Yaponiya: "yana yer silkinishi ehtimoli bor"

Image copyright Getty

Yaponiyadagi qariyb 250000 kishiga o‘zlarining yashab turgan uylarini tashlab chiqish maslahati berilgan, odamlar yana zilzila yuz berishi mumkinligidan ogohlantirilganlar.

Yaponiya metereologiya agentligi shu yaqin kunlarda yana yer silkinishi kutilmoqda demoqda.

O‘tgan hafta mamlakat janubidagi ikki kuchli zilzila oqibatida kamida 42 inson nobud bo‘ldi, 1000 dan ortiq odam jarohatlandi.

Qidiruv va qutqaruv ishlariga 30000 cha odam jalb etilgan.

Politsiya 11 insonning taqdiri noma‘lum qolayotganini aytgan.

Ikki silkinish ham vayronali bo‘lgan.

Image copyright AFP

Binolar qulab tushgan, yo‘llar, ko‘priklar va tunellar buzilgan.

Yer silkinishlari uzoq tog‘ qishloqlarini markazdan uzib tashlagan.

Yaponiya Qizil Xoch tashkiloti maslahatchisi Naoki Kokavaning BBCga aytishicha, uylarini tashlab xavfsiz joylardagi evakuatsiya markazlariga joylashtirilgan odamlarga yordam berish uchun yanada ko‘proq tibbiyot xodimlarini safarbar etishga qaror qilingan.

Bir necha kundan buyon evakuatsiya markazlarida qolayotgan kishilarning ayrimlari o‘zlari uchun ko‘ngildagidek sharoit yaratilmaganidan shikoyat qilganlar.

Birov kechki ovqatga faqat ikki kosa guruch berilganini aytsa, birov suv yetishmayotganidan shikoyat qilgan.

Image copyright AP

Ko‘chirilgan insonlarga sharoit masalasi Yaponiya parlamentida ham ko‘tarilgan.

Muxolifat tanqidlariga javoban Bosh vazir Shinzo Abe hukumat qo‘lidan kelgan barcha ishlarni qilayotganini aytdi.

Yaponiyada 50 minglik qo‘shini bo‘lgan AQSh havo orqali yordamlarni tashkillashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma‘lum qilgan. Seysmik faol

14 aprel kuni ham zilzila ro‘y bergan, oqibatda to‘qqiz inson halok bo‘lgan edi.

Yaponiya seysmik faol mintaqada joylashgan mamlakat va zilzilalar ko‘p yuz berib turadi.

Mamlakat tarixidagi eng halokatli zilzilalardan biri 2011 yilning 11 mart kuni ro‘y bergan edi.

9 balli zilzila dengizda tsunamini paydo qilgan, ulkan to‘lqinlar katta hududni butkul vayron etgan edi.

Tabiiy ofat oqibatida qariyb 15000 inson nobud bo‘lgan.

2500 dan ziyod inson bedarak ketgan.

Zilzila "Fukusima" Atom elektr stantsiyasining sovutish tizimini ishdan chiqargan, oqibatda AESning olti reaktoridan to‘rttasi ishdan chiqqan.

AES atrofidagi 20 kilometr masofadan aholi ko‘chirilgan, bu joylarda hozir odam yashashi ularning hayoti uchun xatarli deb ko‘riladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq