"Qandim Markaziy Osiyodagi yirik majmualardan biri bo‘ladi"

Image copyright RIA Novosti

Jahon ommaviy axborot vositalarining e‘tibori Buxorodagi yangi gazni qayta ishlash majmuasi barpo etilishi boshlanganiga qaratilmoqda.

19 aprel kuni Buxoro viloyatida Qandim Gazni qayta ishlash majmuasining qurilishi boshlanishi munosabati bilan tantanali marosim tashkil etildi.

Marosimda so‘zlagan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev ushbu majmua Markaziy Osiyodagi eng yirik gazni qayta ishlash korxonalaridan biri bo‘lishini aytgan.

"Ushbu loyihaning hayotga tatbiq etilishi 2000 doimiy ish o‘rnini barpo etadi", degan O‘zbekiston bosh vaziri.

Loyihaga Rossiyaning Lukoyl shirkati bosh-qosh bo‘ladi.

Qandimdagi marosimda gapirgan Lukoyl rahbari Vagit Alekperov so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha eng yaxshi mutaxassislar va zamonaviy texnologiyalarni o‘zida jamlaydi, xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish va atrof-muhitni muhofaza qilishning eng yuqori standartlariga tayaniladi.

Qandim Gazni qayta ishlash majmuasi loyihasi ilk bosqichi 3 milliard AQSh dollaridan ziyodga baholanayotgani aytilgan.

Bu loyiha gazni qayta ishlash zavodi, gazni yig‘ish shoxobchalari, 370 kilometrlik gaz uzatish quvuri, 160 kilometrlik avtomobil yo‘li, 55 kilometrlik temir yo‘l, suv uzatish tizimi, ishchilar uchun shaharcha va boshqa zarur infratuzilmalar qurilishini ko‘zda tutgan.

Qandim majmuasi qurilishida 7000 kishi band bo‘lishi xabar qilinmoqda.

Gazni qayta ishlash zavodi yiliga 8 milliard kubometrdan ortiq gaz yetkazib berish quvvatiga ega bo‘lishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston neft-gaz sanoati bilan uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib keladigan Rossiyaning Lukoyl shirkati Qandim loyihasi ustida "O‘zbekneftgaz" bilan 2004 yildan buyon birga ishlab keladi.

Lukoyl 2014 yili Qandim majmuasi qurilishi uchun va gazni qayta ishlash zavodi asbob-uskunalarini yetkazib berish borasida Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering shirkati bilan shartnoma imzolagan.

Qandim Gazni qayta ishlash majmuasining 2018 yili ishga tushirilishi mo‘ljallangan.

Vagit Alekperov so‘zlariga ko‘ra, Lukoyl 2015 yili O‘zbekistonda 6 milliard kubometr gaz qazib chiqargan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring