Rossiya: Rubl va nihoyat qimmatladi

Image copyright Getty

Bunga Moskva fond birjasidagi so‘nggi oldi-sotdilar dalolat qilgan.

O‘tgan yil dekabr oyidan buyon ilk bor yevroning qiymati 75 rubldan pastga tushgan.

Bir dollarga nisbatan esa, rubl 91.5 tiyinga qimmatlagan.

Ayon bo‘lishicha, so‘nggi yangilikka Dohadagi bo‘lajak uchrashuvlari oldidan Rossiya va Saudiya Arabistoni neftь qazib chiqarishni muzlatib turishga kelishib olishganiga oid ayrim tasdiqlanmagan xabarlar sabab bo‘lgan.

Ammo, boshqa tomondan, shu yilning iyun oyida yetkazib berilishi kutilayotgan “Brent” turidagi neft bir barrelining qiymati ham London (ICE) birjasida qariyb to‘rt foizga qimmatlagan va 44.4 dollarga yetgan.

Rasmiy Moskva va Ar-Riyod o‘rtasidagi kelishuv haqida esa, shu hafta seshanba kuni Rossiyaning “Interfaks” axborot agentligi xabar tarqatgandi.

Image copyright EPA

OPEKka a‘zo neft qazib chiqaruvchi davlatlarning Dohadagi yig‘ini 17 aprel kuniga rejalangan.

Agar, agentlik manbasining so‘zlariga tayanilsa, Saudiya Arabistoni bu masalada Tehronning mavqeini inobatga olmay turib yakuniy qarorini bermoqchi.

Ammo bu xabar, hozircha, boshqa biror bir manba tomonidan tasdiqlanmagan.

Bundan avval esa, Saudiya Arabistoni OPEKka a‘zo barcha davlatlarni faqat shu yilning yanvar oyidagisi darajada neftь qazib chiqarishga da‘vat etgan.

Ar-Riyodning bu tashabbusi eng avvalo Eronga qaratilgandi.

Ammo rasmiy Tehron o‘zlari qazib chiqarayotgan neft ko‘lami sanktsiyalardan avvalgi miqdorga yetmaguncha bu ishga bormasligini aytib, rad javobini bergandi.

Joriy yilning fevral oyida esa, Rossiya OPEKka a‘zo uch davlat bilan birga bu xususda ijobiy bir qarorga kelgan, ammo neft kartelidagi qolgan barchaning ham Saudiya Arabistoni tashabbusiga bosh qo‘shishlarini buning sharti qilib qo‘ygandi.

Image copyright Getty

Ukraina inqirozi sabab, G‘arb tomonidan ustma-ust joriy etilgan sanktsiyalar manzarasida jahon bozorida neftь narxining keskin pastga tushib ketishi Rossiya iqtisodiga jiddiy zarba bergan, buning ta‘siri ko‘plab sobiq Sho‘ro davlatlariga ham sezilgandi.

Rossiyaning milliy pul birligi bo‘lgan rubl ham so‘nggi paytlarda yirik xorijiy valyutalarga nisbatan o‘z qadrini davomiy ravishda rekord darajada yo‘qotib kelayotgandi.

Prezident Vladimir Putin esa, jahon neft bozoridagi ahvolga G‘arbdagi "fitnachi kuchlar"ni ayblab chiqqandi.

Ammo Rossiya rahbari neft narxining tushishi mamlakati iqtisodiyotiga ziyon yetkazishini tan olsa-da, buning “halokatli bo‘lmasligi”ni ta‘kidlagandi.

Ta‘kidlash joiz, barcha shu voqealarning manzarasida ham rasmiy Kreml, baribir, jahon bozorida neft narxining barqarorlashishiga umid qilib kelayotgandi.

Rossiya rubli keskin qadrsizlanishining oqibatlari esa, butun Markaziy Osiyo bo‘ylab ham yaxshigina sezilayotgani aytiladi.

Chunki aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi Rossiyadan kelayotgan pul o‘tkazmalari va import mahsulotlariga qaram.

Image copyright news.kz

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya rubli ortidan allaqachon mahalliy pul birliklari ham o‘z qadrini yo‘qota boshlagan.

Agar, Ukrainadagi Forex Club tahliliy markazining xulosasiga tayanilsa, qadrsizlanish bobida o‘tgan yil Qozog‘iston tengesiga yetadigani topilmagan.

Bu esa, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlarida keng iste‘moldagi import mahsulotlari narxlarining qimmatlashishiga sabab bo‘lgan.

Xuddi shu manzarada mintaqaviy tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha, Rossiya iqtisodi orqaga ketishining ta‘siri Markaziy Osiyoga uzoq muddatli bo‘ladi.

Deylik, Rossiya Federal Migratsiya Xizmati shu yil boshida e‘lon qilgan ma‘lumotlarga tayanilsa, hozirga kelib, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni bir millionga ozaygan.

Agar, birgina Amerikaning “Fridom Haus” nohukumat tashkiloti shu kunlarda e‘lon qilgan so‘nggi yillik hisobotidagi raqamlarga tayanilsa, ularning ortga, O‘zbekistonga yuborayotgan pul jo‘natmalari hajmi ham yarmidan ko‘proqqa qisqarib ketgan.

Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari uchun esa, bu pullar, yillarki, ijtimoiy muhofaza kamari vazifasini bajarib kelgan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.

Bu mavzuda batafsilroq