Ekstremizmda ayblanganlarning xotinlari qanday yashaydi?

Image copyright Getty

Tojikistonda birgina oxirgi yilda terrorizm va ekstremizmda gumonlanib hibsga olinganlar va mahkamaga tortilganlar soni o‘nlab marta oshgan.

Hibsga olishlarning yangi oqimi Tojikiston Oliy mahkamasi o‘tgan yil sentyabr oyida Markaziy Osiyoda yagona Islom partiyasini terroristik deb topib, uning faoliyatini taqiqlashi orqasidan boshlandi.

Hukumat mamlakatda radikal kayfiyatdagi fuqarolarning faollashayotganidan jiddiy xavotirda ekanini bildiradi.

Ayni paytda huquq faollari terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash tojik hukumatiga o‘zining siyosiy muxoliflari, mamlakatdagi o‘zgacha fikrlovchilar va faollardan o‘ch olishning qulay imkoni bo‘lganini aytadilar.

Tahlilchilar fikricha, hukumat tomonidan qatag‘on kutilgan natijalarni bergani yo‘q, balki aksincha, radikal kayfiyatdagi fuqarolar soni ko‘paytiradi, xususan, terrorizm va ekstremizmda ayblanib qamalganlarning qarindosh-urug‘lari orasida ham albatta.

Rasmiy Dushanbe konstitutsion tuzumni ag‘darishga urinishda gumon qilganlar ustidan mahkama jarayonlari qonunchilikka zid ravishda yopiq tarzda o‘tqazadi.

Hibsga olishlar va mahkamalar ortida gumondorlarning yaqinlari taqdiri deyarli e‘tiborsiz qolaveradi.

Huquq faollarining aytishicha, bu insonlar yaqinlarining ahvoli havas qilgulik emas. Ular huquqni muhofaza qilish idoralari, xavfsizlik xizmati xodimlarining doimiy kuzatuv va bosimlari ostidalar.

BBC muxbiri Anora Sarkorova terrorizmda gumonlanayotganlarning bir nechtasining xotinlari bilan uchrashib, gaplashishga muvaffaq bo‘lgan. Ular turmush o‘rtoqlari va qarindoshlari qamalganidan so‘ng hayotlari qanchalik o‘zgarib ketgani haqida gapirib berganlar.

Valamat Ibrohimzoda

Ilgarilari biz hech qachon eshiklarimizni qulflamas edik. Hozir qo‘rqamiz, biror-bir provakatsiya uyushtirilishidan qo‘rqib, doim qulflab o‘tiramiz. Agar eshik qulflanmagandek tuyulsa, yugurib borib qulflab kelaman. Men uyga portlovchi modda tashlashlaridan yoki kimdir otib ketishidan qo‘rqaman. Chunki hukumatning ishonishicha, biz terroristning oilasimiz.

Erim Rahmatullo Rajabov bilan 34 yil birga yashab, besh bolani tarbiyalab keldik. Hayotda har xil-yaxshi ham, yomon ham kunlar bo‘lgan. Biroq mamlakatda taqiqlangan Islom partiyasining a‘zosi bo‘lgan erimni qamaganlaridan so‘ng mening hayotim butunlay o‘zgarib ketdi. Qo‘rquv va tushkunlik bizning bugungi holatimizni aks ettiradigan so‘zlar bo‘lib qoldi, deydi u. Qizimni eri tashlab ketdi. U terroristning qizi bilan yashamasligini aytdi. Bizdan qarindoshlar yuz o‘girdi. Biz bilan munosabat o‘zlariga ta‘sir qilishidan qo‘rqishadi. Ularga bizning uyda kamera o‘rnatilgani, kmi biz bilan gaplashsa, kameraga tushib qolishini aytib qo‘rqitishgan organ xodimlari.

Men erimning aybdorligiga ishonmayman. U bunday odam emas, tinchlikni xohlagan hamisha. Sovet davrida ekonomist bo‘lib ishlagan. SSSR tugagach, Tojikistonda ish topish qiyin bo‘lib qoldi. Erim qayerda ish bo‘lsa, o‘sha yerda ishlay boshladi. Men esa bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullandim. Sobiq vazir o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda ayblangan harbiy to‘ntarishga urinish kuni biz erim bilan to‘yda edik.

Erim oilaning asosiy boquvchisi edi. U qamalgach, biz pulsiz qoldik. Hozir duch kelgan ishni qilib pul topishga majburmiz. Faqat oilani boqish emas, erimga ham ovqat olib borish kerak.

Dilbar Gurgova

Mening erim Mudofaa vazirligida oddiy haydovchi bo‘lib ishlar edi. U general Nazarzodaning harbiy to‘ntarishida qatnashganlikda ayblanib qamaldi, lekin u bilan birga ishlamagan ham.

Erim ozodlikda payti, biz birga ishlab, besh bolani boqardik. Dushanbe shahrining chekkasidagi yotoqxonada bir xonani ijaraga olgandik. Kattarog‘iga pulimiz yetmasdi. Men bozorda ko‘kat sotar edim. Biz boy bo‘lmasak ham, hayotdan mamnun, baxtli edik.

Erimning qamalishidan so‘ng, hammasi o‘zgardi. Men ilojsizlikdan Prezident Rahmonga ochiq xat yozib, bolalarimni internatga joylashtirishni so‘radim. Men bir o‘zim ularni boqa olmay qoldim. Boshqa ilojim yo‘q edi. Lekin menga rad javobini berishdi.

Ko‘kat sotib yurgan bozordan ham meni haydashdi. Hozir men farrosh bo‘lib ishlayman. Ba‘zan men o‘zimni o‘ldirmoqchi ham bo‘ldim. Ertalab bolalarim ovqat so‘raganida, men ularga hech narsa bera olmayman. Men onaman. Bolalarga tushuntirish qiyin, nimalar sodir bo‘layotganini. Bolaning azoblanishini ko‘rib turish bundan ortiq dahshat bo‘lmasa kerak. Doimiy ovqat yemaslikdan ular kasallanishdi, lekin kasalxonaga ham olib bora olmayman, pulim yo‘q.

Niso Jo‘rabekova

Erim dastlab qamalgan paytlari men qanday yashashni bilmay qoldim. Xuddi tushdagidek, 1937 yil filmlari kadrlaridek. Erim bilan uch farzandni tartiyalab keldik. U oila boqardi, men bolalarimga qarardim. Erim Mahsmadali Hayit sakkiz oy bo‘ldi qamoqda. Pul yo‘qligi meni tashvishlantirmaydi. Ruhiy holat juda og‘ir. Men o‘g‘illarimning taqdiridan xavotirdaman

Ular maktabga borganlarida, men qo‘rqib o‘tiraman. To‘satdan qamoqqa yoki garovga olsalarchi yoki o‘ldirib ketsalarchi deb. Erim bilan sodir bo‘lgan voqeadan keyin men adolat va qonunga ishonmay qo‘ydim.

Ekstremizmga qarshi kurash oddiy xalq uchun qo‘rqinchli bir narsaga aylanib qoldi. Bu hukumatni qoniqtirmaydigan barcha odamlarni yo‘qotishning qulay usuli.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring