O‘zbek-Qirg‘iz chegarasida ahvol qanday?

Qirg‘iziston fuqarolariga ko‘ra, O‘zbekiston harbiylari bahsli chegara hududida palatkalar qurmoqdalar.

Janubiy Jalolobod viloyati Ola Buqa tumaniliklar aytishicha, O‘zbekiston harbiylari Qirg‘iziston qishlog‘idan 200 metr masofada palatkalar o‘rnatishni boshlaganlar.

Chonsay qishlog‘i yashovchilari O‘zbek tomoni qishloqdan 200 metrcha uzoqlikda yo‘l qura boshlagani, lekin Qirg‘iz mahalliy rasmiylari aralashuvi bilan qurilishni to‘xtatganlarini aytganlar. Ularning so‘zlariga qaraganda, o‘zbek chegarachilari belgilanmagan bahsli hududda palatkalar o‘rnatib olishgan.

Shuningdek, ular O‘zbekiston tomoni Arap va Chonsay qishloqlarini bog‘lovchi ko‘prikni olib tashlashidan xavotir bildirganlar.

Oldinroq, Qirg‘iziston Chegara xizmati ham O‘zbekiston bahsli hududda yo‘l qurayotganini xabar bergandi.

Bir necha kun oldin Qirg‘iziston mamlakat hududidagi O‘zbekistonga tegishli to‘rt sanatoriyani milliylashtirish qarorini bildirgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, oromgohlar bo‘yicha bahs Qirg‘iz-O‘zbek munosabatlari tangligini kuchaytirishi mumkin.

Oromgohlarni Qirg‘iziston mulkiga aylantirish qarori chegaradagi bahsli hududda so‘nggi paytda yuzaga kelgan eng yomon qarama-qarshilikka barham berilganidan bir necha hafta o‘tib paydo bo‘lgan.

Toshkent Qirg‘iziston qaroriga hozirgacha munosabat bildirgani yo‘q. Ammo Qirg‘iziston sobiq tashqi ishlar vazirining fikricha, O‘zbekistonda Qirg‘izistonni xalqaro mahkamaga berib, jarima talab qilish imkoni bor.

Sabab?

4 aprelda Qirg‘iziston Bosh vaziri Temir Sariyev "Rohat", "Dilorom", "Zolotiye peski" va "Bo‘ston" sanatoriyalarini milliylashtirish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekkan.

Mamlakat shimoli-sharqidagi oromgohlarning hammasi Issiqko‘l qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, O‘zbekistonga qarashli hisoblanadi.

Dam olish maskanlari 1960 yillarda O‘zbekiston mablag‘iga qurilgan, u paytlar ikkala respublika ham sobiq ittifoq tarkibida edi. Mamlakatlar mustaqil bo‘lgan 1991 yildan keyin ham O‘zbekiston sanatoriyalarga egalik qilishda davom etgan.

“Rohat” sanatoriysi “O‘zbekiston Milliy Banki”, “Dilorom” maskani “Asaka” banki va "Zolotiye peski" esa “Toshkent Aviatsiya zavodi” oromgohlari hisoblangan.

Qirg‘iziston rasmiylari sobiq ittifoq mamlakatlari o‘rtasida 1992 yil imzolangan kelishuvga binoan, dam olish maskanlari Qirg‘iziston mulki bo‘lishi kerak demoqdalar.

Avvalroq, qirg‘iz hukumati O‘sh, Jalol-Obod va Botken viloyatlaridagi bir qator ijtimoiy binolarni ham o‘z hisobiga olgandi.

Nega bunday bo‘ldi?

Qirg‘iz hukumati oromgohlarni milliylashtirish rejasi ularda avvaldan bo‘lgani, bahsli hudud uchun mojarolardan so‘ng bu qadam tezlashganini aytadi.

Qirg‘iziston Moliya vaziri Arzibek Kojoshevga ko‘ra, oldinlari tabiiy gaz va elektr energiya uchun O‘zbekistondan qaramlik bois mamlakatida 1992 yilgi kelishuvni amalga oshirish uchun "siyosiy iroda" yetishmagan.

Biroq hozir elektr ta‘minotida yangi yo‘nalishlar qurilgani, o‘zbek gazi to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki Rossiyaning Gazpromi orqali yetkazib berilayotgani hisobiga bu qaramlik kamaydi, deydi Kojoshev.

Ta‘siri qanday?

Qirg‘izistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenqulov esa hukumatning sanatoriyalar bo‘yicha qarorini tanqid qilib, uni "shoshma-shosharlik" deb atagan.

O‘zbekiston rasman biror izoh bermagan bo‘lsada, biroq oldinroq dam olish maskanlari o‘zining mulki bo‘lib qolishini ta‘kidlagan edi.

Jekshenkulov O‘zbekiston bu borada Qirg‘iz hukumatini xalqaro mahkamaga berib, yutib chiqishi mumkin deydi.

"Bu bizning yerimiz bo‘lishiga qaramasdan, O‘zbekiston ularni qurgan, o‘zbek xalqi pullari ishlatilgan", deb qo‘shimcha qilgan u.

Kojoshevning fikricha, O‘zbekiston mahkamaga bersa, Bishkek unga qarshi borishi va O‘zbekiston oromgohlarni moliyalashtirish majburiyatini bajarmayapti, elektr energiya va sug‘urta pullarini to‘lamayapti, deb iddao qilishi mumkin.

Ayni paytda Qirg‘iz-O‘zbek chegarasida vaziyat tinchligi aytilmoqda. Tomonlar bir-birini kuzatib turibdi.

Ikki mamlakat o‘rtasida 19 ming gektar yer tasdiqlanmagan, bahsli bo‘lib qolayotgani bois vaqti-vaqti bilan mojarolar qo‘zg‘almoqda.

Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston harbiylari Navro‘z bayrami arafasida havfsizlikni kuchaytirish bahonasida Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatiga qarashli Aqsi tumanidagi bahsli hududga kirgan.

Bundan norozi Qirg‘iziston o‘z hududiga qo‘shni davlat harbiylarini noqonuniy kirganlikda ayblagan va O‘zbekiston harbiylari qarshisida o‘z harbiylarini joylashtirgan.

Qariyb bir hafta davomida har ikkala taraf kuchaytirilgan tartibda chegarani nazorat qilganlar. Bu o‘z navbatida mahalliy aholi orasida noroziliklarga sabab bo‘lgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq