Obama Britaniyani OIda qolishga undadi

Image copyright Getty

AQSh prezidenti Barak Obama Daily Telegraph gazetasida yozgan maqolasida Britaniya Ovro‘po Ittifoqi tarkibida qolishining afzal tomonlarini yoritdi.

Britaniyada 23 iyun kuni Ovro‘po Ittifoqi a‘zosi bo‘lib qolish yoki qolmaslik borasida referendum o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

Mamlakat bosh vaziri Devid Kameron ittifoqi tarkibida qolish tarafdori, ammo hukumatning ba‘zi nufuzli a‘zolari unga qarshi chiqishgan.

Ba‘zi britanlar Ovro‘po Ittifoqi rahbariyati qabul qilgan qonunlar Britaniya mustaqilligini cheklashiga ishonadilar.

Image copyright Getty

Obamaning Buyuk Britaniyaga tashrifi arafasida chiqqan maqolada aytilishicha, Ovro‘po Ittifoqida qolish Britaniyaning buyukligini saqlab qolish bilan birga uning xalqaro sahnadagi ta‘sirini oshiradi.

Obama, shuningdek, britanlarga Vashington va London o‘rtasidagi "mahsus aloqalar"ni eslatadi va Buyuk Britaniya AQSh va Ovro‘po Ittifoqi o‘rtasidagi vosita ekanini aytadi.

"Sizning kuchli ovozingiz Ovro‘po Ittifoqi uchun jahonda o‘z barqaror mavqeini saqlab qolishga kafolat berishi AQShga ayon", - deb yozadi Obama o‘z maqolasida.

Ayni damda u ittifoq tarkibida qolish yo qolmaslik qarori Britaniya xalqiga tegishli ekani, hamda u tashqaridan hech qanday bosim o‘tkazish niyatida emasligini urg‘ulaydi.

Rasman Obamaning Londonga tashrifidan maqsad terrorizmga qarshi kurash masalalarini muhokama etishdir, ammo juma kuni o‘tadigan matbuot anjumanida AQSh prezidenti britanlarni Ovro‘po Ittifoqi tarkibida qolishga chaqirishi kutiladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq