Ekvadordagi zilzila qurbonlari soni 400 dan oshgan

Image copyright Matias Zibell BBC Mundo

Ekvador rasmiylariga ko‘ra, shanba kuni yuz bergan kuchli yer silkinishi oqibatida o‘lganlar soni shu paytgacha kamida 410 nafardir.

Ikki yarim mingdan ortiq insonlar jarohat olganlar.

Ekvador Prezidenti Rafael Korrea tabiiy halokatni mamlakat tarixida so‘nggi 70 yil ichidagi eng ulkan fojea deb atagan.

Tabiiy ofat yuz bergan hududga borgan Prezident Korreaning aytishicha, tiklash ishlariga milliardlab dollar kerak bo‘lishi mumkin.

7,8 balli zilzila Ekvadorning Tinch ummoni qirg‘og‘ida joylashgan shaharlariga ulkan talofot yetkazgan, ko‘plab binolar yer bilan yakson bo‘lgan, yo‘llar yaroqsiz holga kelgan.

Qutqaruv ishlariga 14 mingdan ortiq harbiy va politsiya xodimlar jalb qilingan, boshqa mamlakatlardan ham qutqaruvchilar yuborilgan.

Dushanba kuni kechqurun uch va olti oylik ikki qizaloq doxil olti kishi Manta shahridagi mehmonxona vayronalari ostidan qutqarilgan.

Image copyright Matias Zibell BBC Mundo

Zilzila kuchli bo‘lgan Portovexo va Pedernales shaharlarida dafn marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

Sayyohlar ko‘p bo‘lgan bu ikki shaharda odamlar ko‘chalarda uxlamoqdalar.

Portovexo shahrida qamoqxona binosi qulashi orqasidan 100 dan ortiq mahbus qochgan.

Ularning bir nechtasi ushlangan, biroq o‘nlab xavfli mahbuslar ochiqda qolayotganini xabar beradi politsiya.

Ekvador rasmiylariga ko‘ra, minglab vayronalar ostidan tirik qolganlarni qidirish davom etmoqda, biroq qurbonlar soni oshishi mumkin.

Amerika Davlatlari bosh kotibi Luis Almagroning bildirishicha, kam foydalaniladigan favqulodda fondlar Ekvadorga yordam uchun jalb qilinadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring