Aktyor Baxtiyor Qosimov olamdan o‘tgan

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Baxtiyor Qosimov og‘ir xastalikdan so‘ng, 63 yoshida vafot etgan.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, aktyor saraton kasalligidan ko‘z yumgan.

Marhum bugun Toshkent shahrida dafn etilgan.

Aktyor Baxtiyor Qosimov qator filьm va spektakllarda esda qolarli obrazlar yaratgan edi.

U "Olovli yo‘llar", "Tahdid", "Zarb", "Gumrohlar", "Sardor 3", "Parizod", "Uchar otlar", "Yodgor" kabi filьmlardagi rollari bilan keng tomoshabinlarga tanilgan.

Ayniqsa, aktyorning "Parizod", "Yodgor" filьmlarida yaratgan obrazlariga tanqidchilar ijobiy baho berishgan.

Baxtiyor Qosimov 2013 yilda "Bog‘" filьmidagi ijrosi uchun "Oltin Gepard" mukofotini olgandi.

Baxtiyor Qosimovning hamkasblariga ko‘ra, aktyor o‘z ishiga o‘ta talabchanligi, kasbiga vijdonan yondashishi bilan ajralib turardi.

Har bir rolini sinchiklab o‘rganib, o‘ziga to‘g‘ri kelmasa o‘ynamasdi, deyishadi ular.

Marhum aktyorning bu xislati jurnalistlarga bergan intervьyularida ham ko‘rinadi.

Jumladan, o‘tgan yili bergan suhbatlaridan birida O‘zbek teatr va kinosida bugun mavjud holatlarga xolis baho bergan.

" Teatrda avvalgidek muhit yo‘q edi, oldingi teatr, oldingi spektakllar yo‘qligi uchun 1993 yil teatrdan ketganman. Kinoda esa rejissyorlikka, kinoga aloqasi bo‘lmagan insonlar kirib kelishdi. Xususiy kinolarda juda kam o‘ynaganman. Stsenariy yuragimni jiz ettirmasa, hech qachon suratga tushmayman. Xususiy kinoda rejissyora kuchli emas, stsenariylar judayam bo‘sh. Ko‘p filьmlar bir-birini takrorlaydi. Aktyorlarda dard, zavq yetishmayapti. Rejissyorlarning o‘zi bilimli bo‘lmasa, kitob o‘qimasa, qanday qilib kuchli filьmlar ishlaydi? Ustoz ko‘rmagani uchun ham yosh aktyorlarimiz o‘zlarini kuchli deb biladi. Rollarini shoshib o‘ynab berishadida, yo telefon bilan band bo‘lishadi, yo yugurib to‘yga ketishadi. Bu holda qanday qilib yaxshi rol chiqarib berish mumkin? O‘zlaridan yoshi ulug‘ aktyorlarni nazar-pisand qilishmaydi. Teatr va kino san‘ati darg‘alarining ismi-shariflarini aytib berisholmaydi. O‘ttiz-qirqta rol ijro etib qo‘ydim, deyishadi. Soni bor, salmog‘i yo‘q! Kinoda adabiy tilimizni yo‘qotib qo‘yyapmiz”, deb kuyinib gapirgan edi aktyor.

Aktyor o‘zidagi barcha imkoniyatlarni namoyish etishga ulgura olmadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati marhumning oila a‘zolariga chuqur hamdarlik bildiradi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekb
  • bclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq