“Koreyaga pora bilan ham, porasiz ham ketishmoqda...”

Image copyright mehnat.uz
Image caption Yaqinda O‘zbekiston va Janubiy Koreya mehnat muhojirligi haqidagi yangi bitimga erishishdi.

Yaqinda O‘zbekiston va Janubiy Koreya mehnat muhojirligi haqidagi yangi bitimga erishishdi.

Memorandum 31 mart kuni Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vaziri Li Gi Kvonning Toshkentga safari chog‘ida imzolangan.

Memorandum tafsilotlari noma‘lum, ammo o‘zbek matbuotining yozishicha, yangi hujjatda O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga ko‘proq ishchilar yuborish va ularning malakasini oshirishga doir bandlar bor.

2013 yilda Rossiyadagi o‘zbek muhojirlarini "dangasalar" deb atagan Prezident Karimov Janubiy Koreya bilan mehnat muhojirligini rivojlantirishga doir qarorni imzolagandi.

Undan maqsad ayni sohada "o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish" ekani aytilgan.

Prezident vazirlik va mahalliy hokimiyatlarga ishchilarni yollash va sinovdan o‘tkazishda ko‘mak ko‘rsatishga buyruq bergan.

Qarorda aytilishicha, O‘zbekiston fuqarolari bandlik va malakani baholash tizimi bo‘yicha sinovda ishtirok etish uchun to‘laydigan badal "Koreya Respublikasi Insoniy zahiralarni rivojlantirish bo‘yicha agentligining daromadi hisoblanadi va O‘zbekiston hududida soliqqa tortilmaydi".

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida mehnat muhojirligi 1990-yillarning boshidan yo‘lga qo‘yilgan.

Har yili minglab o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyaga ishlash uchun yuboriladi.

Mahalliy kuzatuvchilar Mehnat vazirligi tomonidan nazorat qilinadigan jarayonning o‘ta korruptsiyalashgani va hatto jinoiylashganini aytishadi.

O‘zbekiston matbuoti Koreyaga ishlash uchun jo‘natish maqsadida odamlardan pora olgan shaxslar va bandlik xizmati xodimlari bilan bog‘liq o‘nlab jinoyat ishlari haqida xabar bergan.

Biz mushtariylarimizdan Janubiy Koreyaga mehnat muhojirligi jarayoni qanchalik ochiq va shaffof ekani, bu mamlakatga ishga ketish uchun mas‘ullarga pora berish hollariga guvoh bo‘lishganmi yo‘qmi, deb so‘ragan edik.

Shuningdek, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining ahvolini yaxshilashga doir mushtariylarning fikrlarini o‘rgandik.

BBCUZBEK Facebook

( Fikr-mulohazalarning aksariyati tahrirsiz berilmoqda –tah.)

Farkhod Abdurakhmonov: Men iqtisod sohasida ikkita (bittasi oliy ma‘lumotlilik to‘g‘risida O‘zbekistondan va ikkinchisi iqtisod fanlari magistri-xorijdan) imtiyozli diplomga va undan tashqari bir necha yillik ish tajribaga ega bo‘lishimga qaramasdan, 2010-2012 yillar, ya‘ni ikki yil davomida ishsiz qolib ketdim. Agar Internetdagi va boshqa matbuot vositalaridagi e‘lonlar bo‘yicha ariza topshirganlarimni sanab chiqsam 200 dan oshib ketadi, iqtisod, moliya, bank strukturalariga, jumladan, 10 ta vazirlikka ularning e‘lon qilgan vakansiyalariga ishonib hujjat topshirganlarim hammasi javobsiz, natijasiz qolgan. Umuman ish qidirish jarayonidagi voqe‘alar, o‘sha paytdagi hayotimni yozsam katta bir asar yaratiladi. O‘zimizda ish qidirib topolmagandan, ya‘ni ishga olishmaganlaridan keyin hafsalam pir bo‘lib, mayli qora ish bo‘lsa ham Koreyaga boraman deb shu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi Agentlik idorasiga tashrif buyurgan edim. O‘sha paytda 2011 yil Agentlik Talabalar shaharchasi atrofida joylashgan edi. Darvozasiga yaqinlashganim bilan 2-3 ta korchalonlar qarshi olib savolga tuta ketishdi, men maqsadimni aytganimdan keyin ular bu ish xarajatsiz bitmasligini va xohlasam yordam ko‘rsatishlarini bayon qilishdi. Men ularga o‘zim bir yildan beri ishsiz ekanligim va qarz hisobiga yashab yurganligim, maqsadim Koreyaga borib pul ishlashligini aytganimda, mayli o‘ziz bilasiz hujjatlaringizni ichkariga kirib topshirishingiz mumkin, lekin borolmaysiz deyishgandi. Men haqiqatda vaziyatni ko‘rib hujjat topshirishim befoyda ekanligini his etdim va hech narsa qilmasdan qaytib keldim. Keyin u yoq bu yoqlardan surishtirdim, ularning Internetdagi sahifalari bilan qiziqib ko‘rdim va ularning faoliyatlari ochiq, shaffof emasligiga guvoh bo‘ldim. Hozirgi holatidan xabardor emasman. Kimnidir bu ishda pora olganligini ko‘rmaganman ammo barcha sohalarda korruptsiya va poraxo‘rlik hukm surgan bir paytda mazkur Agentlik bundan chetda turgan deyish mantiqsizlikdir. O‘zbekistondagi mehnat muhojirlarining ahvolini yaxshilash to‘g‘risida Hukumatimiz ancha ilgari, ya‘ni 20 yillar oldin harakat etishi lozim edi. Agarki, o‘zimizda real ish joylarini yarata olmas ekanlar, hech bo‘lmasa aksariyati Rossiyaga ketib qolgan muhojirlarning huquqlarini himoya etish uchun Rossiya Hukumati bilan davlatlararo bitim tuzishlari kerak edi. Kech bo‘lsa hamki bu ishni amalga oshirish kerak. Bitimda fuqarolarimizning mehnat sharoitlari xuddi Rossiya fuqarolari kabi bo‘lishligi xususida kelishib olish lozim. O‘zaro bitim ikkala tomon parlamentlari tomonidan tasdiqlangandan so‘ng, ya‘ni qonuniy kuchga ega bo‘lishi bilan fuqarolarimiz qaysi bir korxonaga ishga borsalar hammasi qonun asosida rasmiylashtiriladi. Xususiy shaxslar xonadonlarida ishlash holatlari bo‘lsa bu masalalarni ham bitimda nazarda tutish kerak. Qisqacha aytganda, mehnat qonunchiligi bilan, shuningdek, inson huquqlariga bog‘liq barcha masalalar o‘zaro kelishilib qonuniylashtirilishi talab etiladi. Xuddi shunday bitimlar tegishlicha boshqa davlatlar bilan ham tuzilishi darkor. Shundagina yillar davomida himoyasiz qolib ketgan va turli qiyinchiliklar, azoblarga duchor bo‘lgan fuqarolarimiz Rossiyada yoki Qozog‘istonmi yoxud boshqa davlatdami emin-erkin ishlashga, o‘sha yurtning barcha joylarida erkin harakat qilishlariga sharoit yaratiladi. Endi ba‘zilar YevroOsiyo Ittifoqiga O‘zbekiston qo‘shilsa mehnat muhojirlariga avtomatik tarzda qulayliklar yaratiladi deyishmoqda, bu bir tomondan to‘g‘ri albatta, ammo mazkur Ittifoqqa qo‘shilish bu nafaqat iqtisodiy balki ko‘proq siyosiy masaladir. Agarki, O‘zbekiston o‘z kelajagini, strategik maqsadlarini Rossiya bilan yoki YevroOsiyo ittifoqi hamkorligida ko‘radigan bo‘lsa, u holda buni o‘ylab ko‘rish lozim. Bu alohida muhokama etiladigan mavzudir.

Abdulla Usmanov: Xaqiqatni yozibsiz, bizda inson kadri faqat pul bn o‘lchanadi. Korruptsiya poraxo‘r gazandalarni deb vatandan chiqib ketvotgan qancha.

Baxrom Abduraximov: Biz poraxo‘r emasmiz aslo, bor yo‘g‘i pora berish qon-qonimizga singib ketgan - pora berishga moyillik kasaliga duchor bo‘lgan kishilarmiz xolos, aynan ana o‘shanaqalarga borish oson bo‘lsa ajab emas !!!

Farrux Mayusupov: Man ketishga harakat qilmoqchiman, shuning uchun o‘qiyapman, Olloh nasib qilsa ketaman, ishonaman

Iap Pia: Maqtanish emas, o‘z kuchim va mehnatim bilan 2 etap bo‘lib test sinovlaridan o‘tdim va Koreyada ishlash huquqiga ega bo‘lib 2014 yil aprel oyidan ish boshladim. Hukumatimizga rahmat. Lekin pora evaziga kelganlarni eshitganman. Hozirda ishlab yurishibdi.

Abdufattoh Kamalov : Bizda hukumat a‘lo, faqat hukumatning xalq bilan omadi chopmagan...

Dilmurod Mansurjonov: Poramas dollar berib ketadi odamlar

Muxammad Shakur: Fermerlarga berilgan yerlarning atigi 6 foizi qishloqda yashayotgan oilalarga 1 gektardan bo‘lib berilsa 2 million kishini ish bilan ta‘minlasa bo‘ladi. Ustiga-ustak chegaradan meva-sabzovodni erkin olib chiqish ta‘minlansa ishlar ancha yurishib ketib, Rossiyada sarson bo‘lib yurganlarning qaytib kelishi ta‘minlanar edi. BBCUZBEK Odnoklassniki

Maxmud Xolmurzayev: Baribir pora oladi ketishni iloji yuk kup xarajat kup joyga uchrashish yugir yugiri kup deb eshitganman ammo borishni judaxam xoxlardim iloji busa orzuga ayb yukku

XARLI MAROKKANOV URSVDT W13: Koreyaga ketish uchun sariflangan pulga och kornim tinch kulogim deb bita mashena olib taksi chilik kilib ishlaganga kelmaydi

Eduard Yazdanov:Karimov tugri siyosat olib borganida edi xalki uz yurtida ish bilan taminlangan bulardi.Isboti shuki Uzbekistonning 90%erkaklari daromadi chetda mardikorchilikdan asosan Rossiyada. Xatto ayollari xam mardikor chetda. Men mardikorning puli xarom demadim Karimov maktovga arzigulik ish kilgan emas demokchiman

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq