Tojikistonda Imomali Rahmon kuni e‘lon qilinadi

Image copyright prezident.tj

Tojikiston parlamenti quyi palatasi kengashi deputatlari mamlakat parlamentiga "bayram kunlari to‘g‘risidagi qonun"ga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha loyihani taqdim etganlar.

Tojikiston parlamenti deputatlarning yangi bayram tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifini ma‘qullagan.

Unga ko‘ra, Tojikistonda yangi davlat bayrami- Prezident kuni yoki Millat peshvosi kuni deb atalishi kerak.

Parlamentning navbatdagi majlisi 13 aprelda bo‘lib o‘tishi kerak.

Deputatlar 16 noyabrni prezident kuni deb e‘lon qilish taklifini ko‘rib chiqishlari kutiladi.

1992 yil 16 noyabrda Xo‘jandda respublika oliy kengashi 16 sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Sessiyaning 19 noyabrdagi majlisida mamlakat rahbari Imomali Rahmon Oliy Kengash raisi ham etib saylangan.

Xabarlarga ko‘ra, bayram kuni 19 noyabr bo‘lishi ehtimoli ham bor. Boisi, ushbu kun Imolmali Rahmonning mamlakat rahbari sifatidagi tarixida alohida o‘rin tutadi, deyishmoqda tojik deputatlar.

Bundan tashqari Prezident kunini ancha ilgariroq, 6 noyabrda nishonlansa ham xato bo‘lmaydi. Deputatlarga binoan, xuddi shu sana- 6 noyabrda Imomali Rahmon to‘rt marta, ya‘ni 1994, 1999, 2006, 2013 yillarda Tojikiston Respublikasi Prezidenti etib saylangan.

Biroq, 6 noyabr Tojikiston Konstitutsiyasi kuni hisoblangani bois, prezident kuni 5 oktyabr deb e‘lon qilinish ehtimoli ham yo‘q emas.

Xullas, deputatlar yangi qonun loyihasi ustida bosh qotirmoqdalar.

Image copyright httpwww.president.tj
Image caption Имомали Раҳмон ва ўғли Рустам Раҳмон.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, prezident kunini e‘lon qilib, uni dabdabalar bilan nishonlash laganbardorlikning yana bir ko‘rinishi sanaladi. Shuningdek, xalqning pulini bekorga sarflashdir.

Oxirgi paytlarda tojikistonlik xonandalar Imomali Rahmon ulug‘lab qo‘shiqlar ijro eta boshlaganlar.

Tojikiston rahbari bundan oldin bir necha bor mulozimlarini o‘ziga laganbardorlik qilmaslikka chaqirgandi.

Jumladan o‘z sharafiga uyushtirayotgan to‘kin-sochin ziyofatlardan xijolatda ekanini aytib, bu kabi laganbardorlikni bas qilishga buyruq bergandi.

Image copyright Getty

"Amaliyotda esa, bularning hammasi quruq gapligicha qolib ketadi. Faqat dastlabki bir-ikki oy ichida ko‘chalardan prezident Rahmonning portretlari olib tashlanadi. Keyin hammasi yana eski turishiga qaytadi. Yoki undan ham battarlashadi", deydi tojikistonlik jurnalist.

Unga ko‘ra, Tojikistonda prezidentning barcha farmoyishlari so‘zsiz bajariladi, biroq, negadir, aynan uning sharafiga uyushtirilayotgan dabdabalar masalasida berilayotgan yoki berib kelingan qarorlar e‘tibordan chetda qolib ketadi.

Tahlilchilar, xuddi shu sababdan ham, Tojikiston rahbarining bu kabi chiqishlari ko‘proq xalqboz xarakterga ega ekani va oddiy odamlarga mo‘ljallanganini ta‘kidlashadi.

"Prezidentning bu kabi tanqidlarini televizior orqali ko‘rgan oddiy xalq rahbarimiz qanchalar dono, hammasiga uning atrofidagilar aybdor", degan xulosaga kelishadi.

Tojikiston 15 sobiq Sho‘ro respublikalari ichida eng qashshoqlaridan biridir.

Imomali Rahmon mamlakatni 20 yildan ortiq vaqtdan beri boshqarib keladi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq