O‘shda haydovchilarga o‘zbekcha broshyura tarqatilmaydi

Qirg‘izistonning janubiy poytaxti hisoblangan O‘sh shahrida haydovchilar uchun o‘zbek tilidagi maxsus eslatma varaqlari huquq tartibot idoralari xodimlari tarafidan olib qo‘yilgan.

Broshyura "Bir Dunyo Qirg‘iziston" inson huquqlari tashkiloti loyihasi doirasida chop etilib, unda mahalliy haydovchilar uchun jarima haqlari, ularni to‘lash shahobchalari va DAN xodimlarining haq-huquqlari va majburiyatlari yozilgan.

"Qirg‘iziston janubida haydovchilar ushbu loyiha uchun minnatdorlar. Biroq, bizga ijtimoiy loyiha doirasida o‘zbek tilidagi ma‘lumot varaqalarini tarqatishga ruxsat bermadilar. Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, Qirg‘iziston qonunlarini ommaga o‘zbek tilida yetkazishni maqsad qilgan edik. Lekin, bizdan bu varaqlarni tortib olib, tergovchilar uni tarqatishimizga chek qo‘yishdi. Buni biz noqonuniy deb hisoblaymiz" – deydi "Bir Dunyo Qirg‘iziston" inson huquqlari tashkiloti a‘zosi Valeryan Vaxitov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot vakillari mazkur holat yuzasidan O‘sh shahar sudiga da‘vo arizasi bilan murojaat qilganlar.

O‘sh shahar Ichki Ishlar Bo‘limining matbuot kotibi Zamir Sidiqov, "Bir Dunyo Qirg‘iziston" inson huquqlari tashkiloti varaqalarini tarqatilishi xavfsizlik nuqtai nazaridan ta‘qiqlanganini bildiradi.

"Varaqchalar o‘zbek tilida yozilgan bo‘lib, ular faqat o‘zbeklar yashovchi hududlarda tarqatilayotgani shubha tug‘dirdi va darhol yig‘ishtirib olindi. Undagi ma‘lumotlar Qirg‘iziston qonunlariga zid emasligi va davlat xavfsizligiga tahdid tug‘dirmasligini tekshirish uchun O‘sh shahar hokimligi qoshidagi til komissiyasiga yuborildi" – deydi Zamir Sidiqov.

O‘shlik huquq faoli Izatillo Raxmatullayev, o‘zbek maktablarida o‘qigan aholi nima uchun o‘z ona tilida bu eslatmani o‘qishga haqqi yo‘qligini, aks holda o‘zbek maktablarini ham yopish kerakligini aytadi.

"Saylov paytida o‘zbek saylovchilarini ovozini olish uchun hamma banner va tashviqot varaqchalarini o‘zbek tilida chiqarishdi. Endi esa mumkin emas emish..." – deydi Izatillo Raxmatullayev BBC bilan suhbatda.

Ma‘lumot broshyuralari "Bir Dunyo Qirg‘iziston" inson huquqlari tashkiloti loyihasi doirasida jami 75 ming nusxada chop etilgan bo‘lib, ulardan 30 mingi qirg‘iz, 30 mingi rus va 15 ming donasi o‘zbek tillaridadir.

Broshyuralarni haydovchilarga yetkazishda shahar aholisi, texnik mutaxassislar, haydovchilik maktablari rahbarlari ko‘mak ko‘rsatganlar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.com ga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.net ga kiring