General Do‘stum: "Tolibonni yo‘q etardim, ammo..."

"...afg‘on hukumati va Afg‘oniston Milliy Xavfsizlik Kengashi bunga davomiy ravishda to‘sqinlik qilmoqda".

Hozir ham Jauzjonda ekani aytilayotgan general Abdulrashid Do‘stum bu haqda kuni-kecha Shibirg‘onda o‘tkazgan xavfsizlik yig‘ini chog‘ida bayon qilgan.

Afg‘oniston birinchi vitse-prezidenti o‘tgan hafta keng ko‘lamli yangi harbiy amaliyotlarga boshchilik qilish uchun mamlakat shimoliga safar qilgan.

Turkmaniston bilan bevosita chegaradosh Jauzjon viloyatidan boshlagan keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari arafasida bu gal Afg‘oniston shimolidagi toliblarni butkul yo‘q etish istagida ekanini bayon qilgandi.

Bu – general Abdulrashid Do‘stumning o‘tgan bir yarim yil ichida aksariyati Markaziy davlatlariga shundoqqina qo‘shni bu mintaqada amalga oshirayotgan uchinchi yirik harbiy amaliyotlari bo‘lgandi.

Mintaqa

Image copyright MoD

Shimol va shimol-sharq katta sondagi G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarligi ortidan Afg‘onistonning noodatiy bir ravishda xavfsizligi jiddiy izdan chiqib borayotgan mintaqasi sanaladi.

So‘nggi yillarda bu yerda toliblardan tashqari, mahalliy mas‘ullar IShID guruhi a‘zolariga nisbat berayotgan va aksariyatining markaziy osiyolik ekanliklari aytiluvchi xorijiy jangarilar qadar faollashishga muvaffaq bo‘lishgan.

Afg‘oniston uchun Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon eng qonlisi bo‘lgani aytilgan o‘tgan bir yil ichida toliblar va ular xorijiy ittifoqchilari uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan keng ko‘lamli va qonli hujumlar ham aynan mamlakatning Qunduz, Badaxshon va Faryob kabi shimoliy-sharqiy va shimoliy viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jangarilar o‘tgan 15 yil badalida Afg‘onistonda qayta qozonishga muvaffaq bo‘lgan eng yirik muvaffaqiyatlari ham aynan mamlakatning shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarida kuzatilgan, ular muvaqqat esa-da, Qunduz viloyati markazi, Badaxshon, Taxor va Jauzjonning Tojikiston va Turkmanistonga bevosita chegaradosh qator tumanlarini ham bosib olishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Afg‘oniston Tolibon harakati yaqinda o‘zining bu yilgi bahorgi amaliyotlarini ham yana aynan mamlakatning shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlaridan boshlagan, Qunduz, Faryob, Saripul, Jauzjon, Bag‘lon, Badaxshonning ayrim shahar va tumanlarida hujumga o‘tgandi.

Mintaqadan olingan eng so‘nggi xabarlarda bu viloyatlarning aksariyatida jangarilar va afg‘on hukumati kuchlari o‘rtasidagi janglarning hanuz davom etayotgani aytiladi.

Yangi harbiy amaliyotlar

Afg‘oniston birinchi vitse-prezidenti, general Abdulrashid Do‘stum boshchiligidagi so‘nggi harbiy amaliyotlar xuddi shu manzarada yo‘lga qo‘yilgan, ular bor-yo‘g‘i bir necha kunning o‘zida Jauzjon viloyatining aksariyat aholisi o‘zbeklar va turkmanlar bo‘lgan qator strategik jihatdan muhim tumanlarini toliblardan tozalashga muvaffaq bo‘lishgan.

Jauzjondagi harbiy amaliyotlar manzarasida general Abdulrashid Do‘stumning keyingi nishoni aynan Afg‘onistonning ikkita eng beqaror shimoliy-sharqiy viloyatidan bittasi bo‘lgan Qunduz bo‘lishi ham aytilgandi.

Ammo, mintaqadan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Afg‘oniston birinchi vitse-prezidenti boshchiligidagi amaliyotlar hozirga kelib to‘xtab qolgan.

Hozir ham Jauzjon viloyatida ekani aytilayotgan general Abdulrashid Do‘stum buning sababini kuni-kecha Shibirg‘on shahrida mahalliy xavfsizlik mas‘ullari bilan o‘tkazgan uchrashuvi chog‘ida ochiqlagan, mavjud vaziyatga afg‘on hukumati va ayniqsa, Afg‘oniston Milliy Xavfsizlik Kengashi asosiy sababchi ekanini aytgandi.

"Tolibon o‘tgan yil Qunduzni bosib olmasidan avval Afg‘oniston Milliy Xavfsizlik Kengashiga 10 marotaba taklif bilan chiqdim. Qunduz nazoratdan chiqadi, mening u yerga borishimga ruxsat bering, dedim. Turkiyada ekanim paytida esa, toliblar Qunduz shahrini bosib olishdi. Keyin Faryobga kelib amaliyot o‘tkazdim. Afg‘oniston Mudofaa va Ichki ishlar vazirlari bilan Qunduzda amaliyot o‘tkazishni rejalashtirdim. Har vaqt taklif qilganman, ammo rad etilgan", - deb aytgan Afg‘oniston birinchi vitse-prezidenti.

General Abdulrashid Do‘stumning o‘zi mavjud holatni ularning, "Go‘yoki o‘zi borib, bir hizbni yo‘qotib, o‘rniga "Junbushi Milliy Islomiy"ni kuchaytiradi, degan xavotirlari" bilan izohlagan. "Mening sadoqatimni esa, bilishmaydi", - deya bayon qilgan Afg‘oniston birinchi vitse-prezidenti.

Sabab va munosabat

Qudratli o‘zbek generali xuddi shu o‘rinda amaldagi milliy birdamlik hukumatini keskin tanqid ostiga olgan, hukumatni o‘ziga ishonchsizlik ko‘rsatayotganlikda ayblagan.

Abdulrashid Do‘stum janoblarining aytishicha, "jahon hamjamiyatining shuncha ko‘magi bilan ham, afg‘on hukumati oz sondagi qurolli muxoliflarni yo‘q qilishga qodir bo‘la olmagan".

Afg‘oniston birinchi vitse-prezidentining aytishicha, mamlakatda intizom va xavfsizlik vaziyatining yomonlashayotganiga xavfsizlik idoralari mulozimlarini tayinlash ishlariga hukumat har bir rasmiysining aralashayotgani ham sabab bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, yangi milliy birdamlik hukumati qudratga kelganidan qariyb bir yarim yil o‘tib ham, Afg‘oniston o‘zining muqim Mudofaa vaziri va Josuslik Xizmati rahbariga ega emas.

Aksariyat tahlilchi va kuzatuvchilar esa, Afg‘onistonda so‘nggi paytlarda kuchayib borayotgan zo‘ravonliklarda mazkur omil ham ozmuncha rol o‘ynamayotganligini alohida ta‘kidlashadi.

Xuddi shu manzarada BBCning general Do‘stumning Shibirg‘onda qilgan bu bayonotlari yuzasidan Afg‘oniston Milliy Xavfsizlik Kengashidan rasmiy izoh olish urinishlari, hozircha, samara bergani yo‘q.

Afg‘oniston birinchi vitse-prezidenti boshchiligidagi mamlakat shimoli-sharqidagi so‘nggi harbiy amaliyotlari prezident Muhammad Ashraf G‘aniyning mamlakat parlamentida o‘zining afg‘on mojarosiga oid yangi strategiyasini ochiqlashi, bir qism toliblarni inobatga olmaganda, IShID, "al-Qoida" va "Haqqoniy" kabi o‘z hududlarida faol barcha qudratli jangari guruhlarga bunday buyog‘iga harbiy amaliyotlar siyosatini qo‘llashlarini bayon qilishi arafasiga to‘g‘ri kelgan.

Tasodifmi?

General Abdulrashid Do‘stumning Shibirg‘ondagi tanqidlari yangragan bir kunda esa, Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘aniy milliy xavfsizlik idorasiga butun mamlakat bo‘ylab terrorchi va isyonchilarni yo‘q etishga rasman buyruq bergandi.

Afg‘oniston parlamentidagi so‘nggi chiqishi va yangi buyrug‘i esa, o‘zi qudratga kelgan o‘tgan bir yarim yil ichida Afg‘onistondagi jangari guruhlarga nisbatan birlamchi siyosati sulhu madora bo‘lishini ta‘kidlab kelayotgan afg‘on rahbari mavqeidagi keskin va muhim o‘zgarish sifatida talqin etilgandi.

Prezident G‘aniyning kutilmagan qadami toliblarning Afg‘onistonning qator shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlaridagi hujumlari barobarida poytaxt Kobulda uyushtirgan va o‘nlab oddiy insonlarning o‘limlariga sabab bo‘lgan qonli hujumlari ortidan kuzatilgandi.

Qurbonlar aksariyatining tinch aholi vakillari ekani esa, mamlakat ichkarisida keskin aks-sado bergan, hatto, parlament kun tartibiga chiqqan, maxsus norozilik amaliyotlariga qo‘l urilgan, barcha birdek afg‘on hukumatini isyonchilarga qarshi qat‘iy va amaliy chora ko‘rishga undagandi.

Ayrim tahlilchilar afg‘on mojarosiga oid yangi strategiyasini prezident G‘aniyning bu yilgi bahorgi amaliyotlariga oid bayonotida ham tinchlik masalasida bir so‘z demagan Afg‘oniston Tolibon harakati bilan diplomatik yo‘lda ish olib borishdan hafsalasi pir bo‘lganligiga yo‘yishgan.

Ammo orada buning aslida biror bir amaliy maqsadlarni ko‘zlamagani, mamlakat ichkarisidagi norozi kayfiyatni bostirish uchun nomiga qilinayotgan ish ekanini aytgan kuzatuvchilar ham ozmuncha bo‘lmagandi.

Xuddi shu o‘rinda ta‘kidlash joiz, prezident Muhammad Ashraf G‘aniy birinchi muovinining o‘zining jangarilarni yo‘q etishga oid buyrug‘i bilan bir kunda yangragan tanqidlariga, hozircha, biror bir tarzda munosabat bildirmagan.

Umidlar

Afg‘oniston birinchi vitse-prezidenti, general Abdulrashid Do‘stum matbuot kotibi Shahboz Irojning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, shimoldagi so‘nggi harbiy amaliyotlarini tez orada qayta boshlash va shimoliy Saripuldan tortib, shimoliy-sharqiy Qunduzniki qadar xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatini yaxshilash umididalar.

"Afg‘oniston Milliy Xavfsizlik Kengashining general Abdulrashid Do‘stumdan tashqari boshqa a‘zolari, Afg‘oniston Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, prezident Muhammad Ashraf G‘aniy ham bor. Bular hammasi bir joyga o‘tirib, umumiy bir rejasi ustida yakuniy qarorga kelishlari bilan bu amaliyotlar boshlanadi. Janob Do‘stum Milliy Xavfsizlik Kengashiga bu xususda yaxshi-yaxshi takliflar bilan chiqqan. Ammo hizbiy masalalar bois, ba‘zi xavotirlar bildirilgan. Lekin, shunda ham, kengashdagilar aynan nimaga asoslanib, orada kechgan vaqt davomida bu takliflarni e‘tiborsiz qoldirishgani sababi bizga ma‘lum emas", - deydi matbuot kotibi.

Uning aytishicha, bundan buyog‘iga Afg‘oniston Milliy Amniyat Kengashi sadoqatini anglab yetib, Do‘stumning rejalariga mone‘lik va e‘tiborsizlik qilmaydi, deb umid qilishmoqda.

Kuni-kecha "New York Times" nashrida chop etilgan va Amerika general Do‘stumga viza bermagani iddao etilgan maqolaga munosabat bildirarkan, Afg‘oniston birinchi vitse-prezidenti matbuot kotibi rejadagi safarning bekor qilinishiga ham aynan mamlakat shimolidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sabab bo‘lganini aytgandi.

Afg‘onistonning shimol va shimol-sharqdagi strategik jihatdan muhim bo‘lgan Qunduz va Saripuli so‘nggi yillarda toliblar bilan bir qatorda xorijiy jangarilar ham eng ko‘p faollashgan viloyatlardan sanalishadi.

Mahalliy mas‘ullar toliblar bilan bir safda jang, ayrim hollarda esa, ularga, hatto, boshchilik qilayotgan bu jangarilarni yaqinda Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga to‘lig‘icha bay‘at keltirgan O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolariga nisbat berishadi.

Ammo, Saripul viloyat kengashi raisi Muhammadnur Rahmoniyning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, o‘z hududlarida faol bo‘lgan uch mingga yaqin toliblar orasida ham o‘zbekistonliklari doxil xorijiy jangarilar oz emas.

Vaziyat

Image copyright

So‘nggi yillarda ustma-ust hujumlari ortidan, jangarilar viloyat markaziga qadar kirib borishga muvaffaq bo‘lgan Qunduz va Saripuldagi ko‘plab tumanlarning nazorati qo‘ldan ketishiga oid xavotirlarning oshkora tus olganiga ancha bo‘lgan.

Shu kunlarda Afg‘onistonning Turkmaniston va Tojikistonga bevosita chegaradosh Faryob, Badaxshon va Taxor viloyatlarida o‘zaro janglarning hanuz davom etayotgani, bu viloyatlarning ayrim tumanlarida afg‘on hukumat kuchlari jangarilar qarshisida tang ahvolda qolishgani ham aytiladi.

Xuddi shu manzarada O‘zbekiston va Tojikistondan keluvchi muhim elektr ta‘minoti tizimi o‘tuvchi hamda so‘nggi yillarda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyati jiddiy yomonlashgan shimoliy-sharqiy Bag‘lon viloyatida ham janglar qayta boshlanganiga oid xabarlar olinmoqda.

Shu yil boshida esa, O‘zbekistondan keluvchisining uchta simyog‘ochi portlatib yuborilgan, buning natijasida Afg‘onistonning poytaxt Kobul doxil yana bir qancha viloyatlari haftalab elektr tokisiz qolishgandi.

Bag‘lonlik mas‘ullar bu ishni toliblarga nisbat berishgan, ammo Afg‘oniston Tolibon harakati keskin raddiya bilan chiqqandi.

Abdulrashid Do‘stum va shimol

General Do‘stum Afg‘onistonning asosiy o‘zbeklar yashovchi va O‘zbekiston bilan ham bevosita chegaradosh shimolidagi eng qudratli siyosatchilardan biri sanaladi.

Sobiq kommunist va afg‘on o‘zbeklari yetakchisi ham sanalgan Abdulrashid Do‘stum uzoq yillar Tolibonga qarshi urushib kelgan.

General Do‘stumning kuchlari AQSh boshchiligidagi xalqaro ittifoq qo‘shinlarining dastagi bilan 2001 yilda Afg‘onistonda Tolibon tuzumini qulatishda muhim o‘rin tutgan.

Buning ortidan, yangi afg‘on hukumatidagi rasmiy amali u qadar baland bo‘lmasa-da, ammo amalda ta‘siri juda kuchli bo‘lgani e‘tirof etib kelingan.

Hali 2012 yilda "Milliy Islomiy Uyg‘onish" partiyasi rahbarining Tolibon bilan muzokaralarga rozi bo‘lgani haqida xabarlar o‘rtaga chiqqandi.

Buni o‘shanda BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida uning muovini ham tasdiqlagandi.

Ammo...

Image copyright AP

Oradan bir muddat o‘tib, general Do‘stum Tolibon bilan qudrat bo‘lishish Afg‘onistonda yana fuqarolar urushini keltirib chiqarishi mumkinligi bilan ham ogohlantirgandi.

O‘zi Afg‘oniston prezidentligiga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilgan Muhammad Ashraf G‘aniyning 1-muovini sifatida ishtirok etgan o‘tgan yilgi saylovlar arafasida esa, g‘olib chiqqan taqdirlarida mamlakatga tinchlik keltirishlariga ko‘zlari yetishini bayon qilgandi.

Bu masalada ish faqat diplomatiya bilan bitmasligi, qat‘iyat ham lozim bo‘lishini urg‘ulagandi.

"Bir tomondan terrorchilik, boshqa tarafdan Tolibon, buyog‘i qurollilar, yana korruptsiya...Xuddi shunday vaziyatda Afg‘onistonda xavfsizlikni ta‘minlashga qodir kishilar kerak. Men, hech bo‘lmaganda, Afg‘onistonning bir qismida yo gap va yo aksilamal bilan tinchlik o‘rnata olishimga ko‘zim yetadi. Prezidentning muovini bo‘lish bilan birga, o‘z politsiya, qurolli kuchlarimiz va boshqa generallar bilan hamkorlikda, ular bilan o‘z tajribalarimni o‘rtoqlashgan holda bunga muvaffaq bo‘lamiz, degan umiddaman", - degandi general Abdulrashid Do‘stum.

Tolibon va ...

Tolibon harakati esa, so‘nggi prezidentlik saylovlaridan tortib, yangi milliy birdamlik hukumatini ham tan olmasligini bayon qilgan.

Ularga qarshi o‘z hujumlarini davom etdirishga va‘da bergan.

Harakatning o‘zi esa, yarim yillik saylov bo‘hroni sabab, yanada kuchayishga muvaffaq bo‘lgan.

Ustiga ustak, janob G‘ani iqtidorga kelishi ortidanoq, rasmiy Vashington bilan sobiq hamkasbi Homid Karzay qariyb bir yilcha ortga surib kelgan muhim xavfsizlik bitimini ham imzolagan.

Yangi xavfsizlik bitimi 2014 yilgi ommaviy safarbarlik ortidan ham, o‘n mingdan ortiq xorij askari va ular qator harbiy bazalarining Afg‘oniston tuprog‘ida qolishiga qonunan izn bergandi.

Image copyright Reuters

Boshqa tomondan, Afg‘oniston qayta zo‘ravonliklar girdobiga botarkan, orada prezident Barak Obama Afg‘onistondagi AQSh harbiylarining vakolatini ham kengaytirgan.

Ularning toliblarga qarshi jang olib borishlariga izn bergan, isyonchilarga qarshi kurashlarida afg‘on xavfsizlik kuchlarini havodan turib dastaklashga ham va‘da qilgan.

Afg‘oniston Tolibon harakati esa, o‘tgan yillar davomida afg‘on tuprog‘ida biror bir chet el askari bo‘lishiga keskin qarshi ekanini oshkora bayon etib keladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi ikki voqe‘lik ham toliblarning jig‘iga tegmay qolmagan.

Aynan xorijiy qo‘shinlar bois, o‘tgan 15 yil davomida harakat bilan turli darajada tinchlik muzokaralari olib borish urinishlari deyarli samara bermagan.

G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining so‘nggi tajribasi esa, afg‘on mojarosiga harbiy yo‘l bilan ham yechim topib bo‘lmasligining yana bir isbotiga aylangan.

Aksariyat tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha esa, bu muammoning yakuniy va ijobiy yechimi G‘arb bo‘ladimi, Rossiya, Xitoy va yoki mintaqadagi boshqa yirik o‘yinchi davlatlar, alal-oqibat, afg‘on mojarosidan manfaatdor barcha tomonlarning siyosiy istak-xohish va irodalariga bog‘liq bo‘lib qolaveradi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq