Asqar Qosim: "Ko‘nglimni och, aqlimni rom et..."

Image copyright ziyo.uz

Asqar Qosim 1946 yili Toshkentda tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetida tahsil olgan. Shoirning "Favvora", "Moviy osmon", "Zamin ko‘rki", "Tolbargak", "Ko‘ngil kabutari", "Sirlar" nomli to‘plamlari nashr qilingan. U tarjimon sifatida Yevripidning "Medeya", Esxilning "Qabr oldidagi qurbonlik" asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Shoir 1985 yilda vafot etgan.

ChORLASh

Yomg‘ir tindi. Yuvildi bog‘lar,

Endi shodon o‘ynaydi sabo.

Tomchilarga to‘ygan yaproqlar

Chapak chalib, kuylar dilrabo.

Shu asno, sen ko‘rgizib himmat,

Baxsh aylagin tabiatga zeb.

Tushun, yorim, bu damlar qimmat,

Ko‘rk yaraldi senu meni deb.

Sochlaringni kiftingga tashla,

Mayli, o‘yna, mayli xirom et.

Bu istig‘no, bu ko‘zgu qosh-la,

Ko‘nglimni och, aqlimni rom et.

Senga alvon lolalarimdan

Tikib bergum xil‘ati jannat.

Hijronzoda nolalarimdan

Ko‘rgizayin anvoyi san‘at.

Gar istasang: oyu yulduzni

Qadamingga tutdek to‘kaman.

Gar istasang: kecha-kunduzni

Kokilingga aylayman kamand.

Faqat, qo‘l ber, kel, men bilan bo‘l,

Istiqboling etayin ta‘min.

Bizga ilhaq biyday dashtu cho‘l,

Bizga ilhaq shu qutlug‘ zamin.

***************************************************************************************************************************

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq