“Gumrohmisan, sotqinmisan, xoinmisan...nimasaan?”

Image copyright Thinkstock
Image caption Diqqat! Suratga olmoqdamiz!

O‘zbekkino deganlari olayotgan filmlarni mohiyatan inkubatorga o‘xshatish mumkin, bilasizmi nimaga? Albatta bilasiz, hammasi bir xil bu kinochilarning “zakkaz kinolarida”! “O‘zga yurtda shoh bo‘lgandan ko‘ra, o‘z yurtingda gado bo‘l” degan shukronachilarning maqolini kinochilarga shior qilib berishgan shekilli, har bir kino o‘zbekistonliklarni...qo‘pol qilib aytsam, gado bo‘lsang ham, xor bo‘lsang ham shu vatanni sev, hukumatni hurmat qil, qo‘rq va churq etma ... degan qarashga tobe qilishga urinadi. Shuning uchun bu kinolardagi “gumroh”larga hatto “o‘z uyida o‘lish ham nasib qilmaydi”... Bu qarg‘ishu nafrat yog‘ida o‘zlari qovurgan taomni hammaga “edirishmoqchi” bo‘ladi. Rost, bunaqa taomni yeb ko‘radiganlar bor, maza qilib, orqasidan ko‘k choy damlab ichib, besh-olti kun ko‘cha – kuyda maqtanib yurmasa ham, bir chuqalab qo‘yishadi. Ma‘qullashadi. “Yaxshi, yaxshi, boplabdi...” deyiladi. Ayrimlar esa shundoq ko‘chaga chiqqani bilan nima ko‘rganishini unutishadi. Tashvish tiqilib yotibdi chor atrofda chunki... Ammo kinochilar ham charchashmaydi, O‘zbekiston havo yo‘llarining uchoqlari ham ... Biri, bu kinolarga ishonadigan bo‘lsak, chet eldan faqat murda tashiydi, ikkinchisi, ya‘ni kinochilar esa shu murdalarni suratga olib, kino qilish band! Yana qizig‘i, uzoqroqdan, Amerikadan uchoqda keladigan bechora o‘zbekning murdasi, ayrim holatlarda Rossiya o‘rmonlarida qolib ketadi! Qo‘rqmay bo‘ladimi, azizlar!? Bu kinolar g‘irt olabo‘ji (ujas) kinolar, axir! Keyin kinochilarni ham, ularga “zakkaz” berganlarni ham hurmat qilish kerak, shunday emasmi? Ana shu hurmat yuzasidan ham qilmagan ishingiz uchun “voy tovba, boshqa takrorlanmaydi, voy o‘lmasam, kechiringlar, man vatanimni sevaman, qurbon bo‘laman” deb aljirab berasiz, qutulasiz!

Ilhom keldimi va yo “yuqdimi”?

To‘g‘risi, bilmadim, yo ilhom keldi va yo bu kinochilarimizning, keling, rostini aytay – soxta va bachkana, g‘irt yolg‘on vatanparvarligi menga ham “yuqib” qoldi...Ishqilib, men ham o‘tirvolib stsenariy yozib tashladim.

Ammo yozishdan avval bizda ishlanayotgan kinolarga munosabatlarni yaxshilab o‘rgandim. Voy, yelkasida bo‘yinning davomi emas, kalla ko‘tarib yurganlar bu kinolarni shunaqa so‘kishibdi, shunaqa so‘kishibdi...Tovuq bo‘lsa patiga qo‘shilib, po‘sti ham shilinib tushardi!

Ayrimlar bu rejissyorlar vaqti kelsa, xalq oldida javob beradi, deb po‘pisa qilibdi.

Lekin, ochig‘ini aytsak, ayrim turdagi odamlaru ijodkorlar shunaqa moslashuvchan bo‘lar ekanki, hamma zamonlarda maza qilib yashashar ekan!

Bir paytlar kommunist tuzumni yotvolib ham, turvolib ham, o‘tirvolib ham maqtaganlar bugun “mustaqillik” deb tomoq yirtishmoqda! Mayli, keling, mening stseraniyimni o‘qib ko‘ring, qani nima kamu, nimam ko‘p?

Film nomi: “Gumrohmisan, sotqinmisan, xoinmisan, nimasaan?”

Film ijodkorlari: ( rejissyor mejissyor va chiroq ustasiga qadar) OILAVIY PUDRAT nuqta uz!Bosh rollarda: Rejissyor va uning farzandlari

Tasvirda NAMUNALI UY. Matematika o‘qituvchisi uyiga ketmoqda. Uyi tupkaning tagida. Maktab ham tupkaning tagida. O‘qituvchining oyligi 700 000 so‘m. Uni ham plastikka o‘tkazivorishadi. Kunlardan birida qo‘liga kalkulatorni olib, hisob-kitob qiladi. Hamma xarajatlarini hisoblab ko‘rsa, o‘zidan o‘zi 700000 qarz bo‘lib qoladi! Kalkulatorni ko‘ttarib urmoqchi bo‘ladi. Ammo ...bu ham bir buyum. Nimaga qo‘limga tushding, kalkulator, deydi...Nimaga hisob qildim! Shartta ishdan bo‘shab keladi. Bir – ikki hafta uyda bekor qoladi. Xotini rosa koyiydi. Koyishda o‘zbek xalq maqollaridan, mamlakatimizning namunali qishloqlarida faollar ayollarimizning so‘z boyliklaridan istalgancha foydalaniladi. Keyin esa matematika o‘qituvchimiz shartta o‘rnidan turadi. Duoga qo‘l ochadi... ( Bu yog‘ini aniq tsenzura deganlari kesadi! Qanaqa duo, deydi soqol mo‘ylovini qoni chiqqancha qirtishlab olgan amaki, QATTA YaShAVOSSIZ? AFG‘ONISTONDA, SURIYaDA, IROQDA NIMA BO‘LGANINI BILASIZMI? QANAQA DUO?!!)…Matematika o‘qituvchimiz xuddi shu yerda bir cho‘chib tushadi va duoga ochilgan qo‘llarini ...bir-biriga yopishtirib, hindlarniki kabi ya‘ni va ...namaste! yo‘q, unaqamas, ishqilib, bir iloj qilib, osmonga qaraydiyu, nola qiladi... “Mening kosam qachon oqaradi???”

Osmon birdaniga yorishib ketadi. Ertasi kuni gazetada yangi qaror paydo bo‘ladi.

Qarorda esa... davlat narxida istalgancha dollar sotib olish mumkinligi yozilgan! Hamma bankka boradi, viza karta ochiradi, kecha tug‘ilgan va ertaga tug‘iladigan chaqaloqlarga ham cheklovsiz ravishda viza kartochkalari beriladi.

Buyoqdan dollarni olib, bozorga olib borib...bilasiz, nima qilishlarini... Ana shu qarorning o‘zi xalqning azaliy dardlariga malham bo‘lgani haqida, hukumatning bunyodkorlik ishlari to‘g‘risida nafaqat matematika o‘qituvchisi, balki...hamma sayrashga tushadi.

Keyin esa bu kinoda bosh rollarni o‘ynaganlar dam olishga Dubayga, Turkiyaga jo‘nab ketishadi, qimmatbaho do‘konlardan xarid qilishadi, dang‘illama uchastkalar qurishadi, jip moshinlar minib maza qivorishadi...Ammo...har bir o‘zbek kinosida bo‘lgani kabi, “to‘qlikka sho‘xlik” qilinmasa, o‘xshamay qoladi!

Shuning uchun matematika o‘qituvchimiz bosar tusarini bilmay qoladi. Yangi xotin oladi. Yana oladi, yana, yana va bundan Osmonning qahri keladi. Momaqaldiroq! Ertasiga esa yana namunali uy...Supa. Iphone. O‘qituvchi ne ko‘z bilan ko‘rsinki, yangi qaror chiqib turibdi. Terrorizmni moliyalashga qarshi kurash chora-tadbirlari sifatida BAA va Turkiyada xalqaro plastik kartalarida xorijiy valyuta to‘lovlari to‘xtatilishi haqida yangi qaror! Endi nima qilsin?!

Shartta o‘g‘ilchasi ( hayotda ham!) Qo‘chqorning qo‘liga plastikni berib, qo‘shni Qirg‘izistonning Qorasuv va Dordoy bozorlariga jo‘natadi. Haligi 110 metrlik tunnel orqali Qo‘chqor smartfonlarni O‘zbekistonga olib o‘tar ekan...adashib qoladi.

Keng dala. Tog‘ yonbag‘irlari. Shoqollarning ovozlari eshitaladi. Yarim tun. Dahshatli manzara! Shunda uzoqroqdan bir nur ko‘rinadi. Borsa o‘tov ekan. O‘tovda bir chol “Manas” kuylab o‘tiribdi. Chol qizini chaqiradi. Cho‘lponoy Qo‘chqorga qimiz uzatadi...Qimizni ichib u shirakayf bo‘ladi.

ORADAN IKKI OY O‘TDI.

Qo‘chqor xotini Cho‘lponoyga nimadir demoqda. Keng dala...Birdaniga osmonda burgut paydo bo‘ladi. Mag‘rur burgut. Qo‘chqor vatanini eslaydi... Esiga tushadi. Smartfonlar, vatan, namunali uy, otasi va plastik...

(Davomi bor)

O‘zbekistonlik kinosevar mushtariyPS ( mushtariydan) : stsenariyning davomini yozishvoradiganlar bo‘lsa, marhamat, ammo unutmang, bugun mamlakatimizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, qurilishlar va porloq kelajakning qariyb yaqinlashib qolgani haqida ko‘tarinki ruhiyat unda aks etishi shart!PPS (mushtariy muallifdan): O‘zbekkino rejissyorlari stsenariy huquqlari himoya qilinadi. Ko‘chirib bosish taqiqlanadi. Siz uchun davom ettirish ham taqiqlanadi. Umuman yaqin yo‘lamang!

Bu mavzuda batafsilroq