Munosabat: O‘zbekiston davlati nimadan qo‘rqadi?

Image copyright social media
Image caption "Davlat siyosatiga qarshi so‘z..."

Bi-bi-si suhbatlashgan o‘zbekistonlik jurnalistning so‘zlariga ishonadigan bo‘lsak, O‘zbekiston hukumati “vosvos” kasaliga chalinganday ish tutmoqda.

Ammo O‘zbekiston hukumati uchun inson haqlari va erkinliklarini “xavfsizlikni ta‘minlash” bahonasi bilan toptash yangilik emas.

O‘zbekiston transport vositalari, xususan metroda yangi e‘lonlar paydo bo‘lgan.

Bu kabi e‘lonlarda ogohlikka da‘vat qilinadi.

Turfa terrorchi amallar ehtimoliga qarshi har bir o‘zbekistonlik hushyor turishi shartligi urg‘ulanadi.

Ammo ayni shu e‘londa “davlatimiz siyosatiga qarshi so‘zlar” aytilganida ham huquq-tartibot xodimlariga xabar berish lozimligi ta‘kidlanadi.

Aleksey Volosevich o‘z internet nashrida ayni shu jumlani mamlakatda qonun bilan ta‘minlangan so‘z erkinligini terrorchi amalga teng qilinganidan qayg‘uradi.

Ammo mustaqil O‘zbekiston tarixida hech qachon so‘z erkinligi ta‘minlanmagani nazarda tutilsa, qayg‘urishga ham hojat yo‘qday...

Shunda ham, tasavvur qiling, “davlatimiz siyosatiga qarshi so‘z” deganda nima nazarda tutilmoqda?

Masalan, Toshkent metrosidadagi yo‘lovchilardan biri - asli viloyatlardan kelib, poytaxtda 20 yildan beri yashayotgan shifokor o‘z do‘stiga qarata, “qonunlar ham qiziq, ota-onam kelishmoqchi edi qishloqdan bayramga, endi ularni melisaga olib borib, ro‘yxatdan o‘tkazar ekanman, nima degan gap bu”, deb qolsa... Uning bu aytganlari “davlat siyosati”ga qarshi, shunday emasmi?

Chunki bu shifokor, shukr qilmayapti, norozi bo‘layapti metro eshigiga davlat yozib qo‘ygan e‘londan?

Aleksey Volosevich: Albatta! Deylik, Toshkent markazidagi keksa daraxtlarni kesib ketishmoqda, kimdir soya-salqinni qo‘msab, bundan norozi bo‘lib, nimadir deydi...Bu kishining aytganlarini ham davlat siyosatiga qarshi gapirding deb talqin qilish mumkin! Ya‘ni, qayerdagi hukumatni, hokimiyatni tanqid qilsangiz, bu yerda aytish kerakki, nafaqat Toshkentda o‘tirgan hukumatni, balki tumanlardagi hokimiyatlarga ham sal tegib ketsangiz va yo tanqid qilsangiz, tamom, bu ham “davlat siyosatiga qarshi” deb talqin qilishini tabiiy!

O‘zbekiston Shimoliy Koreyani ortda qoldirmoqdami?

Image caption "Daraxtlar kesilishidan norozilik ham davlat siyosatiga qarshi deb talqin qilinishi mumkin..."

Bu misli ko‘rilmagan mantiqsizlik bilan, kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati Shimoliy Koreyani “changgida qoldirmoqda”. Ammo Aleksey Volosevichga ko‘ra, “terrorchilikka qarshi da‘vat”ga “davlat siyosatiga qarshi” degan talqinning kirib qolishi, ayrim mulozimlar tomonidan “salla keltir desa, kalla keltirish” qabilida ish ko‘rish bo‘lishi ham mumkin.

Toshkentdagi transport vositalariga yopishtirilayotgan bu ogohnoma ehtimol, alohida bir, tepadan sal pastroqda o‘tirgan rahbarlarning “jonbozligidir”, lekin O‘zbekiston poytaxtiga viloyatdan kelganlarni besh kundan ortiq tursa, ro‘yxatdan o‘tkazish shartligi kabi mamlakatning asosiy qonuniga yot bo‘lgan qarorni Vazirlar Mahkamasi qanday izohlaydi?

Bi-bi-si ayni savolga javob izlab O‘zbekiston Vazirlar mahkamasiga sim qoqib ko‘rdi. Urinishlarimiz samarasiz ketdi.

Aleksey Volosevich: Ha, shunaqa qaror bor. O‘zbekiston o‘ziga xos bir davlat. Bizda, jamiyatimizda “vosvos” bir boshlandimi, tamom, bu faqat avj oladi, xolos.

Bi-bi-si: Aleksey, bu “vosvos” nima bilan bog‘liq? Masalan, Toshkentdagi o‘g‘lini va yo qizini ko‘rgani keladigan 60 dan oshgan otaxonu onaxonlarni militsiya ro‘yxatga olgani bilan nima o‘zgaradi? Balki hukumat ko‘plab qishloqlarda qishin yozin ishsizlik, gazu chiroqsizlik va hatto suvsizlikdan qiynalgan aholi Toshkentga og‘irlik qilishidan qo‘rqayotgandir? Yoki ekstremistlar faqat qishloqlarda qolganmi?

Aleksey Volosevich: Menimcha, hukumatdagilar viloyatlardan keladigan ishsiz yoshlardan qo‘rqadi. Tasavvur qiling, katta sondagi ishsiz yoshlar Toshkentga to‘planishadi. Ish yo‘q. Ehtimoliy norozilik namoyishlarini nazarda tutish kerak. Hukumat shundan qo‘rqadi. Rangli inqiloblarda asosan ishsiz yoshlar ishtirok etishgan. Rangli inqiloblarda asosan hukumatlar yiqitilgan. O‘zbekiston hukumati buni istamaydi. Bunaqa siyosat 1992 yilgi talabalar qo‘zg‘olonidan beri olib boriladi. O‘shanda Toshkentdan aksariyat talabalarni viloyatlarga chiqarib yuborishgandi. Rangli inqiloblar ham o‘rganilgan tepada...Hukumatdagilar yaxshi bilishadi, odatda namoyishlarchilarning asosiy qismi chetdan kelgan ishsiz yoshlar bo‘lgan. Ana shunday qilib Toshkent o‘zbekistonliklar uchun “yopiq” qolmoqda. Ammo agar Toshkentda 1999 yili “propiska”ni cheklab qo‘yishmaganda, hozir poytaxt aholisi 2 million emas, 5 – 6 million bo‘lar edi. Bu Markaziy Osiyodagi eng yirik shaharga aylantirardi Toshkentni...Toshkent mintaqaning biznes va iqtisodiy markaziga aylanishi mumkin edi...

Qadrli mushtariy, Siz O‘zbekistonda yashaysizmi?

Sizningcha, e‘lonlardagi “davlat siyosatiga qarshi so‘z” deganda hukumat nimani nazarda tutmoqda?Siz metro yoki avtobusda o‘tirsangiz, “davlat siyosatiga qarshi so‘z”ni qanday tanigan bo‘lardingiz?Bu haqda huquq –tartibot xodimlarini ogohlantirgan bo‘larmidingiz?
  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq