Eron Qozog‘istonning ikkinchi yirik hamkoriga aylanadimi?

Image copyright Getty

Prezident Nursulton Nazarboyev bir safarining o‘zida Eron bilan qiymati 2 milliard AQSh dollaridan ortuvchi 66 ta kelishuv imzolashga muvaffaq bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, bu haqda qo‘shni Qozog‘iston rahbarining o‘zi rasman bayon qilgan.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan muzokaralari ortidan so‘zlarkan, janob Nazarboyev kelishuvlar metallurgiya, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jalik, transport, sayyohlik, ilm-fan, maorif va tibbiyot sohalarini qamrab olishini ma‘lum qilgan.

Qozog‘iston rahbariga ko‘ra, bundan tashqari, eronlik hamkasbi bilan muzokaralari chog‘ida o‘z biznesmenlari uchun viza tartibini yengillashtirish masalasiga ham alohida e‘tibor qaratishgan.

Prezident Nursulton Nazarboyevning aytishicha, bu ish amalga oshgudek bo‘lsa, Eron bilan savdo-tujjoriy aloqalari yanada taraqqiy topadi.

O‘z o‘rnida alohida ta‘kidlash joiz, Qozog‘iston prezidenti Eronga qarshi uzoq yillik xalqaro sanktsiyalar bekor qilinishi ortidan Tehronga rasman tashrif buyurgan birinchi Markaziy Osiyo davlati rahbari bo‘ladi.

Shu yil yanvar oyida Xalqaro Atom Energiyasi agentligi Eron o‘z yadroviy dasturini to‘xtatishga oid barcha shartlarni bajardi, deb topgan.

Mas‘ul agentlikning bu kabi xulosasi ortidan, AQSh va Ovro‘po Ittifoqi rasmiy Tehronga nisbatan joriy etilgan xalqaro jazo choralarini bekor qilishga qaror qilgandi.

Eronning uzoq yillik sanktsiyalardan xalos bo‘lishi esa, hali o‘sha paytdayoq mintaqa iqtisodining gurkirab rivojlanishiga yo‘l ochishiga oid umidlarni paydo qilgandi.

Image copyright Getty

Boshqa tomondan, Qozog‘iston rahbarining Eronga safari mamlakati, yillarki, eng asosiy savdo-iqtisodiy hamkori bo‘lib kelayotgan Rossiyadagi so‘nggi iqtisodiy bo‘hron ta‘siridan jiddiy ziyon chekayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

Asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan neftь xom-ashyosi qiymatining jahon bozorida o‘ta arzonlab ketishi, aynan G‘arb tomonidan yaqinda kiritilgan ko‘plab sanktsiyalar tufayli Rossiya milliy pul birligi – rublning keskin qadrsizlanib ketishi Qozog‘iston iqtisodiga ham yaxshigina zarba bergan, qozoq tangasining qiymati o‘tgan bir yilning o‘zida dunyo bo‘ylab antirekord o‘rnatish darajasiga tushib qolgandi.

Prezident Nursulton Nazarboyevning hali Tehronda ekan bayon qilishicha, qanday ahvolda ekaniga qaramay, Eron bilan aloqalarini hamisha a‘lo darajada tutib kelgan.

Xabarlarga ko‘ra, xuddi shu so‘zlari manzarasida qozoq rahbari eronlik hamkasbini rasman o‘z mamlakatiga taklif ham qilgan.

Qozog‘iston prezidentining Eronga safariga alohida e‘tibor qaratgan ayrim nufuzli G‘arb nashrlari, jumladan, “The Diplomat” da keltirib o‘tilgan ma‘lumotlarga tayanilsa, o‘tgan yili bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 635 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Nashrning yozishicha, endilikda ham Qozog‘iston va ham Eron bu raqamni 3-4 milliard AQSh dollariga yetkazishga umid qilishmoqda.

Agar, ikkovlonning umidlari amalda o‘zini oqlasa, Eron Qozog‘istonning ikkinchi yirik savdo hamkoriga aylanadi. Bu yo‘lda, hatto, Ovro‘po Ittifoqi, Rossiya va Xitoyni ham ortda qoldirib ketadi, deb yozadi “The Diplomat”.

Agar, Eron nashrlariga iqtibosan aytiladigan bo‘lsa, prezident Hasan Ruhoniy ham qozoq rahbarining Tehronga rasmiy tashrifiga yuqori baho bergan.

“Bu – ikki davlat orasidagi munosabatlarni taraqqiy toptirishda tub burilish nuqtasi bo‘lajagi”ni aytgan.

Xabarlarga ko‘ra, Eronga safari ortidan, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev ikki kunga Turkiyaga boradi.

U yerda turkiyalik hamkasbi Rajab Toyib Erdo‘g‘on bilan uchrashadi va Islomiy Hamkorlik Tashkilotining 13-oliymaqom yig‘inida ishtirok etadi.

Juma 14 aprel kuni esa, Qozog‘iston rahbarining O‘zbekistonga kelishi va prezident Islom Karimov bilan muzokaralar olib borishi aytilmoqda.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, ikkovlonning Toshkentdagi uchrashuvlari O‘zbekiston rahbarining Moskvaga safari arafasiga to‘g‘ri kelmoqda.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.

Bu mavzuda batafsilroq