Tolibon hujumlarini "Umariy" deb nomladi

Image copyright AFP

Bahor kelib kunlar isishi munosabati bilan yangi hujumlarini boshlashi haqida e‘lon qilgan Afg‘oniston Toliboni bu qon to‘kilishiga olib keladigan amaliyotlarini "Umariy amaliyotlari" deb atagani haqida bayonot tarqatgan.

Amaliyot nomi vafot etgani haqida o‘tgan yili e‘lon qilingan Tolibon asoschisi Mullo Umar nomiga qo‘yilgan.

Jangarilar o‘zlarining yangi bayonotida qurolli amaliyotlar butun mamlakat hududi bo‘ylab keng miqyosda bo‘ladi, deya ogohlantirgan.

2001 yili Afg‘onistonda hokimiyatdan ag‘darilgan Tolibon qish oylarida hujumlarini kamaytiradi va kunlar isishi bilan o‘zining "bahorgi hujumlari" qayta boshlanganini e‘lon etib keladi.

Tolibonning bu yilgi bayonoti harakatning yangi rahbari Mullo Axtar Mansur boshchiligida tarqatilgan.

Ayni paytda Tolibon ichida ham bo‘linishlar yuzaga kelgan.

Afg‘oniston hukumatiga bo‘ysunishni istamaydigan, qo‘liga qurol olgan bir necha guruhlar o‘zaro bir-birlariga qarshi va hukumat qurolli kuchlariga qarshi janglarga kirishgan.

Tolibon va Iroq va Suriyadagi "Islomiy Davlat"ga sodiqlikka qasamyod qilgan jangarilar o‘rtasida ham to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Afg‘oniston hukumati qurolli isyonchilarni tinchlik muzokaralari davrasiga o‘tirg‘izishga harakat qilib kelmoqda.

Shu yil yanvaridan boshlab Afg‘oniston hukumati, AQSh, Xitoy va Pokiston Tolibonni tinchlik muzokaralariga ko‘ndirishga harakat qilib kelmoqdalar, ammo shu paytgacha bu harakatlar samara bergani yo‘q.

Afg‘onistonlik Tolibon masalalari bo‘yicha tahlilchi Fozil Ahmad Burgutning Bi-bi-siga aytishicha, Afg‘oniston hukumati ichidagi yakdillik yo‘qligi rasmiy Kobulni kuchsizlantirib qo‘ygan.

"Biz hozir Mudofaa vaziri ham, Ichki ishlar vaziri ham bo‘lmagan mamlakatmiz", deydi tahlilchi.

Chindan ham Afg‘onistondagi prezidentlik saylovidan keyin Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, xavfsizlik idorasi muqim rahbarsiz qoldi.

"Bunday paytda siz kuchli emassiz va siz bilan Tolibon hisoblashmaydi. Tolibon ana shu ojizlikdan foydalanayapti", deydi Fozil Ahmad Burgut.

O‘tgan haftada AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Kobulda bo‘ldi, Afg‘oniston hukumatini dastaksiz tashlab qo‘ymasliklarini aytdi.

Hozirgi paytda Afg‘onistonda 13000 NATO harbiysi qolgan.

Ularning asosiy vazifasi 2014 yil oxirida jangovor amaliyotlar tugatilganidan keyin harbiy tayyorgarlik va maslahatchilikda ko‘mak berish bo‘lib qolgan.

Afg‘onistonda xavfsizlik vaziyati jiddiy yomonlasharkan, o‘tgan yili AQSh Prezidenti Barak Obama Amerika kuchlarining jangovor amaliyotlarda ishtirok etishlariga ruxsat bergan.

Afg‘oniston rasmiylari Tolibon o‘zi e‘lon qilgan maqsadlariga erisholmaydi, deya jangarilar tahdidini rad etganlar.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEKTwitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq