Kreml 'Süddeutsche Zeitung' dan kechirim so‘radi

Image copyright AFP

Kreml nemis tilidagi Süddeutsche Zeitung ro‘znomasidan u kimga qarashli ekani to‘g‘risida noto‘g‘ri ma‘lumot bergani uchun kechirim so‘rashiga to‘g‘ri keldi.

Payshanba kuni jonli muloqotda Rossiya Prezidenti Putin savollardan biriga javob bera turib, "Süddeutsche Zeitung" ro‘znomasini Amerika shirkatiga qarashli deb aytgan edi.

"Albatta biz o‘z uzrimizni bildirdik va nashrdan ham kechirim so‘raymiz", deb aytgan Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga.

Image copyright AP

Peskov bu uning shaxsiy xatosi bo‘lganini tan olgan. "Bu bizning xatomiz, aniqrog‘i, bu to‘g‘risida ma‘lumot tayyorlagan mening xatoim,- deb ta‘kidlagan Kreml vakili. Bu yerda haqiqatdan tekshirilmagan ma‘lumot bo‘lgan, qo‘shimcha tarzda tekshirilmasdan uni prezidentga taqdim etilgan".

Dmitriy Peskov shu o‘rinda biznesmen Mixail Proxorovning ONEKSIM shirkati shtab ofisida o‘tkazilgan tintuvga ham izoh berib ketgan. Ba‘zi ommaviy axborot vositalari tintuvniONEKSIM tarkibidagi RBK mediaxoldingi muharrirlik siyosatidan hukumatning noroziligi bilan bog‘lashgandi.

"Bu xabarlar noto‘g‘ri. Qandaydir qidiruv-surishtiruv ishlarini Kreml bilan bog‘lash aqlga to‘g‘ri kelmaydi", degan janob Peskov.

Image copyright RIA Novosti

Prezident Putin 14 aprel kuni rossiyaliklar bilan navbatdagi "Jonli muloqot"ni o‘tkazayotib, ofshor shirkatlar haqida berilgan savolga "panama hujjatlari" to‘g‘risidagi dastlabki maqolalar Süddeutsche Zeitung ro‘znomasida paydo bo‘lganini qayd etgandi. "Süddeutsche Zeitung"media xolding tarkibiga kirib, xoldingning o‘zi Amerikaning Goldman Sachs moliya shirkatiga qarashli. Ya‘ni, hamma yoqda buyurtmachilarning quloqlari ko‘rinib turadi, lekin qizarishmaydi ham", degandi janob Putin o‘z matbuot kotibining bergan ma‘lumotlariga tayanib.

Keyinroq,"Süddeutsche Zeitung" nashri bevosita ham, bilvosita ham Amerikaning Goldman Sachs moliyaviy shirkatiga bog‘liq emasligini ma‘lum qildi.

"Süddeutsche Zeitung" hech qanday holatda "Goldman Sachs"ga taaluqli emas. Ro‘znoma 100 foiz "Süddeutscher Verlag"nashriyotining sho‘‘ba shirkati hisoblanadi, deb aytgan nashr direktori Shtefan Xilsher.

Image copyright RIA Novosti

Rossiya Prezidentining televideniyeda jonli muloqotidan so‘ng muxolifat vakili Mixail Xodorkovskiy Putin va savol beruvchilar tadbirga oldindan qattiq tayyorgarlik ko‘rganlariga qaramasdan, kamida uchta xatoga yo‘l qo‘ygani, jumladan nemis ro‘znomasining egasini noto‘g‘ri aytganini Feyosbukdagi sahifasida yozib qoldirdi.

Shuningdek, Putin jonli muloqotning haqiqatdan "jonliligi"ni xalqqa ko‘rsatib qo‘yishga harakat qilib, savol bergan kishiga murojaat qilganda, boshlovchilar savol oldindan yozib olinganini aytishga majbur bo‘lishgan.

Jonli muloqotda Putinga shuningdek, Erdo‘g‘on va Poroshenko, Ramzan Qodirov haqida, Suriya, Ukraina, Tog‘li Qorabog‘ga doir, Rossiyaning birinchi xonimi va meldoniy taaluqli savollar berilgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq