Latviya "pul yuvish" xizmatlari yopilmoqdami?

Xabarlarga ko‘ra, Latviyada noqonunuiy pullarni "yuvish" amallariga qarshi kurash boshlangan. Bu esa sobiq Ittifoq mamlakatlaridan bo‘lgan mijozlarga ta‘sir qilishi kutilmoqda.

Latviya sobiq Sho‘rolar Ittifoqi hududida o‘ziga yarasha moliya markaziga aylangan bo‘lib, mamlkat banklari orqali millionlab shubhali yo‘lda kelgan pullar o‘tishi haqida anchadan beri aytib kelinadi.

Latviyadagi banklar Markaziy osiyolik, xususan o‘zbekistonlik mijozlar orasida ham eng ko‘p foydalaniladigan xorijiy moliya institutlaridir.

Aslida Latviyada Rossiya, Ukraina, Moldova yoki boshqa MDH davlatidan bo‘lgan pullarni qo‘shtirnoq ichida "yuvish" yoki qonuniylashtirib olishga qarshi kurash 10 larcha yillardan beri davom etib kelayotgani aytiladi.

Lekin bunga qaramay, Latviya Sharqiy Ovro‘podagi eng "samarali va ishonchli" "pul yuvish" makoni degan nomni orttirib olgan.

Latviyadagi qator banklarning boshqaruvida ishlagan Girt Rungaynisning aytishicha, "Latviyadagi banklarda hisob ochib, Ovro‘poning boshqa mamlakatlarida imkonsiz bo‘lgan moliyaviy amallarni bemalol bajarish mumkin".

"Masalan boshqa hech joyda rossiyalik ishbilarmon kelib chiqishi shubhali bo‘lgan pullar bilan bordi-keldini bu yerdagi kabi tez amalga oshira olmaydi", deydi Rungaynis.

Uning aytishicha, balki bunday holatlar boshqa mamlakatlarda ham yuz berar, lekin Latviyada bu muntazam muammoga aylangan.

"Bank sohasining deyarli yarmi "noqonunuiy pullarni yuvish" dan boshqacha ta‘riflab bo‘lmaydigan amallar ortidan kun kechiradi. Bu sohada ishlovchilar buni bilishadi va imi-jimida so‘z yuritishadi", deydi Girt Rungaynis.

Latviyaga "mijozlar"ni ikki asosiy omil tortadi. Birinchisi, mamlakat Ovro‘po Ittifoqi a‘zosi, va ikkinchidan bu yerda rus tilida gapiradilar va sobiq Sho‘rodan bo‘lgan mijozlarga ishonadilar.

Banklar mijozlari pullarida muammo ko‘rmaydi

Moliya sohasida ishlovchi Inesis Feyferisga ko‘ra, albatta ba‘zi pullarning kelib chiqishini tekshirish kerak.

"Lekin birinchidan mablag‘ning kelib chiqishini tekshirish oson ish emas va ikkinchidan, uzoqroq tekshirsangiz mijozni yo‘qotib qo‘yishingiz ham mumkin", deydi Feyferis.

Latviya banklari esa o‘z navbatida butun sohani deyarli 20 yildan beri ish bilan ta‘minlab kelayotgan va mamlakatni mintaqaviy moliya markaziga aylantirgan mijozlariga sodiqlar.

Siyosatchilar esa yaqin-yaqingacha bank lobbisi talablariga yon berib, shubhali amallarga ko‘z yumishga majbur bo‘lganlar.

Latviyadagi yirik banklarning mijozlari asosan xorijdan. Banklarning o‘zlari xorijlik mijozlarning pullarida muammo ko‘rmaydilar.

"Latviyadagi shubhali mijozlar soni boshqa joydagidan ko‘p emas"

Latviyadagi Rietumu bankining prezidenti Aleksandr Pankovning BBCga aytishicha, agarda mijozlar pullarining kelib chiqishi haqida ishonchli ma‘lumot taqdim eta olmasalar, bunday mijoz bilan ish ko‘rilmaydi.

"Pullarni yuvishga qarshi kurash juda muhim. Shuning uchun biz va boshqa banklar ham kurash usullarini mustahkamlash yo‘lida harakat qiladilar", deb aytgan Aleksandr Pankov.

ABLV banki vakili Ilmars Yangars ham Latviya bankidagi shubhali mijozlar soni Avstriya, Lyuksemburg yoki Shvetsariya banklaridan ko‘ra ko‘p emas, deydi.

"Hamma qonun-qoidalarga biz hamisha rioya qilganmiz va hech qanday eslatmalarsiz rioya qilib boramiz", dedi u BBC bilan suhbatda.

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti nima deydi?

Latviyaning iqtisodi katta emas. Lekin moliyaviy soha qamrovi va oshkoralikning yo‘qligi mutaxassislarning xavotirlariga sabab bo‘lgan.

Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti hisobotida aytilishicha, Latviya banklarining xorijiy mijozlar bilan ishlashlari xorijda shubhali yo‘lda topilgan pullar mamlakat ichkarisida "yuvilishi" imkonini tug‘dirmoqda.

"Depozitlarning katta qismi korruptsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlardan kelmoqda", deyiladi hisobotda.

Latviya bank hisoblaridagi pullarning 53 foizi xorijiylarga tegishli.

Bu pullarning 80 foizi sobiq Ittiifoq davlatlaridan kelgan.

Pul o‘tkazmalari asosan dollarda amalga oshirilgani uchun bu holat bir tomondan AQShni ham xavotirga solgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, terrorizmni quvvatlash yo‘lida ham foydalanilayotgani borasidagi xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Qonunlarga o‘zgartirish. Xo‘jako‘rsinga

Latviya parlamentining Korruptsiyaga qarshi kurash, Mudofaa va Ichki Ishlar komissiyasi rahbari Aynar Latkovskisga ko‘ra, hozirda mamlakatda terrorizmni qo‘llash yo‘lidagi moliyaviy amaliyot gumoni bilan 6 ish ochilgan.

Latviya AQSh va Xalqaro tashkilotlar xavotirlarini nazarda tutayotganligi aytsa-da, xorijiy mijozlar ko‘lamini o‘zgartirmay kelmoqda.

Lekin xalqaro xavotirlar tufayli pullarni yuvishga qarshi kurash borasidagi qonunlarga 2014 yildan buyon ba‘zi o‘zgartirishlar kiritildi.

Ammo 2015 yili Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti hisobotida aytilishicha, mamlakatda bu boradagi ahvol risoladagidan hali anchayin uzoqda va olib borilayotgan kurash rasmiyatchilikdan boshqa narsa emas.

Tashkilotga kirish ilinjida bo‘lgan mamlakat siyosatchilari uchun bu jiddiy ogoh edi.

Hisobotda pullarni yuvish holatlarining aniq dalillari keltirilgan. Masalan, Kanada shirkati Qirg‘izistonga pullar o‘tkazgan, AQSh shirkati esa Rossiyaga.

Moldovadan milliardlab dollar olib chiqilib, Latviyadagi banklarda "g‘arq" bo‘lgan.

Jarimalar

Bu faktlar ba‘zi o‘zgarishlarga yetaklagan. Moliya va kapital komissiyasi deb nomlangan tashkilot rahbari o‘zgartirilgan.

Latviya sobiq bosh vaziri va Seym deputati Laymdot Strauyumning BBC ga aytishicha, endilikda aynan xorijlik mijozlar pullariga katta e‘tibor qaratiladi.

"Albatta bu ba‘zi banklarda pul aylanish miqyosining tushishiga olib kelishi mumkin. Lekin bank sohasidagi inqirozga yetaklaydi, deb o‘ylamayman", deydi u.

Moldovadan pullarning "g‘oyib" bo‘lishiga aloqadar banklardan biri - PrivatBank ka 2 million yevro jarima solingan.

Trasta Komercbank litsenziyasidan ayrilgan, Baltic International Bank 1,1 million yevrolik jarimaga tortildi.

Bu banklarning hammasi xorijlik mijozlar bilan ish yuritishgan va pullarni yuvishga qarshi qonun-qoidalarni buzganligi aytilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring