Dushanbedagi rus teatri aktyorlari bo‘shash arizalarini yozganlar

Tojikiston poytaxti markazini yanada chiroyli qilish maqsadi bilan tushuntirilgan o‘zgarishlar atrofida bahs-munozara qizimoqda.

Eng so‘nggi yangilanishda Dushanbedagi Mayakovskiy nomidagi Rus drama teatri aktyorlari tomoshabinlardan yordam so‘raganlar.

"Peri muhabbati" spektakli nihoyasiga yetganidan keyin aktyorlar tomoshabinlarga murojaat qilganlar, teatrning hozirgi binosidan ko‘chmoqchi emasliklarini aytganlar.

Image copyright Teatr Mayakovsky

Dushanbe shahri chetidagi "Tojikiston" kinoteatriga ko‘chirilayotganlarini, biroq kinoteatr spektakl sahnalashtirishga mo‘ljallanmaganini, bu boradagi mas‘ullarga murojaatlariga qoniqarli javob ololmayotganlarini aytganlar.

Aktrisa va aktyorlar o‘z murojaatlarini Internet sotsial tarmoqlarida e‘lon qilganlarini ma‘lum qilib, bu murojaatlarini dastaklashni tomoshabinlardan iltimos qilganlar.

Teatr jamoasi bo‘shash haqida ariza yozganlarini aytganlar.

Tojikiston Madaniyat vazirligi esa Mayakovskiy nomidagi Rus teatri binosi bir qavatli ekani, atigi 300 tomoshabinga mo‘ljallanganini aytgan, "Tojikiston" kinoteatrida esa 500 tomoshabinga joy borligini ta‘kidlagan.

Image caption Dushanbe markazida o‘nlab binolarni buzishga qaror qilganlar

Madaniyat vazirligi poytaxt markazida zamonaviy binolar barpo etilayotganini, shuning uchun eski binolar yangi me‘morchilikka to‘g‘ri kelmasligini vaj qilib ko‘rsatgan.

Dushanbe markazida o‘nlab binolarni buzib yangilarini qurish qarori ko‘plab tojikistonliklarning ham noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Tojikiston poytaxtidagi mashhur "G‘alaba parki"ning me‘mori, hozir Rossiyada yashaydigan Valeriy Zaxarov ham Dushanbe me‘morchiligida bo‘layotgan o‘zgarishlardan hafsalasi pir bo‘lganini aytgan.

U xuddi Sankt-Peterburg shahri bir qismiini asrab qolish maqsadida BMTning madaniyat jamg‘armasiga murojaat qilinganidek YuNESKOga shikoyat qilish maslahatini bergan.

Dushanbe shahrida oxirgi yillarda xuddi O‘zbekistonda bo‘layotganidek, me‘morchilik talab-qoidalari, qadimgi obidalar bor-yo‘qligi kabi muhim omillar inobatga olinmay binolar qurishga kirishilgan.

Dushanbelik to‘ralar toshkentlik hamkasblaridan o‘rnak olmoqda

Bunda mamlakat mustaqilligining naqadar hashamatliyu-dabdabali binolar barpo etishga imkoniyat yaratganini urg‘ulash istagi ko‘zga tashlanadi, kelajakda mo‘may daromad keltirish ehtimoli bor yerlar korchalonlar ixtiyoriga qonunga zid ravishda berilishini istisno etmaydi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq