Boltiqbo‘yi nimasi bilan o‘zbeklarga jozibali?

Image copyright Thinkstock

"Panama hujjatlari" nomi bilan dunyoga tanilgan hujjatlarning e‘lon qilinishi ayrim O‘zbekiston fuqarolarini ham tashvishlantirib qo‘ygani aniq.

Shu kunlarda esa Latviyada noqonuniy pullarni "yuvishga" qarshi "urush" boshlangani xabarlari tarqalmoqda, sobiq SSSRning Boltiqbo‘yi mamlakatlariga o‘zbekistonliklar ham "ko‘ngil qo‘yganlari"ga ancha bo‘lgan.

Latviya "pul yuvish" xizmatlari yopilmoqdami?

E‘tibor tushgan banklardan biri ABLV Bankdir.

ABLV Bank Latviyaning eng yirik va mustaqil banklaridan biri.

Uning mijozlari Boltiqbo‘yi mamlakatlari va MDH tarkibidagi Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning badavlat kishilaridir.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, uzoq yillardan beri badavlat Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va O‘zbekiston fuqarolari Ovro‘poga erkin chiqish uchun taxminan 80 ming Yevroga Latviyaning rezidentlik maqomiga erishish maqsadida Riga va Yurmalada ko‘chmas mulklar sotib olishgan.

Ikkala taraf ham bu pullarni sarmoya deb ko‘rganlar.

Biroq 2014 yilning sentyabrida Latviyada ko‘chmas mulkni sotib olish uchun "stavka" 250 ming Yevroga oshirildi.

Ko‘pgina hashamatli uylarni sotib olgan o‘zbekistonliklarning soni ham kam emasligi aytiladi.

ARCO REAL ESTATE tashkiloti xalqaro departamentining boshlig‘i Olesya Bogodistaya so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Latviyada ko‘chmas mulk sotib olgan Rossiya va Xitoy fuqarolaridan keyin son jihatidan uchinchi o‘rindalar.

Uning aytishicha, 2013 yilda Rossiyadan qariyb 2000 ariza tushgan bo‘lsa, Xitoydan 278, O‘zbekistondan esa 171 ariza uy sotib olish uchun qabul qilingan.

Anchadan beri ABLV Bank mijozi bo‘lgan va Toshkentda joylashgan O‘zbekiston tadbirkorlaridan birining aytishicha, O‘zbekistondan turib ofshor shirkatini ochishning eng oson yo‘li bu - Toshkentdagi bankning vakolatxonasiga murojaat qilishdir.

Bankka ayrim mablag‘ to‘langanidan keyin bank xodimlari bir oy ichida dunyoning xohlagan burchagida ofshor shirkatini ochib berishadi.

Ular O‘zbekiston tadbirkorlariga Gibraltar, Virdjiniya orollari va Buyuk Britaniya kabi davlatlarda qayd etilgan yuzga yaqin mavjud shirkatlar ro‘yxatini taqdim etishadi.

Agar mijoz o‘zi xohlagan shirkat nomini tanlasa, unda xizmat uchun haq yanada ham ko‘payadi.

Shu sababdan, o‘zbek tadbirkorining aytishicha, ABLV bank bilan onlayn pul o‘tkazmalari va ularni konvertatsiya qilish uchun ishlash juda qulay bo‘lgan.

Ehtimolki, ABLV bankning O‘zbekiston mijozlari xorijiy sheriklari bilan biznes olib borishlari uchun boshqa yo‘l qolmagani sababidan Latviya banklariga murojaat qilishga majbur bo‘lgandirlar.

Ammo shu bilan birga noqonuniy yo‘lda olib chiqilgan pullarning Latviyadagi banklarga borib tushayotgani ehtimoli hali ham saqlanib qolayapti.

O‘zbekistondagi ichki vaziyatni kuzatib borayotgan faollarning aytishlaricha, o‘zbekistonlik amaldorlar va korchalonlar so‘nggi o‘n yil ichida o‘z qarindoshlari yoki ishongan odamlari orqali mablag‘larni Latviya banklariga o‘tkazib keladilar.

So‘ng bu mablag‘lar har xil sxema va tujjoriy shartnomalar shaklida boshqa mamlakatlardagi bank hisoblariga o‘tkazib yuboriladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq