Qrim Tatarlar Mejlisi rasman taqiqlandi

Image copyright UNIAN
Image caption Qrim anneksiyasiga qarshi chiqqan Qrim Tatarlar Mejlisi rahbarlari Chubarov va Jemilevlarga Rossiyaga kirish taqiqlangan

Rossiya Adliya vazirligining 18 aprelda chiqargan qaroriga ko‘ra, Qrim Tatarlari Mejlisi faoliyati rasmiy tarzda to‘xtatilgan.

Milliy mejlis "ekstremistik faoliyat olib borgan jamoatchilik va diniy tashkilotlar ro‘yxati"ga kiritilgan.

Qaror vazirlik saytida e‘lon qilingan. Unda aytilishicha, Qrim Respublikasi prokurori Natalya Poklonskaya "Qrim tatar xalqi mejlisi"ni ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritganidan so‘ng, tashkilot faoliyatini to‘xtatish qarori berilgan.

Mejlis — Milliy qurultoyning ijro etuvchi organi bo‘lib, qrim tatar xalqining vakolatli idorasi sanalgan.

Mejlis rahbarlari ukrainalik siyosatchilar Refat Chubarov va Mustafo Jemilevlar Qrimning Rossiyaga qo‘shilishiga qarshi chiqqanlar va bosimlar ortida yarim orolni tark etishga majbur bo‘lgandilar.

2014 yilda Rossiya o‘ziga qo‘shib olgan tan olinmagan Qrim hukumati tomonidan ular "milliy nizoni qo‘zg‘aganlik" ayblovi bilan 5 yilgacha Rossiyaga kirishlari taqiqlagan.

"Ekstremistik faoliyat oldini olish"

Image copyright RIA Novosti
Image caption Qrim Respublikasi prokurori Natalьya Poklonskaya "Qrim tatar xalqi mejlisi"ni ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan

Oldinroq, prokuror qarori nusxasini Qrim Tatarlari Mejlisi manfaatlarini himoya qilib kelayotgan advokat Jamil Temishev o‘zining Facebookdagi sahifasida e‘lon qilganidan keyin Qrim prokurori Natalya Poklonskaya bu xabarni tasdiqlagan.

"Bugun men federal qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida "Qrim Tatarlari xalqi Mejlisi" jamoat birlashmasining faoliyatini to‘xtatish haqida qaror qabul qildim", deb aytgan Poklonskaya xonim 13 aprel kuni Rossiyaning TASS axborot agentligiga.

O‘z qarorida Rossiya anneksiya qilgan Qrim prokurori Rossiyaning "Ekstremistik faoliyat oldini olish to‘g‘risida" deb nomlangan qonuniga asoslanganini aytgan.

"To‘plangan dalillar shuni tasdiqlaydiki, ushbu jamoat birlashmasining maqsadi va amallari ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga qaratilgan", deb yozilgan prokuror Poklonskayaning imzolagan qarorida.

Advkoat Jamil Temishevning aytishicha, prokuror qarori ustidan mahkamaga shikoyat etishga qaror qilganlar.

"Bizning protsessual muxolifimiz bunday qarorning mahkamaviy istiqboli yo‘qligini anglab turgan bo‘lsa-da, shu yo‘l faoliyatni to‘xtatishga intilayapti. Albatta, biz buning ustidan shikoyat qilamiz", deb aytgan advokat Jamil Temishev TASS axborot agentligi bilan suhbatda.

Bundan keyin Qrim Oliy sudi Qrim Tatarlari Mejlisini ekstremistik tashkilot deb tan olish yoki olmaslik va Mejlis faoliyatini Rossiya hududida taqiqlash borasidagi ishni ko‘rib chiqishi kutiladi.

Rossiya anneksiyasidan keyin Qrim Tatarlari Mejlisi rahbarlari Mustafo Jamilev va Refat Chubarovlarning yarim orol hududiga kirishlari taqiqlangan edi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq