Amerika general Do‘stumga nima uchun viza bermadi?

Image caption General Do‘stum

"Nyu-York Tayms" nashrining yozishicha, Amerikaga borishi uchun Afg‘oniston prezidentining birinchi muoviniga viza berilmagan.

Ayni maqola tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, general Do‘stum Tolibon muammosiga barham berishning eng maqbul yo‘llarini muhokama etish uchun Vashingtonga safar qilish rejasida bo‘lgan.

Ammo Amerika Qo‘shma Shtatlarida general Do‘stumga qarshi urush jinoyatlari iddaolari yangragani uchun uning bu safari xush qarshilanmaydi, deb yozadi "Nyu-York Tayms".

Nashrning yozishicha, general Do‘stumning o‘tmishiga qaramay, Afg‘oniston prezidenti muovini maqomiga ko‘tarilishi - Amerika markaziy hukumatining o‘n besh yildan buyon davom etayotgan afg‘on urushidagi muvaffaqiyatsizligi misoli bo‘lib xizmat qiladi.

"Tolibonni daf etishga urinib, Amerika turli qo‘mondonlar va qudrat bo‘lishuvchilarga to‘lib-toshgan hukumatni barpo etdi va moliyalab keldi. Bularning esa shafqatsiz usullari 90-yillarda Afg‘onistonda isyonchilik harakatining bo‘y ko‘rsatishiga ko‘mak qilgan, va amerikalik mulozimlarning o‘zlari endi bularni Afg‘onistonning barqarorligiga isyonchilar darajasida tahdid deb bilmoqda. Xuddi shu bois ham, joriy oyda Afg‘onistonning ikkinchi odamiga viza bermaslik qarori bilan amerikalik mulozimlarning noqulay bir ahvolda qolishdi", deb davom etadi nashr.

Nashrning bir qator afg‘on va amerikalik mulozimlarga tayanib yozishicha, ushbu xabar janob Do‘stumning Nyu-York va Vashingtonga safaridan bir necha kun avval afg‘on hukumatiga yetkazilgan.

Oshkora xijolatpazlikdan qochish uchun esa, afg‘on hukumati janob Do‘stumning safarini jadal va jimgina bekor qilgan.

Maqola tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, shaxsiy hayotning daxlsizligi nuqtai-nazaridan kelib chiqib, alohida viza hollari oshkora muhokama etilmasligini aytib, Amerika Davlat Departamenti bu xabarlarni sharhlay olmasligini bildirgan.

Afg‘oniston prezidentining birinchi muovini matbuot kotibi Shahboz Iroj BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida "New York Times"dagi janob Abdulrashid Do‘stumga oid ushbu maqolada keltirilgan fikrlarni rad etishlarini bildirdi.

Ya‘ni, general Do‘stum matbuot kotibiga ko‘ra, Amerika safarini uning o‘zi qoldirgan.

"Afg‘onistondagi, xususan, mamlakat shimolidagi vaziyat general Do‘stumning hozirligini taqozo etar edi. Shundoq ham bo‘ldi. Shaxsan general Do‘stumning o‘zi mamlakat shimoliga safar qilib, xavfsizlik vaziyatiga doir muammolarni hal etish uchun bosh-qosh bo‘ldi. Nyu-York tayms gazetidagi ayni maqolaning barcha nuqtalarini biz qat‘iy rad etamiz", deb aytdi Shahboz Iroj BBC bilan suhbatda.

Sobiq kommunist va afg‘on o‘zbeklari yetakchisi ham sanalgan Abdurashid Do‘stum uzoq yillar Tolibonga qarshi urushib kelgan.

Aksariyat G‘arb davlatlari orasida, ayniqsa G‘arb matbuotida general Do‘stum o‘ta salbiy tasvirlanadi.

Vaholanki, general Do‘stumning kuchlari xalqaro ittifoq kuchlarining dastagi bilan 2001 yilda Afg‘onistonda Tolibon tuzumini qulatishda ham muhim o‘rin tutgan edi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq