Obama: Liviya - o‘z prezidentligimning eng katta xatosi

Image copyright AP

AQSh Prezidenti Baraka Obama Liviya rahbari Muammar Qaddofiy ag‘darilishi ortidan yuzaga keladigan vaziyatga tayyorgarlik ko‘rmaganini o‘zining eng yomon xatosi ekanini aytdi.

Janob Obama Fox News telekanaliga o‘z prezidentlik davrining yaxshi va yomon kunlari haqida intervьyu bergan.

Ammo, uning aytishicha, Liviyaga harbiy kuch bilan kirish "to‘g‘ri qaror" bo‘lgan.

AQSh va boshqa davlatlar Liviyadagi 2011 yilgi g‘alayonda oddiy aholini himoya qilish maqsadida havo zarbalarini amalga oshirdilar.

Biroq, Liviya prezidenti o‘ldirilishi ortidan, mamlakat boshboshdoqlikka yuz tutdi. Islomiy jangarilar qudratni egallar ekanlar, ikki raqib parlament va hukumatlar tuzildi.

O‘zini Islomiy Davlat deb ataydigan jangari guruh mamlakatda o‘rnashib oldi, hamda Liviya Ovro‘poga yetib olishga intilgan muhojirlarning yirik manbaiga aylandi.

BMT qo‘llab-quvvatlovi ostidagi milliy ittifoq hukumati shu oy boshida poytaxt Tripoliga yetib kelgan, ammo hali ham nazoratni o‘z qo‘liga olgani yo‘q. Sandi Huk - "eng yomon kun"

Bu Prezident Obamaning Liviya ustidan ilk marta afsus chekishi emas. O‘tgan oy "Atlantic" jurnaliga bergan intervьyusida u Liviyadagi amaliyot kutilganidek amalga oshirilgani, ammo u mamlakatda hozirda "tartibsizlik" hukm surayotganini aytgan.

O‘z interv'yusida u Frantsiya va Britaniyani ham tanqid qilgan, xususan Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronni ishg‘ol ortidan "chalg‘igan"ini aytgan.

Prezident Obamaning Fox kanaliga aytishicha, o‘z prezidentligi davrida erishgan eng yirik muvaffaqiyati "iqtisodni chuqur inqirozdan saqlab qolish" bo‘lgan.

Unga ko‘ra, prezidentligi davridagi eng baxtli kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni tasdiqlatib olganida bo‘lgan. Eng yomoni esa -Sandi Huk boshlang‘ich maktabidagi qirg‘in.

Janob Obama o‘tgan yili Bi-bi-si bilan ham o‘z prezidentligi haqida suhbatlashgan va qurollar ustidan nazorat o‘rnata olmaganidan taassuf izhor qilgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring