Afg‘on-O‘zbek chegara hududiga ilk hujum qayd etildi

Image copyright sodiqlar.info
Image caption Chegaraga ko‘z tikkan jangarilar..mi?

Afg‘onistonning Balx viloyati politsiyasidagi manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston bilan chegara hududiga ilk bor qurolli hujum amalga oshirilgan.

Kaldor tumani dushanba kuni tongda noma‘lum jangari guruhlar, ammo boshqa manbalarda aytilishicha, Tolibon kuchlari tomonidan nishonga olingan.

BBC suhbatlashgan mahalliy mulozimlardan biri ayni hujum Afg‘oniston hukumati askarlari bo‘lgan ikkita postga qaratilganini da‘vo qilgan.

Mahalliy qo‘mondonlardan biri Ariana televizion tarmog‘i bilan suhbatda "O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaralar mustahkam qo‘riqlanayotgani va jangarilar bu hududdan kesib o‘tolmasligini" urg‘ulagan.

Taxminlarga ko‘ra, jangarilar Qunduz viloyatidan kelishgan bo‘lishi mumkin.

Kaldordagi ikki tekshiruv nuqtasiga hujum qilganlar qochib ketgani aytiladi.

Qo‘shnilar xavotirda

O‘tgan yil sentyabr oyida Toliblar Afg‘oniston shimolidagi yirik strategik shahar Qunduzni bosib olishi nafaqat Kobulni, balki qo‘shni davlatlar doxil G‘arbdagi ittifoqchilarini ham tashvishga solgan edi.

O‘tgan oy esa Turkmanistonning Afg‘oniston bilan chegarada yuzaga kelgan vaziyat bois, Mari hududida mamlakat qurolli kuchlari jangovor holatga keltirilgani xabar qilindi.

Avvalroq, Tolibon, "Islomiy davlat" jangari guruhi va kichik mahalliy qurolli guruhlar Markaziy Osiyo bilan chegara hududlarda to‘plana boshlaganlari haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalgandi.

Turkmaniston hukumati harbiy harakatlar mamlakat hududiga o‘tishidan xavotirda.

"Xroniki Turkmenistana" nashrining o‘z manbalariga tayanib aytishicha, ayni paytda chegara va harbiy bo‘linmalar kuchaytirilgan sharoitda turishibdi.

Shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda ham chegara qo‘shinlari tayyorgarlik holatiga keltirilgani xabar qilinadi.

Xavotirlar asoslimi?

Image caption Tojik-Afg‘on chegara hududi

Afg‘oniston shimolidagi vaziyat yaqin tarixda hech qachon to‘la barqaror bo‘lgani yo‘q.

Ammo so‘nggi bir necha yil Afg‘onistonning bevosita qo‘shnilari, xususan, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston chegara osha xavfsizlik vaziyatidan ancha xavotir ichida qolgani rost.

Mintaqadagi vaziyatni yaqindan kuzatib kelayotgan jurnalistlarning fikricha, har qanday jangari guruh uchun Markaziy Osiyo chegaralarini buzib kirish oson bo‘lmaydi.

Hamma gap Markaziy Osiyoda Toliblaru IShID kabi guruhlarning tarafdorlari qanchalar faol ekanlari bilan bog‘liq.

O‘zbekiston va Tojikistondagi abgor iqtisodiy holat, poraxo‘rlikning misli ko‘rilmagan darajada keng tarqalgani, huquq-tartibot xodimlari tomonidan bedodlik oddiy xalq orasida ham norozilikka asos bo‘layotgani aytiladi.

Mustaqil jurnalistlardan birining aytishicha, xalqning hukumatdan noroziligi aslida chegara ortidagi bir necha yillardan beri olabo‘jiga aylantirilgan jangarilardan ko‘ra xatarliroq bo‘lishi mumkin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq