiriladi.

Muhojirning barmoq izlari migartsiya xizmati ma‘lumotlar bazasida bor-yo‘qligi aniqlanadi.

Moskvadagi "Muhojirlik va qonun" tashkilotining raisi, huquqshunos Yulduz Otaniyozovaning Bi-bi-siga aytishicha, bu reydlar Prezidentga hisobot berish oldidan Federal Muhojirlik xizmatining odatdagi o‘tkazadigan tadbiri hisoblanadi. "Har uch-to‘rt oyda shunday amaliyotlar o‘tkazilib, mana biz shu ishlarni qilyapmiz, noqonuniy muhojirlarni ushlayapmiz. Biz mamlakatga kerak idoramiz", deyish uchun qilinadi, deydi Yulduz Otaniyozova. "Bundan tashqari hozir bahor, muhojirlarning qo‘lida pul bor. Qo‘lga tushgan taqdirda ular jarimalarni to‘lay oladilar. FMX bundan albatta foydalanadi".

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Federal Migratsiya xizmati esa shu yo‘l bilan muhojirlarga Rossiya qonunchiligi talablarini tushuntirishni, huquqbuzarliklar oldini olishni maqsad qilganini aytmoqda.

“Muhojirlarda migratsiya xizmatining vakillari bilan bevosita muloqot qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savolllarni berish va “birinchi qo‘llardan” javob olish imkoniyati bo‘ladi”, demoqda Rossiya migratsiya xizmati.

Bugun tarqalgan xabarlarga ko‘ra, FMXning faoliyati tugatilib, vazifalari bir nechta tashkilotga taqsimlanishi rejalashtirilmoqda. O‘tkazilayotgan reydlar xizmatni tugatmaslikka vaj ko‘rsatish ham bo‘lishi mumkin. Biroq, FMS o‘zini oqlay olmadi,- deydi Moskvadan huquqshunos Yulduz Otaniyozova.

Ayni paytda so‘nggi yillarda ilk bor Rossiya hududida mehnat muhojirlariga nisbatan munosabat yaxshilangani kuzatilgan.

VTsIOM omma fikrini o‘rganish tashkilotining yaqinda o‘tkazilgan so‘rovi ana shunday natijani bergan."Agar 2006 yilda faqat 39 foiz rossiyaliklar kommunal xizmatlarda mehnat muhojirlarining foydalanilishiga ijobiy munosabat bildirgan, 42 foiz maishiy sohalarda xorijiy ishchi kuchlarni ishlatishni yoqlagan bo‘lsa, 2016 yil martda bu ko‘rsatkichlar 53 va 50 foizga ko‘tarilgan", deb qayd etadi sotsiologlar.

Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz va G‘arb kiritgan jazo choralari orqasidan ko‘plab markaziy osiyolik muhojirlar ortga qaytishga majbur bo‘lganlar.

O‘tgan qish mavsumida Rossiyaning qator shaharlarida ko‘chalarni qor-muzlardan tozalashda ishchi kuchi yetmasligi bois, markaziy ko‘chalarda ham murakkabliklar yuzaga kelgan. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda mehnat muhojirlarini ortga qaytishga chorlovchi videoroliklar ham paydo bo‘lgandi.

Bi-bi-siga gapirgan ba‘zi mehnat muhojirlari oxirgi paytlarda Moskvada o‘zlariga munosabat yaxshilanganini qayd etganlar.

Biroq Rossiyada ishlashga ruxsat olish uchun ketadigan xarajat qimmatligi ko‘p muhojirlar noqonuniy ishlashni ma‘qul ko‘radilar.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq