Tog‘li Qorabog‘: halok bo‘lganlarning soni ortmoqda

Image copyright BBC World Service

Armaniston va Ozarbayjon mudofaa vazirliklari Tog‘li Qorabog‘da 1 apreldan 2 aprelga o‘tar kechasi otishmalar boshlanib ketgani, insonlar halok bo‘lgani haqida xabar tarqatmoqdalar. O‘lganlar orasida bolalar borligi aytilmoqda.

Dastlab Armaniston tarafi Ozarbayjon qurolli kuchlari bir necha yo‘nalishda hujum boshlaganliklari, harbiy qismlar hamda aholi maskanlari zambarak hujumlariga tutilgani haqidagi xabarlarni tarqatgan.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi o‘rtada imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Armaniston tomonidan buzilgani, Ozarbayjon hududidagi tinch aholi yashaydigan joylar minomyotlar hujumi nishoniga olinganini xabar qilgan.

Ikki tomon ham insonlar halok bo‘lgani haqida aytmoqda. Oxirgi ma‘lumotlarga ko‘ra, Ozarbayjonning tikuchar va tankda bo‘lgan 12 harbiysi halok bo‘lgan.

Image copyright AP

Ayni vaqtda Armaniston tomonidan o‘lganlar va yaradorlar soni 100 dan ortgani haqida xabarlar bor. Armiyaning olti tank, 15 artilleriya vositasi yakson qilingan.

Armaniston Ozarbayjon Mudofaa vazirligi tarqatgan bu xabarlarni tasdiqlamagan, ularni dezinformatsiya deb atagan.

Armaniston oldinroq Ozarbayjon harbiy tikucharini urib tushirgani haqida xabar tarqatgan.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi esa tikuchar haqidagi xabarni rad etgan edi.

  • Tog‘li Qorabog‘

Tog‘li Qorabog‘ urushi 1988 yili boshlangan. Biroq bu hududda yashab kelgan nasroniylar va musukmonlar o'rtasidagi yer uchun qarama-qarshiliklar 100 qillarga borib taqaladi.

Aholisining aksarini armanlar tashkil qilgan Tog‘li Qorabog‘ Muxtor viloyati Ozarbayjon tarkibida bo‘lgan.

Armanlarning Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjon tarkibidan olib chiqib Tog‘li Qorabog‘ respublikasini tashkil qilish g‘oyasi qonli hodisalarga sabab bo‘lgan.

1994 yilgacha davom etgan urush oqibatida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ bilan birga o‘zining yetti tumani ustidan nazoratni yo‘qotgan.

Tog‘li Qorabog‘ o‘zini respublika deb e‘lon qilgan, biroq bu respublika xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan.

1992 yildan buyon Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal etish maqsadidagi muzokaralar davom etmoqda.

Ozarbayjon o‘zining hududiy yaxlitligi ta‘minlanishini talab qiladi.

Armaniston e‘tirof qilinmagan respublika tarafini olib keladi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ikkala tomonni mojaroni zudlikda hal qilishga chaqirgan.

"Rossiya Ozarbayjon va Armanistonni bosiqlikka chaqiradi va Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha OHHT ning Minsk guruhi hamkorlari bilan maslahatga kirishdi", deb xabar bergan Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq