O‘zbekistonda yangi ijtimoiy tarmoq ochilgan

O‘zbekistondagi internet nashrlariga ko‘ra, respublikada yangi Davra.uz. ijtimoiy tarmog‘i ishga tushirilgan.

Yangi ijtimoiy tarmoqning taqdimot marosimi USENET yillik anjumani doirasida Toshkentda bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Podrobno.uz ICTnews nashriga asosan.

Xabarda aytilishicha, Davra.uz. o‘zida zamonaviy vositalardan foydalanishning uyg‘unlashgan usullarini o‘zida namoyon etadi. Davra.uz. ning bosh sahifasi milliy yo‘nalishda bezatilgan.

O‘zbekistonda asosan Facebook, Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlar ommabop sanaladi. Ayni paytda mahalliy tarmoqlarni ham rivojlantirish yoshlarning kelajagi uchun muhimligi aytiladi.

Texnologiyalari yangiliklarini yorituvchi ICTnews nashriga ko‘ra, yangi ijtimoiy tarmoqning tuzilishi turlicha qarshilangan. Bildirilgan fikrlarga qaraganda, oxirgi paytlarda foydalanuvchilarning soni bo‘yicha messenjerlar ijtimoiy tarmoqlardan ilg‘orroq sanalmoqda. Shu bois, yangi ijtimoiy tarmoqdan ko‘ra messenjerlar ko‘proq samaralidir.

UZINFOCOM markazining ma‘lumotlari bo‘yicha, hozir O‘zbekistonda 38 milliy ijtimoiy tarmoq mavjud bo‘lib, 8 tasi faol hisoblanadi.

Ular orasida 172 foydalanuvchisi bo‘lgan Muloqot tarmog‘i yetakchi. Myjob.uzning 60 muxlisi bor, Adabiy-ma‘rifiy portal Ziyonet - 57 ming foydalanuvchiga ega. Bundan tashqari ko‘plab o‘quvchilariga ega o‘zbek tilidagi internet bloglar bor.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, yangi ijtimoiy tarmoqning ochilishi ijobiy bo‘lsada, lekin uning ahamiyati qanchalik erkinfaoliyat olib borishiga bog‘liq albatta.

Chunki O‘zbekiston hamisha internetga cheklov qo‘yilgan davlatlar safida va bu holat mahalliy ijtimoiy tarmoqlarga ta‘sir qilmay qo‘ymaydi, deydi ular.

O‘zbekistonda ommaviy internet tarmoqlariga cheklovlar kuchaygan.

O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilar ta‘kidlashicha, Facebook, Twitter, Odnoklasniki tarmoqlarga kirishda u qadar muammo bo‘lmasada, o‘zbek tilidagi qator mustaqil web saytlar va hukumat siyosatini tanqid qiluvchi nashrlarga kirib bo‘lmaydi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni o‘n milliondan oshadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, o‘ta faollashib ketgan har qanday internet foydalanuvchisi O‘zbekiston maxsus xizmatlarining nazariga tushishi mumkin.

O‘zbekistondagi aksar internet kafelarda "O‘zbekiston konstitutsiyasiga zid, ekstremistik va pornografik web sahifalarga kirish man qilinadi", degan yozuvlar yopishtirilgan.

"Chegara Bilmas Muxbirlar" tashkiloti O‘zbekistonni "internet ashaddiy dushmanlari" bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiritgan.

Bir necha kun oldin Prezident Islom Karimov imzolagan qonunga asosan, Internetda diniy mazmundagi material e‘lon qilinishi yoki boshqalar bilan bo‘lishish diniy-ekstremistik adabiyot tarqatishga tenglashtirilib 8 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.

Faollarning fikricha, bu kabi choralar hozirgi informatsiya davrida aholini doimiy nazoratda ushlab turish yo‘llari sifatida ko‘riladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring