O‘zbek yozuvchisi prezident Karimovga yana ochiq xat yozdi

Image caption 17 yillik qamoqda o‘tirgan yozuvchi yana Karimovga xat yozdi
  • O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI
  • ISLOM KARIMOVGA
  • OChIQ XAT
  • “Biz davlatni ushlab turibmiz...”
  • S. A.
  • O‘zbekiston respublikasi
  • Ichki Ishlar vaziri o‘rinbosari.
  • “Andijonda qirg‘in qilgan kishidan
  • nima kutish mumkin?..”
  • A. N.
  • Yakkasaroy tumani Ichki
  • Ishlar bo‘limi tergovchisi.
  • “Bu yurtda yashab bo‘lmay qoldi,
  • chiqingu suring...”
  • Toshturma mulozimi.

Janob prezident!

Aslida kim “Vatan xoini”, kim “Xalq dushmani” ekanini el yaxshi biladi. Oydinlar-ku yuz foiz. Kuch ishlatar tizimlari, xususan, ayrim militsiya xodimlari va rahbarlari “Biz davlatni ushlab turibmiz”, deb maqtanishni odat qilib olishgan. Ayni shular yurtda ob-havo qilishayapti. Bo‘lar-bo‘lmasga sizning nomingizni ro‘kach qilib, fuqorolarga zug‘um qilishmoqda. Aholi ularga qonun yo‘li bilan murojaat etishsa ham, ular bir nima undirish dardida ishni keyinga surishadi. Unavermagach esa: “ Bu ish prezident siyosatiga qarshi” deyishadi. Men el bo‘g‘zidagi gapni aytayapman. Buni yashirin yo‘l bilan aniqlash qiyinmas. El-yurt dardidan uzoq, nafsi g‘or bundoq kimsalarning zulumlari sababli Ota Yurtdan chet ellarga chiqib ketishga majbur bo‘lgan, bo‘layotgan kishilar son-sanoqsiz. Biroq vatandan bezdiruvchi bulg‘anchlarga deyarli chora ko‘rilmayapti. Ular to‘lib-toshib, quturib yashayaptilar. Bu zo‘ravonlarga qonun ishlayaptimi? Yoki qonun ularning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘layaptimi? Ruscha aytganda, ularga cheksiz “vlast” berilmaganmi? Sizga oqni qora, to‘g‘rini egri qilib ko‘rsatayotgan shular emasmi? Bu odam qiyofali iblislar yurtni zaharli o‘rgumchaklardek o‘rab olishgan. El-yurtni xonavayron qilayotgan, davlatni tubsiz jarga yetaklayotgan shular emasmi? Xalqni dunyoga sochilib ketishiga, mardikor bozorlarining ko‘payib ketishiga, xotin-qizlarni izdan chiqib ketishiga shular sababchi emasmi? El va el oydinlarining aytishlaricha, birinchi galda “Biz davlatni ushlab turibmiz” deya og‘izlarini ko‘pirtirayotgan johillarni, qonicharlarni tartibga solish kerak. “Qama-qama”... bilan yulduzlaru martabalarga erishayotgan, qonunni qurol qilaroq xalq va davlat mulkini o‘marayotgan ikki yuzlamachi, chalasavod, olchoqlarni tub tomirlari bilan sug‘urib tashlash kerak. El ichida yurgan bu gap-so‘zlarni sizga teskari qilib ko‘rsatayotgan bu yaloqlar:

Davlat,

Vatan,

Xalq dushmanlaridir.

Xalq, davlat mulkini o‘marayotgan...

Kim?

Kimlar?

Buni aniqlash “1+1=2” dek oson.

Nafaqat Toshkent, butun mamlakatda qurilgan, qurilayotgan ko‘p qatli qasrlar qaysi mablag‘ hisobiga qad ko‘targan, ko‘tarmoqda?

Yot yurtlardagi mahobatli uylari–chi?

Bahosi osmon avtomobillari-chi?..

Zavod, fabrikalari-chi?..

Son-sanoqsiz Super marketlari-chi?..

Shohona restoran, kafe, otellari-chi?..

Halol manglay terlari hisobiga bo‘lsa, el tilida aytsam: “Nur ustiga - a‘lo nur”.

Yo‘qsa...

El tilida aytsam: “Qora go‘r”.

Tub haqni bilish “ 1 + 1 = 2” dek oson dedim. Qandoq?

Xuddi Ovro‘pa, Amerika davlatlaridek yurt bo‘ylab deklaratsiya o‘tkazish lozim. Mutlaqo xolis deklaratsiya. Bu:

Xalq fikri,

Xalq oydinlari fikri,

Nonga zor qashshoqlar fikri.

Yot yurtlarda sarson-sargardon bo‘lib yurganlar fikri.

Deklaratsiyani to‘g‘ri, mutlaqo to‘g‘ri o‘tkazish uchun:

Vatanni,

Millatni,

Davlatni o‘ylaydigan, o‘ylaganda ham yurak-yuragidan o‘ylaydigan:

Imonli,

E‘diqodli,

Halol,

Elsevar kishilardan iborat komissiya tuzish lozim.

Shundoq taqdirdagina haqiqat, tub haqiqat yuzaga chiqadi.

Xuddi qora bulutlarni yorib chiqqan oy, quyosh, yulduzlardek.

Trillion-trillionlar,

Tumonot-tumonot mol-mulklar

Davlatga, xalqqa qaytadi.

Bu bilan O‘zbekiston kuchga kiradi,

Qashshoq ulus qaddini tiklaydi.

“Biz davlatni ushlab turibmiz...”

Men bu gapni ozodlikda ham, qamoqda ham ko‘p milisalardan eshitganman. Jumladan, Respublika Ichki Ishlari Ministri o‘rinbosari S. A.dan ham. U tergov paytida, noma‘lum qamoqxona zindonida menga ushbu savolni bergan:

“Stalin davlatni qanday ushlab turgan?”

“Qon bilan”...

“To‘g‘ri javob qaytaring!”

“Jon bilan”...

“Karimov sizni bekorga qamamagan. Tilingiz yomon... Bu yer tsirk emas!...”

“Kuch ishlatar tizimlar bilan”.

“Hech bir davlat kuch ishlatar tizimlarisiz yasholmaydi.

Unutmang! Biz davlatni ushlab turibmiz”.

Bu savol-javoblar bayonnomaga kirgan, deb o‘ylayman. Yo‘qsa, zarurat tug‘ilgan onda men polkovnik S. A. bilan yuzlashishga tayyorman.

Ishonuvchanligu aldanishi sababli, zo‘rligu tuhmat sababli, qamoq bilan qo‘rqitilishi sababli Ota Yurtdan xorijga ketishga majbur bo‘lgan, bo‘layotganlar son-sanoqsiz. Shulardan biri:

Bashorat Eshova

Bu oddiy, sodda o‘zbek ayoli 1954 yil 30 mart kuni tug‘ilgan. Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Usmon Nosir ko‘chasi 64-uy 30-xonadonda (ikki o‘g‘il, bir qizi bilan) yashagan.

Juda tang holda. To‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bek amnistiya bilan qamoq (Qorovulbozor)dan chiqayotgan kuni zona boshlig‘i o‘ta mash‘um qora niyatda uni ozodlikka qo‘ymagan. Vaholanki, Eshova

Prezident devonidan o‘g‘lining amnistiyaga chiqqanligi to‘g‘risida xat ham olgan. Bu maktub hamon unda saqlanmoqda.

O‘ta mash‘um qora niyat...

Qandoq?

Eshovaning qon yig‘lab aytishicha, xozyainning (zona boshlig‘i) ashaddiy tuhmati bilan 1975 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek o‘limga hukm etilgan.

Qandoq?

Zona boshlig‘i- T. G‘. o‘zi bilan o‘chakishib yurgan Boris otli kimsani laxmachlar (quloqlar) orqali o‘ldirtirgan. So‘ng uni Ulug‘bekka to‘nkagan. Orqasida so‘rovchisi yo‘q kambag‘alga to‘nkash xozyain uchun pista po‘chog‘i... Bundoq hodisalar qamoqxonalarda kammas...

Odam o‘ldirish-pashsha o‘ldirishmi?..

- Agar Ulug‘bek “ishi” qayta, xolis tekshirilsa, qotil zona boshlig‘i bo‘lib chiqadi, - deydi o‘g‘li dardida kuyib-yonayotgan Bashoratxon.

Adolat tantanasi uchun ham,

Qonun ustivorligini ko‘rsatish uchun ham,

O‘zgalarga saboq bo‘lish uchun ham bu ashaddiy qotillikni fosh etish kerak, deb bilaman.

Yo‘qsa...

Nogiron Bashorat Eshova o‘g‘liga kuyadi. Zor yig‘lab kuyadi.

Bashorat Eshova Toshkentda hovli supuruvchi (dvornik) bo‘lib ishlagan. Maoshi gaz, svetga, issiq, sovuq suvga, qisqasi, kvartira solig‘iga yetmagan. Tepada o‘tirgan (mehnatkashlarga) oylik taqsimlovchilar xalqni nonsiz, kiyimsiz qolishlarini o‘ylaganmikanlar? Maosh to‘lashda har bir o‘zbek xonadonida o‘rtacha qancha (erman, icharman) bola-chaqa borligini hisobga olganmikanlar?

Menimcha yo‘q.

Oydinlar fikri ham shunday.

Sochilish... nurash...ga buni dahli yo‘q deyuvchilar yanglishadilar.

Yeb to‘ymas korchalonlar, og‘zi g‘or korchalonlar faqat va faqat o‘zlarini o‘ylashmayaptimi? Ular uchun muqaddas narsa yo‘q. Xudodan qo‘rqmaydilar.

Bundoqda xalqning qorni to‘yadimi, usti but bo‘ladimi, davlat rivoj topadimi?

SSSR davrida:

Svet o‘charmidi?

Gaz o‘charmidi?

El tashima suv icharmidi?

Yo‘q.

Chirkin SSSR davrida...

Hozir-chi?

Hamma ko‘rib, bilib turgan narsani aytish ortiqcha.

Xalqning bu ehtiyojini (havodek zarur ehtiyoj) qondirish yo‘li, yechimi, mening fikrimcha, men bilgan oydinlarning fikrlaricha bitta. Yeb to‘ymas, olib to‘ymas, o‘marib to‘ymas amaldorlardan va kuch ishlatar tizmlari yulg‘uchlaridan voz kechish kerak. Voz kechish bilan birga ulardagi davlat, xalq mol - mulklarini bor butunicha qaytarib olish lozim. Shu beqiyos mablag‘ hisobiga el - yurtni ichimlik suv hamda nur (svet) bilan to‘kis ta‘minlovchi gidrouzellar (bir qancha gidrotexnika qurilishlaridan tashkil topgan inshootlar, ya‘ni ma‘lum hududlarga joylashgan elektrostantsiyalar, anhorlar, toza suv havzalari va hokazolar)ni bunyod etish zarur. Shuningdek, internatsional so‘z bilan aytsam, aholi uy - joylarini to‘la gazofikatsiyalash (uy - joylar va boshqa turmush ehtiyojlarini gaz bilan uzluksiz ta‘min etish) kerak.

Qizil imperiya davrida, O‘zbekiston Moskvaga, anig‘i, o‘risga qaram va uning qo‘liga qaragan zamonda har xonadonda gaz, svet o‘chmasdi, quvurlarda toza suv oqib turardi dedik. Nimaga?

Komandaning tuzumga sodiq, qobiliyatli ishchan kadrlari sababli.

Hozir?..

Tangriga shukr, hozir, ya‘ni 25 yildan buyon Mustaqilmiz.

O‘z erkimiz o‘z qo‘limizda.

O‘z yer osti, usti boyligimizga o‘zimiz egalik qilayapmiz.

Shundoq ekan, nechun aholini gaz, svet, suv, ish, yetarli maosh bilan ta‘minlolmayapmiz? Men bilgan bir to‘p oydinlar, xususan, iqtidorli jurnalist, iqtidorli tashkilotchi Sharof Ubaydullayevning fikri shundoq:

“Komanda prezident harakatiga yarasha ish tutganda, bunday bo‘lmasdi. Aksari qobiliyatsiz, beburd, noshud, korruptsiyaga botgan. Komandani yangilash kerak. Toza qonlar, ishbilarmonlar, elparvar kadrlar hisobiga”.

Shoir Homroqul Asqar ham Sharof Ubaydullayev fikriga hamohang tarzda deydi:

“Mudhish surilishlar orqasida millat dardidan uzoq, nafsi jar karchalonlar turishibdi. Prezident progress uchun, ro‘shnolik uchun jon kuydirib ishlayapti. Ammo korchalonlar...- gapini oxiriga yetkazmaydi. Aftidan, cho‘chiydi. Shungami, gapini to‘sma (parda)ga o‘raydi:

- To‘g‘ri so‘zlarni teskari ko‘rsatishadi...

To‘g‘ri so‘zlarni uzoq tutishadi...

To‘g‘ri so‘zlarsiz davlat yuksaladimi?

To‘g‘ri so‘zlarni

Bo‘g‘ish,

Qamash,

O‘ldirish millat fojeasini keltirib chiqarmaydimi?

Ulug‘ Temur, yengilmas Temur, o‘lmas Temur shundoq degan:

“Har qandoq kamol- to‘g‘ri so‘z bilan...”

Atrofidagilar...”

- Nima qilmoq kerak?- deb Homroquldan so‘rayman.

- Qutilish...

Men el ichidagi so‘zni aytayapman.

Vatanimiz kelajagini o‘ylab,

Millatimiz kelajagini o‘ylab...

Tub mavzuga, qaytaman. Bashorat Eshova o‘g‘lining o‘lik, tirikligini bilmaydi. Tegishli idoralarga ko‘p yozgan. Tegishli idoralar javob berishmaydi. Yolg‘on bo‘lmasin, onda - sonda javob berganlari ham bor. Bir- biriga zid:

“O‘lgan”...

“Tirik”...

Bashorat Eshova (bolalari bilan) yemoqqa, kiyimga zor yashagan. Qora qozoni qaynaganini eslolmaydi. Talay marta yordam so‘rab mahalla Kengashiga, Hokimiyatga borgan. Ko‘mak berishmagan.

O‘y - g‘amga g‘arq kunlarning birida, hovli supurayotgan pallada yonidan o‘tayotgan bir kishi Bashoratxonga gap qotgan:

- Hormang , opa.

Bashoratxon boshini ko‘tarib, yo‘lovchiga qaragan: ko‘rinishidan o‘ziga to‘qdek odam. Sipo kiyingan. Ko‘k ko‘z lari kishiga sinovchi boqadi. Ovozi muloyim. Bashoratxon ko‘nglidan o‘tkazadi:

“Yaxshi joyda ishlasa kerak?”

- Charchamayapsizmi, opa?

- Yo‘q, uka.

- Horg‘in ko‘rinasiz?

Ochlikdan sillasi qurigan xotin uning ovozidan rahm hissini tuyadi. Bir nima deyishga og‘iz juftlaydi. Ichidan sasi chiqmaydi. Bunga ayollik g‘ururi, ayollik hayosi yo‘l qo‘ymaydi.

Eshova ko‘k ko‘z kishini yana talay marta ko‘radi. U qarshisidagi ko‘p qatli uyga kiradi. Ancha vaqtdan so‘ng u yerdan chiqadi. Bashoratxondan salom - aligini uzmaydi.

Ba‘zan uni gapga soladi: - Xo‘jayiningiz bormi, opa? - Yo‘q , uka. - Bola- chaqa ko‘pdir? - Uchta. - Qanday boqayapsiz? - ...

Har gal shu xil savol javob...

Bir bozor kuni ko‘k ko‘z kishi ostonada g‘amga cho‘kib o‘tirgan Bashoratxon oldiga keladi. Va hamdardlik bilan deydi:

- O‘y g‘am bilan odam bir nimaga erisholmaydi, opa. Bundayda o‘zingizni yeb qo‘yasiz.

“Nima qilay?” degan ma‘noda og‘zidan aroq hidi kelayotgan kishiga mung‘ayib qaraydi Bashoratxon.

- Rus o‘zbekni bekorga qo‘y demaydi. Bir nimaga erishish uchun kurashish kerak, opa.

Qanday?

- Hamma ko‘rib, bilib turgan narsaga qarshi...

- Tushunmadim, uka.

- Andijonda qirg‘in qilgan kishidan nima kutish mumkin?.. Ovozini pastladi ko‘k ko‘z, - Piketga chiqing.

- Piket nima?

- Mitingga, namoyishga... Yolg‘izmas, bolalaringiz bilan, yaqinlaringiz bilan... faqat shu yo‘l bilan undan qutilish mumkin.

Shu gap so‘zdan so‘ng siyosatdan yiroq soddadil xotin to‘rt- besh marta piketga chiqadi. Buning uchun: “Prezident siyosatiga qarshi chiqdi” degan ayblov bilan ikki kuncha Yakkasaroy Ichki

Ishlar bo‘lim binosida ushlab turiladi. Shu yerda Bashoratxon tasodifan ko‘k ko‘z kishini ko‘radi. Militsiya formasida.

U Bashoratxonni ko‘rib, ko‘rmaslikka oladi. Bashoratxonni muz ter bosadi. U yonidagilardan ko‘k ko‘zning kimligini so‘raydi. Aytishadi:

“Tergovchi... N.A...”

Shu voqeadan besh kun kechganda, N. Eshovaning uyiga keladi. Unga Toshkentda yashash xavfliligini, yashirincha Bishkekka borishini, u yerdan chet elga ketishini maslahat beradi. Aks holda qamalishi mumkinligini aytadi.

- Oramizda bo‘lib o‘tgan gapni birovga aytib yurmang, opa, - deydi gapi so‘nggida A.- biz siz bilan doim birgamiz...

Tabiatan inonuvchan xotin makrda shaytonni yo‘ldan ozdiradigan A.ga tag‘in aldanadi. Uning “Gullab qo‘ymasin...” degan vahmda ekanini sezmaydi. Xorijga (o‘g‘il- qizi Otabek, Shahlo bilan) ketadi. Bunga ham 9 yil bo‘layapti. Shveytsariyada yashayapti. Tergovchi A.ning ta‘sirida sodda dil xotin yaqin - yaqingacha Sizga boshqacha fikrda bo‘lgan. Navro‘z bayrami arafasida

Eshova menga bir- ikki marta sim qoqdi. “A. tufayli vatandan ketdim, - deb afsuslandi,- ketishim bilan O. otli uchastkovoy milisa uyimga kirgan. Eshikni buzibmi, aniq bilmayman. Men buni bosqinchilik, deb bilaman. Men buni o‘g‘rilik, deb bilaman. Men buni O‘zbekiston qonuniga qarshi, deb bilaman. Agar men O. milisaning uyini shunday qilganimda, u meni tinch qo‘yarmidi? “O‘g‘ri” deb, “ bosqinchi” deb qamatardi. Uzoq yillarga...

Eshovaning gapidan boshimga bir fikr keldi:

Bashoratxon to‘g‘ri aytdi. O.milisa o‘zicha eshikni buzib ochmagan. Uning orqasida odam bor. Kim? Kimlar?

Balki, o‘ziga bino qo‘ygan F.H.dir?

Balki, ikki tomonga o‘ynagan A.N.dir?...

Bashoratxonning uyi (2xonali kvartira) janjal uyasiga aylangandan keyin uy eshigiga muhr bosilgan. Balki, kvartira solig‘i to‘lanmagani uchundir? Balki, boshqa sababdandir?..Lekin o‘z lavozimini suiiste‘mol qilgan bosqinchi milisa O.ga chora ko‘rilmagan.

Balki, endi, xolis tekshiruvchilar (agar xolis tekshirilsa) qonun buzar, uy buzar O.ni va uning orqasida turgan “qalqon” larni jinoiy javobgarlikka tortishar? Shu bilan birga xonalarga yetkazilgan zararlar undirilar . Yana uy soliqlari ham...

Eshova to‘kilgan, talangan kvartirasini vaqtincha qarab turish, epaqaga keltirish va ham kommunikatsiya qarzlarini (2 ml.) davlatga to‘lash uchun shu Navro‘z bayramidan sal oldin Vatan

Mahmudova nomiga Shvetsariya muhri bosilgan, notarius imzosi chekilgan ishonchnoma (Frantsuz, rus tillarida bitilgan) yuboradi. Shu munosabat bilan Vatan Mahmudova (mening qizim)Eshovaning uyiga boradi. Uning yonida jurnalist dugonasi ham bo‘ladi.

Uch - to‘rt kishidan domkomning manzilini so‘rashadi. Ulardan tayin javob olishmaydi. Shunga birinchi qavatda joylashgan LDP redaktsiyasiga kirishadi. Odmi kiyingan, kamtar muharrir domkomni tanir ekan. Unga sim qoqdi:

- Barnoxon, 30 - kvartirada ko‘pdan odam yashamaydimi deyman?..

- Z0 - kvartira SNB kontrolida , - ruscha ovoz eshitildi go‘shakdan, - eshikni SNB pechatlab ketgan.

- Doverennostь bilan kelsalaringiz yaxshi bo‘lardi, - deydi redaktor Mahmudovaga.

Ikki kundan keyin Mahmudova (do‘sti bilan birga) Barnoning uchinchi qavatdagi kvartirasiga chiqadi. Unga ishonchnoma qog‘ozini ko‘rsatadi. Millati o‘zbek Barno o‘z tilini bilmaydi, ruscha gapirishni talab qiladi. Davlat tilini bilmagan kishi domkom bo‘lishi mumkinmi? Bu muqaddas yurt Rossiya emas, O‘zbekiston - ku. Ruschani tushunmaydigan keksalar bor. Ikki tilni bilganda ham boshqa gap edi.

Vatan Mahmudova fikrini ruscha bayon etadi. Barno qovog‘ini uyadi va : 30 -kvartirada “ubiystva” bo‘lgan...- deydi.

Agar Barnoning so‘zi chin bo‘lsa, “ubiystva”ni kim qilgan?

Vatan Mahmudova Barnoning bu gapiga uncha ishonmaydi. Uning redaktorga aytgan so‘ziga ham shubha bilan qaraydi:

“30 kvartira SNB kontrolida...”

- Nega bir yil oldin kelmadilaring? Endi... kvartira malo imushestvaga berilayotgan paytda...- Barno gapni buradi.

- Bu xususiy mulk - ku. Egasining roziligisiz, hujjatsiz qanday qilib “malo imushestvaga” beriladi? Bu - O‘zbekiston qonuniga zid. Siz bilan ish bitmaydiganga o‘xshaydi. Bizga Mahalla

Kengashi bilan uchastkovoyning telefon raqamlarini berolmaysizmi?

- Yo‘q... Menda yo‘q...

Mahalla Kengashi raisi N. bilan uchrashdik. Bu paytda kech kirayotgan, yomg‘ir shig‘alab yog‘ayotgan edi. N. bizga xushfe‘l kishiga o‘xshab ko‘rindi. U ishonchnomani diqqat bilan o‘qib chiqdi.

So‘ng:

- Uchastkovoy I.X.ning ham oldidan bir o‘tinglar, - dedi va uning telefon raqamlarini bizga yozib berdi.

- Rahmat!

- Menimcha, bugun kech bo‘ldi. Ertaga, I. vaqt topgan paytda, men Bashoratxonning uyiga boraman.Ikki guvoh bilan. Eshikni ochishga.

- Sog‘ bo‘ling, - dedim va unga Barno haqida gap ochdim.

- Rus tilini hech kim ta‘qiqlamagan.

- Shunday, ammo o‘z tilini ham bilishi lozim.

Davlat tili - o‘zbek tili.

- To‘g‘ri.

- Barnoning so‘zlari bir - biriga zid. Avval eshikni SNB muhrlagan dedi.

Keyin gapidan tondi. Kvartirani "malo imushchestva"ga beramiz dedi. Bu – otasining uyimi? Bu – Konunni mensimaslik emasmi?

- Man Barno bilan gaplashaman…

Mahalla Kengashidan chiqib, uchastka militsiyasi idorasiga bordik. Eshik qulf. I.ga sim qoqdik va maqsadimizni aytdik. Telefondan qo‘pol, dag‘al ovoz keldi:

-Vaqtim yo‘q!

-Bir daqiqaga.

-Yo‘q dedim - ku. Mehmonlarni kuzatayapman. Qolaversa, u kvartirani respublika prokuraturasi pechatlab ketgan.

Ishonmadik.

“ Prokuraturani shu mitti uyni qo‘riqlashdan boshqa ishi yo‘qmi?- deb o‘yladim,- yolg‘on!..”

Bir kundan so‘ng mayor I.X. bilan (idorasida) yuzma- yuz bo‘lganimizda, tag‘in respublika prokuraturasini ro‘kach qildi.

- Tuman prokuraturasi deganingizda ham boshqa gap edi,- dedim tagdor ohangda, - tovuq katagidek bu tashlandiq kulba respublika prokuraturasi nazoratidaligiga o‘zingiz ishonasizmi? U katta tizimning o‘z ish , tashvish, muammolari ozmi? Axir, bu siyosatdan yiroq, oliy ma‘lumotga ega bo‘lmagan, hech qandoq jinoyat sodir etmagan, keksa, nogiron, beva ayolning boshpanasi- ku.

Abduraim Po‘lat,

Muhammad Solih,

Jahongir Muhammadlar bo‘lganda ham boshqa gap edi.

“Plastinka” teskariga aylandi:

- Men eshikni o‘zimcha ocholmayman- da.

- Ishonchnoma - qonuniy hujjat. Mahalla Kengashi bor...

- Xo‘jayinning oldidan ham o‘taylik - da.

- Bu ishni IIBga aloqasiga bormi?

- Har qalay...

Yakkasaroy tumani Ichki Ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari yosh, kelishgan, dimog‘dor yigit ekan. Butun xatti - harakati, gap - so‘zidan sezilib turibdi: dami balandligi. U salomimizga alik ham olmadi. Shunda, ixtiyorsiz bir tarzda ko‘nglimdan o‘zbekning shu iborasi kechdi:

“Katta oxurdan yem yegan...”

U bir- ikki marta ishonchnomani ko‘zdan kechirdi.

Nomigagina. Balki, menga shundoq tuyulgandir?

- Bu hujjat soxta bo‘lishi mumkin, - dedi sovuq , tund ohangda.

- Shveytsariyaning muhri soxta bo‘ladimi?

- Eshovaning pasport kopiyasini olib kelinglar, so‘ng...

Haydarovning 4 - qavatga joylashgan ulkan, salobatli, serhasham, ammo odamning ko‘nglida noxushlik uyg‘otguvchi kabinetidan chiqib, liftga keldik. Yuragim xuruj qilayotgani uchun tilim ostiga nitroglitserin tashladim. Izimizdan F. xuddi bir yomon narsa yuz bergandek: Ilhom - Ilhom!..” deya chopib chiqdi. I. bo‘lsa zinadan quyiga enmoqda edi. F. bizning oldimizga kelib, yana ishonchnomani o‘qigan bo‘ldi. Shoshib. Uning bu harakati menga g‘alati tuyuldi. Shunda tuyqus Barnoning gapi miyamga urildi:

“Malo imushchestvaga bermoqchiydik...”

Berish domkomning qo‘lidan keladimi? Kelmaydi.

Chunki qo‘lida “vlastь” yo‘q. F.da bor. Bu gapni Barno F.ga tayanib aytmayaptimikan? Barno... F.... malo imushestva... Malo imushchestva nomigagina- da. Aslida buning tagida taxlam - taxlam pul... Ko‘k pul... Balki, yanglashayotgandirman? Birovning orqasidan gap qilish yozuq...

Hovliga chiqdik. F. bilan I. bir chetda qizg‘in pichirlashmoqda edi. Nima haqda? Eshovaning kvartirasi haqida. Buni butun vujudim bilan his etdim. Tag‘in Tangri bilguvchi. Biroq, ne ajabki, aqlu yuragim his - tuyg‘um bilan mushtarak edi. Inkor qilib bo‘lmaydigan darajada.

Kirish - chiqish eshiklari lang ochiq, yelvizak izillayotgan qoravulxonada bizni polislar yarim soatdan ortiq tutib turishdi. Nihoyat I. keldi. Tashqariga yo‘naldik.

- Ko‘p qolib ketdingiz? - dedim.

- Ish bilan... Sizlarga aloqasi yo‘q... Ilhom yolg‘onni so‘qdi. Men buni uning beqaror ko‘zi va qa‘tiyatsiz so‘zidan ilg‘adim.

Ko‘cha tomon yurdik.

- Eshovaning pasporti kopiyasini olib kelishni unutmassizlar.

-Shu bilan ish bitadimi? Yoki yana yugur - yugurmi?

- Birinchi zam shunday dedi- ku.

- Ikki advokat bilan gaplashgandik. Ikkovi ham uy qarzini to‘lab, guvohlar bilan eshikni ochib kiraveringlar deyishgandi. Sizlar ishni ko‘paytirib yuborayapsizlar.

- Ko‘rdingiz - ku, bu gapingizni birinchi zam inobatga olmadi. Men kichik odamman...

Pasport nusxasi masalasida Eshova bilan gaplashdik. Ikki kun kechmadi. Bashoratxon nusxani yubordi. Bunga ham qanoat qilmay u I.X.ga sim qoqgan. X.: “Ish kopiyaga qarab qoldi”, degan.

Biroq?..

Ozodlikda ham, qamoqda ham: “Milisa aytaveradi ham, qaytaveradi ham, so‘zidan tonaveradi ham” degan gapni ko‘p eshitganman. Ammo men bu qarashga o‘z nuqtai nazarim bilan yondoshganman. Ayrim g‘arlar tufayli hamma milisani yomonga chiqarish yaramaydi. Yaxshi milisalar ozmas.

Biroq...

Bundoq kaslar o‘zlariga ham, o‘zgalarga (fuqorolarga) ham ortiqcha ish, ortiqcha tashvish tug‘diradilar. Balki, bu “volakita” asnosida nafs ilinji yotar... Bu taxmin.

Har narsa Tangriga ayon.

Pasport nusxasini berish uchun mayor X.ga sim qoqdik. U: “ Rovd” darvozasi oldida kutaman” dedi. Bordik. U bir so‘z, sababsiz Vatan Mahmudovani ichkariga boshladi.

- Tinchlikmi?

- Bir minutda chiqadi.

- Tag‘in nima gap?

- Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i A.N. so‘rayapti.

- Nimaga?

- Bilmadim.

- Birinchi o‘rinbosar F. H. bilan gaplashganimiz yetmaydimi? Mana, u talab qilgan narsani olib keldik. Yo uning so‘zi so‘zmasmi?

- So‘z... Lekin... men buyruqni bajarayapman.

- Kimning buyrug‘ini?

- Birinchi zamning...- U o‘zi sezmagan holda “gulladi” shekilli, yuzi oqardi. So‘ng xatosini tuzatish uchunmi, gapni burdi,- kiradi, chiqadi.

- Bu ishga tergovchining aloqasi yo‘q. Uy oldi, sotdi bo‘lmayapti. Vaqtincha qarab turishga berilayapti. Qo‘limizda qonuniy hujjat. Kommunikatsiya solig‘ini to‘lab, ochamiz, ikki - uch guvoh bilan.

- Tashvish orttirib nima qilasiz?

- Qandoq tashvish? Nima, jinoyat sodir bo‘ldimi?

- Boshqacha tushundingiz.

- Gapni burib...

- Ota, qo‘ying, bir zumga deyapti - ku, - qizim so‘zimni bo‘ldi.

“Bir zum...” uch soatga cho‘zildi. Uch soat yomg‘ir ostida turdim. Har xil xayollarga bordim... Uch marta tilim tagiga nitrogletsirin qo‘ydim. Qizim chiqmadi. Oxiri I.ga telefon qildim. U

Vatanni tergovchi A.ning qabulida (keyincha bildim) qoldirganu qochgan ekan.

- Hozir... Hozir... - uchastkovoy I.Xning ovozi o‘chdi.

Uch yarim soatcha vaqt kechganda, Vatan Mahmudova IIB binosidan chiqdi. A. N. uni xuddi jinoyatchidek uch soat tergov qilgan. Qancha bolasi bor, bolalari nima bilan mashg‘ul, o‘zi nima ish qiladi va hakozo - hakozo. Vatanni suratga ham olgan.

Mayor A. N.ning o‘zbek qonuniga qarshi so‘roq, harakatidan sezish mumkin, uning niyati Vatan Mahmudovani qo‘rqitish, qo‘rqitib 30- kvartiradan bezdirish bo‘lgan. Aftidan , u bu g‘araz topshiriqni birinchi o‘rinbosar F. H.ning olgan. I.X: “Buyruqni birinchi zam berdi...” deb bejiz aytmadi. Bundan shundoq xulosa chiqarish qiyinmas: “maloimushestva” niqobi ostida

Eshovaning uyini puldorga sotish... taxlam - taxlam ko‘k pulga...

Yurtda, jumladan, Toshkentda qonun yuziga bunday oyoq qo‘yuuvchilar ozmas. Bunga misollar ko‘p... Ammo ochiq xat hajmi buni ko‘tarmaydi. Shu sababli bir misol bilan cheklanaman. Iste‘dodli jurnalist Narzulla Oxunjonovning 4 xonali (Mirza Ulug‘bek tumani, TTZ...) kvartirasi 45 500 AQSh dollariga sotilgan. Sotgan kas: “Men MXX ta‘qibidaman...” deb qochib yuribdi. Agar, mabodo Narzullada ayb bo‘lsa, buning uchun uning bola- chaqasi jabr ko‘rishi kerakmi?

Otasi uchun o‘g‘il - qizlari, akasi uchun uka - singillari yoxud o‘g‘il - qizlari uchun otasi, uka - singillari uchun akasi jabr ko‘rishlari qonunga ham, insoniylikka ham to‘g‘ri kelmaydi.

Bunaqada oilalar sinib, xonavayron bo‘ladi.

Kim jinoyat qilsa, qonunan o‘shaning o‘zi javob berishi kerak. Butun dunyo mamlakatlarida ham shunday. Narzulla Oxunjonovning kvartirasini sotganlar javobgarlikka tortilishlari shart. Vatan oldida uning bolalari esa begunoh, pok. Ular o‘zbek millatining kelajagi. Kelajakka qarshilik - millat ravnaqiga qarshilikdir.

Men yomg‘irda iviganim, ezilganim, nohaqlikdan asabim buzilgani ta‘sirida N.ga sim qoqdim va undan bosiq bir ovozda so‘radim:

- Aybsiz kishini soatlab tergov qilishga va hech asossiz suratga tushurishga qonunan haqingiz bormi?

N. allanimalar deb o‘zini oqlagan bo‘ldi.

Men N.ga Prezidentga tuhmat ( Eshovadan so‘ralsa, u haqiqatni aytadi) qilganini, Eshovani qamoq bilan qo‘rqitganini, oqibat: sho‘rlik ayol xorijga ketishga majbur bo‘lganini aytmadim.

Men N.dan milisa O. 30- kvartira eshigini buzib kirganda, ijaraga harom - harishlarni qo‘yganda, janjal - to‘polonlar bo‘lganda, qo‘shnilarning tinchi buzilganda, nega jim turdingiz, deb so‘ramadim.

Chunki foydasiz edi. Bu “qavm” hech qachon o‘z aybini tan olmaydi. Sakraydi. Tonadi.

Bu jinoyatni A. N. bilmagan, deb o‘ylaysizmi?

Bu jinoyatni F. H. bilmagan, deb o‘ylaysizmi?

Bunga aqli - hushi bor kishi ishonmaydi.

Bilib - bilmaslikka olishgan, deb o‘ylaydi.

O‘zlari ham foydalanishgan... deb o‘ylaydi...

Butun harakat, vaqtimiz zoye ketgandan keyin Eshova bilan telefonda (telefonda ovoz saqlangan bo‘lishi mumkin) gaplashdim:

- Kvartirangizda vaqtincha turish uchun ukangiz Nishon nomiga (Yuqori Chirchiq tumani, “O‘zbekiston” jamoa xo‘jaligi) ishonchnoma yuboring. Yo‘qsa, uni “malo imushchestva” niqobi ostida pullashadi... Men bu qonunbuzarlik to‘g‘risida Yurtboshiga ochiq xat yozayapman... Janob prezident!

Xatni aniq ko‘rgan, bilganlarim asosida yozdim. Mayda - chuyda tafsilotlarigacha. Nega? “ Qonun himoyachilari” sakrab, tonmasliklari uchun.

Janob prezident!

El orasida shunday gaplar yuradi: “Kuch ishlatar tizmlariga cheksiz huquq berilgan. Yurtda shular o‘z vaqtida maosh olishadi. Maoshlari ham otning kallasiday. Boshqa tarmoqlarga qaraganda to‘rt - besh marta ko‘p. Yana xalqni talashadi... buzuqchilik qilishadi... Imkon , imtiyozlari cheksiz!. Nafaqadorlari ham toshib ketgan. Pensiyalari katta. Harom yo‘l bilan yig‘ib olgan pullari ham yetti pushtilariga yetadi. Shunga ular bilan el orasida jarlik paydo bo‘lgan...”

Bu gapda jon bor. Biroq to‘la qo‘shilib bo‘lmaydi... uchun tozalarni aybsitish yozuq. “Tozalari- davlat tayanchi” - deyishadi yurtda muqim yashayotgan yozarlar - Miryoqub Qobil, Muhammad Ismoil, Nodir Normatlar.

Aftidan, O. milisaga o‘xshaganlar, uning orqasida turganlar ko‘zda tutiladi. General Almatov davrida ular o‘zlarini MXX, Prokuratura, Sud xodimlaridan ham yuqori olganlar. Hozir ham ayrimlari o‘sha havo bilan yuribdilar. Bular:

Otalarining pullariga o‘qiganlar,

Orqalarida “tog‘lari” borlar,

Miyalari puchlar,

Nafsilari g‘orlar,

Ko‘ngillari g‘arlar...

- Hozir hukumat ularning tanoblarini tortayapti, dumlarini tugayapti, qamoqqa tiqayapti, - deydi yozuvchi Miryoqub Qobil.

- Masalan? - So‘rayman Miryoqubdan.

General Ahmad Usmonov...

Maydalari esa son - sanoqsiz.

Janob prezident!

Eshovaning A. tergovchi tomonidan yo‘ldan ozdirilganligi sabab, Eshovaning O. milisa tomonidan talangan kulbasi sabab, el og‘zidagi gapni ham aytdim. Buni men qaramsiz yurtimizning kamolini o‘ylab aytdim. Sharof Ubaydullayev ham. Tangri oldida beg‘araz, xolis aytdik. Bu yog‘i Sizning so‘zingizga bog‘liq.

Evril Turon.1.04. 2016.Toshkent, Mirzo Ulug‘bek tumani

Bu mavzuda batafsilroq