Baku: jamiyat Qorabog‘ uchun qurbon berishga tayyor

Image copyright Orkhan Sultanov
Image caption Bakuda "Qorabog‘ bizniki" shiori ostida namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Qorabog‘dagi harbiy to‘qnashuvlar to‘xtatilgani haqidagi xabar Bakuda hammani ham xursand qilmadi. Agar ko‘chalardagi uylar va mashinalar hali ham bayroqlar bilan bezatilgan bo‘lsa, tog‘liklar hali biror bayramni bunday nishonlamagan edilar. Ijtimoiy tarmoqlarda esa "qanday qilib, shu bilan hammasi tugadimi?" degan mazmundagi noroziliklar yangradi.

O‘tgan uch kun ichida odamlarning kayfiyati tubdan o‘zgardi: "urush boshlanayotgani" haqidagi xabarlar orqasidan paydo bo‘lgan qo‘rquv va xavotirdan, quvonchli hayajongacha.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligining mamlakat armiyasi raqib kuchlarini chekintirib, Talish qishlog‘i yaqinidagi bir nechta tepalikni qo‘lga kiritgani haqidagi xabar odatda munosabatlar turlicha bo‘lgan ozarbayjon jamiyatiga sehrli ta‘sir qildi. Odamlar o‘sha paytning o‘zidayoq, Ozarbayjon armiyasi qudrati va uning g‘alabasiga ishondilar.

"Birinchi bo‘lib kimnikiga boramiz, sengami yoki menikiga?"- so‘rashadi yarim jiddiy ohangda Qorabog‘ning turli tumanlaridan ko‘chishga majbur bo‘lganlar bir-birlaridan. Bir ozarbayjon jurnalistining aytishicha, "Feysbukni ochsam, u yerda ba‘zilar allaqachon Kelbajardan Yerevanga ko‘chib o‘tibdilar".

Chegara oldi qishloqlari yashovchilari bir ovozdan hech nimadan qo‘rqmasliklari va hatto urushga borishga tayyor ekanliklarini aytishdi.

"Biz qo‘rqmaymiz. Chunki, shundoq ham har doim otishmalar bo‘ladi. Bizning armiya g‘alaba qozonadi va nihoyat tichlik bo‘ladi",- deydi keksa dehqon.

Kimga ishonish kerak?

Aslini olganda, o‘sha kunlarda hamma xabarlar mudofaa vazirligi sayti va hukumatga qarashli saytlardan kelib tushdi. Va bu butunlay yetarli edi. Boisi, bu saytlar odamlar aynan qabul qilishga tayyor yangiliklarni tarqatdilar

Image copyright AFP
Image caption Qorabog‘ uchun jamiyat qurbonlarga ham tayyor.

Ikkinchi manbaa qarindoshlarga va mintaqadagi yaqinlarga qo‘ng‘iroq qilish edi. Biroq u yerdan bir-birini inkor qiluvchi xabarlar kela boshladi. Va "Fuzuliy bizniki!" ruhidagi bir nechta xabarlardan so‘ng, (Fuzuliy armanlar tomonidan qisman egallangan tuman markazi), nafaqat davlat tizimilari, balki internet foydalanuvchilarning o‘zlari ham bir-birlarini tasdiqlanmagan ma‘lumotlarni tarqatmaslikka chaqira boshladilar.

Ijtimoiy tarmoqlarda raqibning sharmandali mag‘lubiyatini isbotlovchi yolg‘on dalillarning barcha ko‘rinishlari paydo bo‘ldi. Lekin ozarbayjonliklarni hammadan ko‘p, yangiliklarni Armaniston tarafida turib yoritgan Rossiya ommaviy axborot vositalari g‘azablantirdi.

LifeNews jurnalistlari mamlakatdan chiqarib yuborildi, bu haqda Ozarbayjon mudofaa vazirligi ham o‘z saytida bildirdi.

Rossiya qo‘li

Image caption Minsk guruhi.

Qudratli davlatlarning mojarodagi roli bu kunlarda asosiy mavzulardan bo‘lib, hodisaning sabablaridan biri sifatida keng muhokama qilindi.

Qorabog‘dagi qaqshatqich otishmalarda Moskvaning qo‘lini ko‘rdilar va uni juda yaqin ko‘ringan g‘alabaga umidni barbod qilganlikda aybladilar.

Hodisalarning keyingi rivoji haqida gap borar ekan, aynan Rossiya vakillarining muzokaralarda ishtiroki ham tahlilchi va siyosatchilarni xavotirlantiradi.

Uy bekalaridan tortib deputat Elman Mamedovgacha OXHTning Minsk guruhidan hafsalasi pir bo‘lgani haqida gapirdi. Deputat Mamedovning aytishicha, "agar ular adolatli bo‘lganlarida, mojaro allaqachon yechilgan bo‘lardi". Qo‘shni Yerevan ham odamlar urush qaytalashi mumkinligini tushunishlarini aytadi. Nima kutadi?

Stixiyali tarzda paydo bo‘lgan ko‘tarinkilik doirasida Xenkendi (Stepanakertning ozarbayjoncha nomi)dagi mehmonxonalarda nomerlarni onlayn band qilgan bakuliklar o‘zlarini aldangan his qilmoqdalar.

Biroq vatanparvarlik ruhini sindirish oson emas ekan: 6 aprelda Bakuda "Qorabog‘ bizniki" shiori ostida namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Yoshlardan iborat olomon odatda namoyishlarga toqatsiz politsiyaning to‘la roziligi bilan butun shahar bo‘ylab bayroq va plakatlarni ko‘tarib yurishdi.

Namoyishchilar Shahidlar xiyoboniga ko‘tarilib, 20 yanvarda qurbon bo‘lganlar xotirasini yodga olishdi. Bu tadbirni suratga olgan operatorning so‘zlashicha, uning o‘zi ham odamlarga qo‘shilib o‘lganlar nomini aytib baqirgisi kelgan.

Bugun ozarbayjonliklar hukumat Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov va Minsk guruhi bilan muzokaralaridan keyin nima qaror berishini kutmoqdalar.

Aslini olganda, mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali frontdagi g‘alabalarning keng reklamasidan so‘ng odamlar Prezident Ilhom Aliyevdan qanday yo‘l va qanday bahodan qat‘iy nazar Qorabog‘ni qaytarish imkonini beradigan qaror kutayotgani rost.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZ
  • BEKFacebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq