Qirg‘iziston: Bosh vazir iste‘fo beradimi?

Sal kam bir yil avval hukumat rahbari etib saylangan Temir Sariyevni, so‘ngi paytda ochiqlangan noqonuniy ishlar mojarosi, o‘z lavozimidan ketishga majbur etmoqda.

Qirg‘izistondagi yirik loyihalardan hisoblangan Baliqchi – Qo‘rumdu yo‘li solinishi va Bishkek shahridan “Manas” aeroportigacha bo‘lgan yo‘lni ta‘mirdan chiqarilishidagi qonunbuzarliklarni deputatlik komissiya o‘rganib chiqqan.

Unda, mazkur loyihalar uchun davlat byudjetidan qariyb 7 mlrd so‘m bo‘lingani, biroq bu loyihalarni amalga oshirish uchun kompaniyalar orasida e‘lon qilingan tenderda, yo‘l qurish uchun ruhsatnomasi bo‘lmagan xitoylik “Long Xay” kompaniyasini g‘olib deb topilgani va natijada davlat xazinasiga 1 mlrd so‘mdan ortiqroq ziyon yetkazilgani, buning uchun ma‘sul shaxslar javobgarlikka tortilishi kerakligi aytiladi.

Yig‘inda qatnashgan Qirg‘iziston transport vaziri Arg‘inbek Malabayev, tender qonunubuzarliklarida bosh vazir Temir Sariyevning shaxsiy manfaati bo‘lganini va bu ishlarni o‘zining muovini Ulan Uyezbayev bajarganini aytgan.

“Long Xay” kompaniya rahbari Azamat Junushaliyev, Ernist Junushaliyev degan yigitlar mening muovinim Uyezbayevning yaqin do‘stlari. Ular “Aq–Shumqar” (bosh vazir rahbarlik qilgan) partiyaning a‘zolari hisoblanadilar. Uyezbayev men yo‘qligimda barcha hujjatlarga imzo qo‘ygan” – deydi transport vaziri Malabayev.

Transport vazirining muovini Ulan Uyezbayev o‘z rahbari aytganlarini yolg‘on deya, tenderda g‘olib chiqqan kompaniyaga Arg‘inbek Malabayev o‘zi rozi bo‘lganini aytadi.

“Malabayev meni va bosh vazir Temir Sariyevni aybdor qilgani to‘g‘ri emas. U vazir sifatida tenderni yutgan kompaniyaga o‘zi rozilik bergan. O‘sha paytda men xizmat safarida edim deb yolg‘on gapirayapti. Tender o‘tganda Qirg‘izistonda bo‘lgan va hujjatlarni o‘zi imzolagan” – deya izohlaydi vazir o‘rinbosari Uyezbayev.

Hukumat rahbari Temir Sariyev Baliqchi–Qo‘rumdu yo‘lini solayotgan xitoylik kompaniyada shaxsiy manfaati bo‘lmaganini urg‘ulab, transport vaziri ayblovlarini inkor qildi.

“Arg‘inbek Malabayev vazir sifatida Baliqchi–Qo‘rumdu yo‘lining solinishi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik oladi. Mazkur loyihadagi qonunbuzarliklar ochiqlanayotganda, u aybni boshqalarga ag‘darayapti. Uning aytganlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi” – deydi bosh vazir Temir Sariyev.

O‘zaro kelishmovchilikdan g‘azablangan hukumat rahbari, 6 aprelda transport vaziri Arg‘inbek Malabayevni lavozimidan chetlatish tavfsiyasi bilan prezedentga murojaat qilgan. Biroq, prezident Almazbek Atambayev bosh vazir tavfsiyasini qanoatlantirmagan va mazkur nizoni tekshirishni Qirg‘iziston Milliy Havfsizlik Davlat Qo‘mitasi qoshidagi “Poraxo‘rlikka qarshi” xizmatiga buyurgan.

Qirg‘iziston Jo‘g‘o‘rqu Kengash deputatlari ham kelayotgan xaftada avj olayotgan mazkur muammoni muhokama qilishlari kutilayapti.

Bu orada mahalliy qator internet nashrlari bosh vazir Temir Sariyevni yaqin kunlarda o‘z ixtiyori bilan iste‘foga chiqish ehtimoli haqida yozmoqda.

Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, hukumat rahbari o‘z lavozimidan chetlatilgan vaziyatda, uning o‘rnini muovini vaqtinchalik egallab turadi. Bu orada esa Jo‘g‘o‘rqu Kengash deputatlari qaytadan partiyalardan tashkil topgan yangi koalitsiya tuzib, yangi bosh vazirni tanlaydilar va prezidentga tavsiya qiladilar. Davlat rahbari tasdiqlaganidan so‘ng, hukumat rahbari o‘z lavozimiga kirishadi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq