Saudiya Arabistoni musulmonlarga viza tartibini o‘zgartiradi

Image copyright Getty Images

Mamlakat daromadining asosiy qismi neftdan bo‘lgan Saudiya Arabistoni o‘z iqtisodiyotini turfa xillashtirish siyosatiga kirishgan.

Shu maqsadda iqtisodiy islohotlar rejasini ishlab chiqishga kirishilgan edi.

Tayyorlangan loyiha muhokama etilgan va bu reja ma‘qullangan.

Loyihaga Saudi Vision 2030 deb nom berilgan.

Jahonning eng yirik neft eksportchisi bo‘lgan Saudiyadagi islohotlar tafsilotini Valiahd Shahzoda o‘rinbosari Muhammad bin Salmon "Al-Arabiya" telekanaliga intervsiga ochiqlagan.

Rejaga ko‘ra, 2 trillion dollarlik boylik jamg‘armasi tashkil etiladi.

Neft ishlab chiqarish bo‘yicha davlat shirkati Aramconing 5 foizdan kamroq aktsiyalarini sotishga qaror qilingan.

Valiahd Shahzoda o‘rinbosari Muhammad bin Salmon Aramconi bugungi kunda 2,5 trillion dollarlik qiymatga ega deb baholagan.

Davlat neft shirkati aktsiyalari sotilishidan tushgan mablag‘ boylik jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Neft tarmog‘iga davlat subsidiyasi qisqartiriladi, davlat tasarrufidagi inshootlar xususiylashtiriladi.

Yangi viza tizimi joriy etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, musulmonlar va Arablarning Saudiya Arabistonida uzoq vaqt ishlashlariga ruxsat etiladi.

Iqtisodiyotni turfa xillashtirishga mineral konchilikka ko‘proq sarmoya yo‘naltirish, harbiy mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish evaziga erishishga qaror qilingan.

Valiahd Shahzoda o‘rinbosari Muhammad bin Salmonning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilga borib Saudiya Arabistoni umuman neftga qaram bo‘lmaydi.

Hozirgi paytda Saudiya yillik daromadining 80 foizi neft savdosidan tushadi.

Jahon bozorida neft narxi hamon pastligicha qolmoqda.

25 aprel kuni Brent xom neftining 1 barreli 45,45 dollarni tashkil etgan.

2014 yil iyunida neft eng qimmat narxiga chiqqan edi.

O‘shanda 1 barrel neft 115 dollarni tashkil etgandi.

Saudiya rasmiylari aytishicha, bundan keyin neft bahosi qanday bo‘lishidan qat‘i nazar iqtisodiy islohotlar yo‘nalishidan ortga qaytilmaydi.

Yaqinda Qatarda OPEK tashkiloti a‘zolari neft ishlab chiqarishni kamaytirish evaziga neft narxini ko‘tarishga harakat qildilar.

Biroq bir necha yil davomida iqtisodiy jazo choralaridan aziyat chekib kelgan Eron sanktsiyalar bekor qilinganidan keyin kunlik neft ishlab chiqarishni kamaytirish niyatida emasligini bildirdi, shu bois Doxadagi uchrashuvda bir kelishuvga erishish imkoniyati bo‘lmadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq