O‘zbekiston va Tojikistonda urush faxriylarini qanday qadrlashadi?

Image caption Ayni paytda O‘zbekistonda uch mingdan oshiqroq faxriylar qolgani aytiladi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 18 aprelda chiqargan farmoniga ko‘ra, Ikkinchi Jahon urushi faxriylariga davlat byudjetidan 800 ming so‘m ("qora bozor"da 124 AQSh dollari, rasmiy kursda 276 dollar)dan bir martalik pul mukofoti ajratiladi.

Mukofot 9 may Xotira va qadrlash kuni hamda 1941-1945 yillar Ikkinchi Jahon urushida fashizm ustidan g‘alabaning 71 yilligi munosabati bilan topshirilishi aytiladi farmonda.

Ko‘rsatilgan mablag‘ni tantanali va bayramona vaziyatda egalariga topshirish Moliya vazirligi va Markaziy Bank bilan hamkorlikda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, IIV, MXXga yuklatilgan.

Bundan tashqari faxriylar sharafiga bayram tadbirlari, ma‘rifiy-badiiy uchrashuvlar o‘tkazish ko‘rsatmasi berilgan.

"Nuroniy" jamg‘armasi ma‘lumotlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatda uch mingdan oshiqroq Urush faxriylari va 70 mingga yaqin mehnat fronti qatnashchilari qolganlar.

Urushda O‘zbekistondan jami 1,4 mln kishi qatnashgan, undan 400 mingi halok bo‘lgan, 130 mingi bedarak yo‘qolgan.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan so‘ng 9 may G‘alaba kuni emas Xotira va qadrlash kuni sifatida bayram qilinadi.

Mustaqillikdan so‘ng sobiq Ittifoqqa tegishli ko‘pgina so‘zlar, jumladan Ikkinchi Jahon urushiga nisbatan ishlatiladigan Ulug‘ Vatan urushi va G‘alaba bayrami iboralari qo‘llanilmaslikka qaror qilingan.

Hukumatning sovet an‘analarini unutish yo‘lida qilgan ushbu amali bugun Rossiya o‘zini imperiya sifatida his qila boshlagan davrda qo‘l kelayotgani ta‘kidlanadi.

O‘tgan yillarda Rossiyada va MDH davlatlaridagi Rossiya elchixonalari tomonidan g‘alaba ramzi sifatida Georgiyev tasmasi tarqatilishi ham ba‘zi bir mashmashalarga, internetda bahslarga sabab bo‘lgandi.

Bu yil ham hukumatning faxriylarga 120 dollar yoki 800 ming so‘m mukofot puli ajratilishi e‘lon qilingach, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirishgan.

Ko‘pgina faollarga ko‘ra, bugunda atigi uch ming nafar qolgan urush faxriylarga davlat tomonidan ko‘proq moddiy yordam berib, e‘tibor ko‘rsatilsa yaxshiroq bo‘lardi. Ularning soni yildan-yilga kamayib bormoqda.

Narx-navo, maishiy xizmat haqlari kundan-kun oshib borayotgan bir paytda vatan oldida hissasi ulkan faxriylarga yilda bir marta bo‘lsada yetarli moddiy ko‘mak berish kerak, deydi ular.

Jumladan, Amaliya Toravaeva: Mashina berish mumkin edi... hech bo‘lmaganda kir yuvadigan... yoki idish yuvadigan, deb yozadi.

Aleksey Suxininga ko‘ra, "oddiy militsionerga bir yarim million so‘m to‘lanadi, qiziq, ular ham urushadimi?"

Olimjon Yuldashev: "Poradan qaytarilgan pullarni veteranlarga tarqatish kerak" deb hisoblaydi.

Azizbek Rakhmonov esa o‘zbekchasiga "boriga baraka!" deb qo‘yadi.

Narimmat Yuldashev: Hukumatni so‘kish yoki u qilayotgan ishlarini tanqid qilish oson, ayniqsa kompyuter oldida o‘tirib, o‘zingiz-o‘zingizga savol berib ko‘ringchi - qachon oxirgi marta yaqinlaringizga, bobongiz yo momongiz, dadangiz yo onangizga hech bir sababsiz sovg‘a-salom bergansiz, qo‘shni qari kampir yo cholgachi? Birorta nogironga tanish-notanish nogirongachi? Oiladan ortib biror yaxshilik qilibmidingiz.............. Ulug‘ Vatan qanashchilariga qancha yaxshilik qilsangiz ham kam .... ularning bola-chaqasi, nevara - chevaralari qani, davlatni bergan uch so‘mini yoniga ular ham o‘z ulushini qo‘shsa biror joyi kamayib qolmaydi!-deya ko‘p undov belgilari qoldirgan.

Khait Khaitov: Bu g‘alaba bahosimi? G‘alabaning bahosi qancha?

Qo‘shni Tojikistonda faxriylar ko‘proq qadrlanadimi?

Image caption Qo‘shni Tojikistonda faxriylar ko‘proq qadrlanadimi?

Avvalroq Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham Ikkinchi Jahon urushi ishtirokchilari, jabha orti mehnatkashlari va urushda qurbon bo‘lganlarning oila a‘zolariga G‘alaba kuni munosabati bilan 2000 somoniydan mukofot puli berilsin deb buyurgan edi.

2000 somoniy 250 AQSh dollaridan ko‘proq va qora bozor narxlari bilan solishtirganda prezident Karimovning tuhfasidan ikki karra ortiqroqdir.

Tojikistonda G‘alaba kuni munosabati bilan beriladigan mukofot puli 3000 kishiga taqdim qilinadi.

Bugungi kunda Tojikistonda 633 nafar Ikkinchi Jahon urushi faxriysi istiqomat qiladi.

O‘tgan yil esa ularning soni 810 nafar bo‘lgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq