Chernobl halokatiga 30 yil to‘ldi

Image copyright Reuters

Ukrainada Chernobl Atom elektr stantsiyasi portlaganining 30 yilligini xotirlash marosimlari boshlangan.

Chernobl fojeasi yadroviy quvvatdan foydalanish boshlanganidan buyon ro‘y bergan eng halokatli hodisa deb ko‘riladi.

1986 yilning 26 aprel tunida mahalliy vaqt bilan soat 1:24 da AES reaktorlaridan biri nazoratdan chiqib ketib portlagan, buning oqibatida radioaktiv modda havoga tarqalgan.

Radiatsiya Ukraina, Rossiya, Belarus hududlariga, shimoliy Ovro‘po mamlakatlariga tarqalgan.

Atom elektr stantsiyasi reaktori portlashi oqibatida halok bo‘lgan insonlarning soni bahsli ekanicha qolmoqda.

2005 yili BMT dastaklagan "Chernobl forumi" hisobotiga ko‘ra, ilk portlash 50 ka yaqin inson o‘limiga sabab bo‘lgan.

Ularning aksari AES ishchilari bo‘lganlar.

Sho‘rolar Ittifoqi hukumati yadroviy falokat haqidagi xabarning dunyoga tarqalishini istamagan.

Image copyright Jerzy Wierzbicki

Shu bois Chernobl halokatiga mutanosib chora ko‘rish amallari ham kechikkan.

Atom elektr stantsiyasiga yaqin hududda yashagan insonlar boshqa joyga ko‘chirilganlar.

Yadroviy falokat oqibatlarini bartaraf etishga butun SSSRdan, jumladan, O‘zbekistondan ham odamlar safarbar etilganlar.

Ularning aksari harbiylar bo‘lganlar.

Biroq oradan yillar o‘tib, o‘sha paytda Chernobl oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan insonlarni radiatsiya nurlanishidan asrash uchun talab darajasidagi chora-tadbir ko‘rilmagan.

Image copyright AFP
Image caption Slavutich shahrida tungi soat 1:24 da qurbonlar xotirasiga shamlar yoqilgan

O‘zbekistonliklar orasida ham o‘z ixtiyori bilan Chernoblga borib ishlashni ixtiyor etgan odamlar bo‘lgan.

Ular radiatsiya tufayli salomatligini yo‘qotganlar.

SSSR hukumati Chernobl oqibatlarini bartaraf qilishda qatnashgan insonlarga xuddi Ikkinchi Jahon urushi va Afg‘on urushi qatnashchilaridek imtiyozlar joriy etgan.

Chernobl AESi atrofidagi hududlarda radiatsiya miqdori hamon inson salomatligiga xatarli darajada qolmoqda.

AES binosining vayronalari ichida hali ham ko‘p miqdorda radioaktiv moddalar qolmoqda va reaktor va bino qulashi havoga yanada ko‘p radiatsiya chiqib ketishiga olib kelishi mumkin degan xavotirlar bildirib kelinadi.

Image copyright EPA

Chernobl forumi" radiatsiya 9000 cha inson o‘limiga sabab bo‘lgan, deb hisoblaydi.

Biroq "Grinpis" tashkiloti Chernobl halokati 93000 atrofida inson umriga zomin bo‘lgan, degan fikrda.

Olgan nurlanishidan ayrim odamlar 2004 yili ham hayotdan ko‘z yumganlar.

Chernoblga yaqin bo‘lgan hududlarda hozir ham chaqaloqlar jismoniy nuqsonlar bilan tug‘ilayotgani kuzatiladi.

Xalqaro hamjamiyat ko‘magi bilan Chernobl reaktori ustini yopishga qaror qilingan, bu loyiha 2 milliard dollardan ziyodga baholangan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq