Karimov: "qandaydir diplomatik jumlalarni to‘qib chiqarish kerak emas"

Image copyright Reuters

Rossiya prezidenti rasmiy web-sayti Kremlin.ru xabar qilishicha, 25 aprel kuni Prezident Islom Karimov va Prezident Vladimir Putin uch soat davomida norasmiy muloqot qilganlar.

Prezident Putin ta‘biricha, "yuzma-yuz o‘tirganlar".

Rossiya rahbari aytishicha, uch soat davomida ikki prezident ikki tomonlama munosabatlar haqida, xalqaro vaziyat to‘g‘risida, shuningdek, Markaziy Osiyodagi ahvol haqida gaplashganlar.

Kremlin.ru Rossiya va O‘zbekiston prezidentlarining 26 aprel kuni aytgan so‘zlarini e‘lon qilgan.

Suhbat boshida Prezident Putin Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida savdo-sotiq yilning birinchi choragida o‘sganini qayd etgan.

Janob Putin O‘zbekistondan Rossiya bozorlariga dehqonchilik mahsulotlarini yetkazish hajmi ko‘payganidan o‘z mamnunligini izhor etgan.

Image copyright Reuters

Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondan Rossiyaga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini olib borish yalpi hajmi 10 foiz oshgan.

Ayrim poliz mahsulotlari 10 barobar, uzum 20 baravar, tsitrus o‘simliklari 54 baravar ko‘paygan.

Prezident Islom Karimov esa Rossiya dehqon bozorlarida o‘z mevasini sotish uchun "Kelib qoling O‘zbekiston mevalari" deb xaridor chorlashlarini aytgan.

"Ular(mevalar)ning O‘zbekistonga hech qanday aloqasi bo‘lmasligi mumkin. Biroq tovar bu tovar, reklama bu reklama. Reklamaning o‘ziyoq ko‘p narsadan dalolat beradi", deb aytgan Prezident Karimov.

Janob Karimov O‘zbekiston meva-sabzavotlari mazali ekani haqida moskvaliklar yaxshi bilishini aytib o‘tgan.

Image copyright AFP Getty

Bir kun oldingi yakkama-yakka muloqotdan esa Prezident Karimov qoniqish his qilganini ta‘kidlagan.

"Oddiygina qoniqish his qilganim yo‘q, bu bugun bo‘lmasa, ertaga, albatta, o‘z samarasini beradi. Buning ustiga bu suhbat ochiq bo‘ldi, biz diplomatik masalalarga kam e‘tibor qaratdik, ko‘proq to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashdik. Men bunday suhbatlarni yoqtiraman, o‘z fikringni qisqa, lekin aniq ifodalash mumkin bo‘lgan joyda qandaydir diplomatik jumlalarni to‘qib chiqarish kerak emas", deb aytgan Prezident Karimov.

O‘zbekiston rahbari yana bir bor Afg‘onistondagi vaziyatdan o‘z xavotirini bildirgan.

Afg‘oniston masalasini Rossiyasiz hal qilishga urinishlar bor, deb aytgan janob Karimov, bu urinishlarni noto‘g‘ri deb hisoblayman, degan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq