General Do‘stum shimolda nima qilmoqchi?

Hozir Turkmaniston bilan bevosita chegaradosh Jauzjon viloyatida bo‘lgan Afg‘oniston birinchi vitse-prezidenti shaxsan o‘zining bayon qilishicha, mamlakat shimolini bu gal toliblardan mutlaq tozalamoqchi.

Afg‘onistonning aynan shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalari O‘zbekiston doxil aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh hududlar sanaladi.

Ketma-ket ikkinchi yildirki, ayni shu mintaqalar Afg‘oniston Tolibon harakati bahorgi amaliyotlarining ilk nishoniga aylanib keladi.

Afg‘oniston Tolibon harakatining Mulla Axtar Muhammad Mansur boshchiligidagi asosiy qanoti o‘tgan hafta o‘zlarining bu yilgi bahorgi amaliyotlarini boshlashlariga oid bayonot bilan chiqqan, keng ko‘lamli va xudkushliklari doxil qonli hujumlar va‘da qilgandi.

Harakat o‘z bayonotidan sanoqli kunlar o‘tib, Afg‘onistonning qo‘shni Tojikiston bilan bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Qunduz viloyati barobarida qator shimoliy viloyatlarida ham qarshi hujumlarga o‘tgandi.

Xuddi shu hujumlari manzarasida seshanba kuni poytaxt Kobulda ham halokatli xudkushlik hujumi uyushtirishning uddasidan chiqqan.

Shahar qoq markazida va ustiga ustak Afg‘oniston Milliy Xavfsizlik Idorasining maxsus bo‘limini nishonga olishga muvaffaq bo‘lgandi.

Qonli hujumlar 70 ga yaqin insonning umriga zomin bo‘lgan, yuzlab odamlarga tan jarohati yetgandi.

Afg‘oniston Tolibon harakatining mamlakat shimoli-sharqidan tortib, poytaxt Kobul qadar bir necha kunning o‘zida ustma-ust uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan hujumlari esa, afg‘on hukumatining toliblar bahorgi amaliyotlariga har tomonlama hozir ekanliklariga oid takroriy bayonotlari manzarasida kuzatilmoqda.

Ustiga ustak, toliblarning qonli hujumlari yangi liderlarining kim bo‘lishi yuzasidan harakat saflariga jiddiy darz yetgan bir sharoitda amalga oshirilayotgani bilan ham e‘tiborga loyiqdir.

Yangi harbiy amaliyotlar

General Abdulrashid Do‘stum ham harakat bahorgi amaliyotlariga oid bayonotidan sanoqli kunlar o‘tib, mamlakat shimoliga safar qilgan va o‘zining bu galgi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarini ham kecha chorshanba kuni mamlakatning Turkmaniston bilan bevosita chegaradosh Jauzjon viloyatidan boshlagandi.

Mintaqadagi muxbirimiz Hayot Shaybonning xabar berishicha, general Do‘stum boshchiligidagi ikki mingga yaqin qo‘shin bor-yo‘g‘i bir kecha-kunduzning o‘zida viloyatning eng beqaror uch – Oqcha, Xonaqoh va Minggajak tumanlarini toliblardan tozalashga muvaffaq bo‘lishgan.

Afg‘oniston shimolida boshlangan yangi amaliyotlarga Afg‘oniston Qurolli, xavfsizlik, politsiya kuchlaridan tashqari, general Do‘stumning maxsus bo‘linmasi ham jalb qilingani aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, ularga Afg‘oniston Mudofaa vazirligiga qarashli qiruvchi tikucharlar havodan ham turib madad berishmoqda.

So‘nggi paytlarda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyati jiddiy yomonlashgani aytiluvchi bu uch tumandagi toliblarning soni yuzlab ekani taxmin etiladi.

Ammo, mahalliy mas‘ullarga ko‘ra, ularning orasida xorijiy jangarilar deyarli uchramaydi.

Muxbirimiz Hayot Shaybonning aytishicha, ayniqsa, Oqcha toliblar uchun muhim ahamiyat kasb etgan.

Jangarilar bu yerda o‘zlarining shimoldagi asosiy istehkomlaridan biriga ega bo‘lishgan, shu yerdan turib, yon-atrofdagi mintaqalarda uyushtirayotgan hujumlarini boshqarishgan.

Agar, viloyatdan shu kecha-kunduzda olingan xabarlarga tayanilsa, so‘nggi harbiy amaliyotlar jarayonida ularning bu istehkomlari yo‘q qilingan, katta miqdordagi qurol-yarog‘, o‘q-dori va portlovchi moddalar qo‘lga kiritilgan.

Jauzjon viloyatining aksariyat aholisi o‘zbeklar va turkmanlar bo‘lgan Oqcha tumani Afg‘onistonning O‘zbekistonga bevosita chegaradosh Mozori-Sharif shahriga yaqin joylashgan.

Vaziyatni yaqindan kuzatib borayotgan muxbirimizning aytishicha, toliblar har uch tumanda ham afg‘on kuchlariga deyarli qarshilik ko‘rsatishmagan va buning o‘rniga, amaliyotlar borayotgan hududlarni tashlab chiqishni afzal bilishgan.

Muxbirimizga ko‘ra, bu kabi holat manzarasida general Abdulrashid Do‘stum har bir tolibni topib, yo‘q etish istagida ekanliklari bayon qilarkan, harbiy amaliyotlar qidiruv bosqichiga kirgan.

Mahalliy mas‘ullar esa, jangarilarning Turkmanistonga bevosita chegaradosh Xamob va Qarqin tumanlaridan boshpana topganliklarini taxmin etishmoqda.

Rejalar

Afg‘oniston birinchi vitse-prezidentining bayonotlaridan ayon bo‘lishicha, kengi ko‘lamli yangi harbiy amaliyotlari doirasida asosiy e‘tibor mamlakat shimoli va shimoli-sharqidagi jiddiy tahdid ostida bo‘lgan hududlarga beriladi.

Agar, afg‘on hukumati ma‘qul deb topsa, amaliyotlar Turkmaniston bilan bevosita chegaradosh Faryob, Tojikistonga shundoqqina qo‘shni shimoliy-sharqiy Qunduz va so‘nggi paytlarda o‘zbekistonliklari doxil xorijiy jangarilar jiddiy faollashgani aytiluvchi shimoliy Saripul viloyatlari qadar kengaytirilishi mumkin.

Afg‘oniston shimoli-sharqidagi vaziyat jiddiy yomonlashib borayotgani kuzatilarkan, bu – mamlakat vitse-prezidenti, general Abdulrashid Do‘stumning o‘tgan bir yarim yil ichida jangarilarga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarga boshchilik qilish uchun uchinchi bor mintaqaga safar qilishi bo‘ladi.

O‘tgan yilning avgust oyiga to‘g‘ri kelgan va asosan shimoliy Faryob viloyatida kechgan ilk harbiy amaliyotlari chog‘ida general Abdulrashid Do‘stum o‘zlariga qarshi IShID guruhining a‘zolari bo‘lgan va aksariyati markaziy osiyolik jangarilar jang qilishayotganini ham bayon qilgandi.

Lekin keng ko‘lamli ekani aytilganiga qaramay, har gal, bu kabi harbiy amaliyotlar ortidan toliblar qayta faollashishga muvaffaq bo‘lishgan.

Tahlilchilar esa, bunga asosiy sabab qilib, Afg‘oniston shimoli-sharqining murakkab jo‘g‘rofiy joylashuvi, urushlarning partizancha tabiati va ayrim hollarda, afg‘on kuchlarida jang qilish uchun xohish-irodaning o‘zi yo‘qligi kabi omillarni ham keltirishgan. Ularga ko‘ra, havo kuchlarining zaifligi ham jangarilarga qarshi kurashda Afg‘oniston hukumatiga pand berayotgan yana bir muhim faktordir.

Ta‘kidlash joiz, Afg‘onistonda tuzumi qulatilgan o‘tgan 15 yil ichida Tolibon harakati uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan eng keng ko‘lamli, halokatli hujumlari va muayyan muddatga bo‘lsa-da, erishgan eng katta yutuqlari ham aynan mamlakatning aksariyati Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita qo‘shni shimoliy-sharqiy viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Harakat katta sondagi xorijiy qo‘shinlarning hozirligisiz kechgan va Afg‘oniston uchun eng qonlilaridan biri bo‘lgani aytilgan 2015 yilda mahalliy mas‘ullarning o‘zlari IShID jangarilariga nisbat bergan ittifoqchilari bilan birga bu viloyatlarning Turkmaniston va Tojikistonga chegaradosh qator tumanlarini qayta-qayta bosib olishga muvaffaq bo‘lgan.

Hatto, Afg‘onistonda qolgan oz sondagi xorijiy ittifoq qo‘shinlarining ko‘magi bilan ham, afg‘on hukumati bu tumanlar nazoratini katta qiyinchilik bilan qaytarib olishning uddasidan chiqqandi.

Xavotirlar

Afg‘onistonning shundoqqina biqinlaridagi shimoliy-sharqiy mintaqalarida bir yilning ichida vujudga kelgan bu kabi vaziyat Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari qolib, hatto, Rossiya rahbariyatining jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lgan.

Rossiya tomoni afg‘on hukumatini mintaqa xavfsizligiga jiddiy e‘tibor qaratishga undash barobarida, lozim bo‘lgan taqdirda, ularga rasman o‘z ko‘maklarini ham taklif qilgan.

Yaqinda esa, Afg‘oniston tomoniga tekinga katta sonda "Kalashnikov" rusumidagi avtomatlarni ham yetkazgandi.

Bundan tashqari, allaqachon Afg‘oniston bilan o‘zaro chegaralarini mustahkamlash harakatiga tushib qolgan ayrim Markaziy Osiyo davlatlari bilan ustma-ust keng ko‘lamli qo‘shma harbiy-o‘quv mashg‘ulotlariga ham zo‘r bergan.

Rasmiy Ashxobod oshkora rad etganiga qaramay, Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasining himoyasida Turkmanistonga, hatto, o‘z ko‘maklarini taklif qilish darajasiga borgan.

Qirg‘iziston kabi ayrim mintaqa davlatlari esa, Rossiyaniki qatorida Xitoy hisobidan ham o‘z harbiy arsenallarini yaxshilash harakatiga tushib qolishgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi shu oy boshida Afg‘onistonda markaziy osiyolik minglab jangarilar to‘planishgani, ularning orasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan borib qo‘shilganlari katta sonda ekanini bayon qilgandi.

Vazirlik vakili bu ma‘lumotlar jiddiy tekshiruvlar ortidan olinganini ta‘kidlarkan, mintaqada toliblar ham o‘z mavqe‘larini kuchaytirishga urinishayotgani manzarasida mavjud vaziyat jiddiy e‘tiborga olinmasa, chegaralar nazorati qo‘ldan boy berilishi mumkinligi bilan ham ogohlantirgandi.

Rossiya doxil aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari liderlari orada Afg‘onistondagi vaziyatning Iroqdagi kabi tus olib ketishidan oshkora bayonotlar bilan ham chiqishgan.

Rossiya yetakchi o‘rin tutuvchi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti esa, o‘tgan yil oxirlarida Afg‘onistondagi IShID jangarilarining soni uch ming atrofida ekanini bayon qilgandi.

Afg‘oniston rahbariyatining o‘zi ham xalqaro hamjamiyatni o‘z mamlakatini tashlab qo‘ymaslik, aks-holda buning oqibatlari halokatli bo‘lishi mumkinligi bilan ham ogohlantirgandi.

Bu kabi xavotirli bayonotlar manzarasida Markaziy Osiyo davlatlari orasidan, ayniqsa, Rossiya o‘zining harbiy bazasiga ega va Afg‘onistonning qator eng beqaror shimoliy-sharqiy viloyatlari bilan bevosita chegaradosh Tojikiston keskin choralarga qo‘l urgan.

Choralar

O‘tgan bir yarim yilning ichida Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasida qo‘shimcha himoya chiziqlarini tashkil qilgan va chegaraga minglab qo‘shimcha harbiylarini safarbar etgan.

So‘nggi oylarda Afg‘onistonga shundoq qo‘shni janubiy mintaqalarida Rossiya bilan minglab askarlar va katta sondagi harbiy texnika ishtirokida yirik harbiy-o‘quv mashg‘ulotlariga ham zo‘r bergan.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a‘zo davlatlarning aynan Afg‘onistondagi so‘nggi vaziyat sabab uyushtirayotgan qo‘shma harbiy-josuslik mashqlari ham shu hafta boshida aynan Tojikistonda boshlangan.

"Qidiruv-2016", deb nomlanuvchi bu mashqlarda Armaniston istisno tashkilotga a‘zo qolgan barcha davlatlar josuslik bo‘limlari 1500 ga yaqin harbiysining shtirok etayotgani, ularning 22 aprel kuniga qadar asosan o‘z hududlarida terrorchilik amallarining oldini olish, josuslik ma‘lumotlarini to‘plash va tahlil qilish borasida o‘z malakalarini oshirishlari aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Tojikiston tomoni Afg‘onistondagi Tolibon jangarilarining ehtimoliy hujumlaridan tashvishda.

Ammo, Dushanbedagi yetakchi jurnalistlardan biri Iskandar Firuzning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, o‘zaro chegaraning ham Xatlon va ham Badaxshon yo‘nalishi bo‘yicha vaziyat o‘z nazoratimiz ostida, jiddiy xavotirlanishga o‘rin yo‘q, degan mavqe‘da.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Tojikiston-Afg‘oniston chegarasi himoyasida ham hozir ortiqcha chora-tadbirlar ko‘zga tashlanmaydi va o‘zaro chegara so‘nggi paytlarda joriy etilgan favqulodda tartibda qo‘riqlanmoqda.

Uning aytishicha, Tojikiston kuch tizimlari hozir Badaxshon va Qunduzdagi hozirgi vaziyatni yaqindan kuzatib turishibdi va ular Afg‘onistondagi jangarilarning har qanday amallarini bartaraf etishga qodir ekanliklarini bayon qilishmoqda.

So‘nggi oylarda o‘zaro chegaradan noqonuniy giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi qurolli shaxslarning Tojikiston hududiga bostirib kirishga uringanliklari, o‘zaro to‘qnashuvlar natijasida qurbonlar borligi va buning ortidan maxsus tozalash amaliyotlari yo‘lga qo‘yilganiga oid xabarlar ham olingan.

Suhbatdoshimizning o‘ziga imkonli bo‘lgan ma‘lumotlarga tayanib aytishicha, bunga yaqinda Tojikiston kuch ishlatar tizimlarining qator davlatlar maxsus xizmatlari bilan birga qator yuqori martabali Tolibon yetakchilarini yo‘q qilishgani voqe‘ligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Image copyright AFP

Xuddi shu manzarada Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasida vujudga kelgan vaziyat sabab, Turkmanistonning Marisida ham mamlakat qurolli kuchlarining jangovor holatga keltirilgani aytilmoqda.

Qo‘shni Qirg‘iziston va O‘zbekistonda ham chegara qo‘shinlarining shay ahvolga keltirilganiga oid xabarlar bor.

Bunga qo‘shimcha, Qirg‘izistonning Botkent viloyatida ham "Xavfsizlik 2016" nomi ostida maxsus harbiy-o‘quv mashqlari boshlangan.

Agar, Suriyadagi aksariyat a‘zolari o‘zbeklardan iborat ekani aytiluvchi "al-Buxoriy" jangari guruhining da‘volariga ishonilsa, Afg‘onistonning Markaziy Osiyo bilan chegaradosh mintaqalarida o‘zining "Afg‘on bo‘limi" jangchilari jang qilishmoqda.

General Do‘stum ilk bor o‘tgan yil mart oyida Afg‘onistondagi IShID xavfidan oshkora ogohlantirgan.

Sobiq kommunist va afg‘on o‘zbeklari yetakchisi ham sanalgan Abdulrashid Do‘stum uzoq yillar Tolibonga qarshi urushib kelgan.

General Do‘stumning kuchlari xalqaro ittifoq kuchlarining dastagi bilan 2001 yilda Afg‘onistonda Tolibon tuzumini qulatishda ham muhim o‘rin tutgan.

Janob Do‘stum ilk bosqichi o‘tgan yil 5 aprel kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar arafasida g‘olib chiqqan taqdirlarida, Afg‘onistonga tinchlik keltirishga ko‘zlari yetishini bayon qilgandi.

General janoblari BBC bilan suhbatida bu masalada ish faqat diplomatiya bilan bitmasligi va qat‘iyat ham lozim bo‘lishini ta‘kidlagandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - http://bbc.in/1Si6GlC
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (http://bbc.in/1WCQHUC)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq