"O‘zbekiston va Tojikistonda diniy erkinliklar cheklangan"

Image copyright Google map
Image caption O‘zbekistonda diniy ayblovlar bilan qamalganlarning aksariyati mash‘um Jasliq qamoqxonasida ekani aytiladi

Amerika Xalqaro Diniy erkinliklar komissiyasi o‘zining yillik hisobotida dunyo bo‘ylab diniy e‘tiqod erkinligi jiddiy va muntazam hujumlar ostida qolganini urg‘ulagan.

Hisobotga ko‘ra, Ovro‘poda yahudiylar va musulmonlarga nisbatan yovqarash avj olgan.

O‘zbekiston AQSh tashkilotining "alohida xavotirlik" izhor etilgan mamlakatlari qatoridan joy olgan.

Bu davlatlar ro‘yxatida O‘zbekistondan tashqari Tojikiston, Xitoy, Eritreya, Iroq, Eron, Nigeriya, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Sudan, Suriya, Turkmaniston va Vetnam bor.

Dunyo bo‘ylab diniy e‘tiqodi uchun hukumat va yo boshqa guruhlar tomonidan tazyiqlar ostida qolayotgan bir necha faollarni sanab o‘tilgan bu hisobotda o‘zbekistonlik huquqbon G‘aybulla Jalilovning nomi ham zikr etiladi.

2010 yilda G‘aybulla Jalilov mustaqil musulmonlarning haqlarini himoya qilgani uchun 11 yillik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

Aholisining aksariyati musulmon bo‘lgan O‘zbekiston hukumati diniy faoliyatni keskin cheklaydi, deyiladi hisobotda.

"O‘zbekistonda hukumat 12800 nafar musulmonlarni qamoqqa tashlagan".

Bundan tashqari hukumat protestantlar va Yahova shohidlarini ham tazyiq ostiga olgan, deyiladi hisobotda.

Dindorlar qiynoq ostida

"O‘zbekiston hukumatining rad qilishiga qaramasdan qamoqxonalarda qiynoq qo‘llash keng tarqalgan".

O‘zbekistondagi hibsxonalar, militsiya idoralarida hibsga olinganlarga nisbatan zo‘ravonlik, jinsiy zo‘rlash, gaz niqoblari kiydirib bo‘g‘ish va yoki bu qiynoq usullari bilan qo‘rqitish keng tarqalgani aytiladi.

Ayni hisobotda bir necha musulmonlar, jumladan 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Xayrullo Tursunovning vaziyati tilga olinadi.

"2015 yilning oxirlarida Xayrullo Tursunovni borib ko‘rgan opa-singillari uni o‘lim yoqasiga kelib qolganiga guvoh bo‘lishgan".

Diniy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlarning jazo muddatlari tugashi arafasida yana turfa ayblar bilan "qo‘shib berish" holatlari ham keng tarqalgani aytiladi hisobotda.

Qo‘shni Tojikistonda ham vaziyat abgor

Image caption Muhiddin Kabiriy, Islom Uyg‘onish partiyasining hijrat qilgan rahbari

O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonga nisbatan vaziyat bir qadar farqli bo‘lgan Tojikiston ham AQSh komissiyasining alohida tashvish tug‘diradigan davlatlar qatoridan joy olgan.

"Tojikiston hukumati hukumatdan mustaqil bo‘lgan har qanday diniy faoliyatni bostiradi, dindorlarni jazolaydi. Musulmonlar, protestantlar va Yahova shohidlari alohida xavotirli vaziyatda qolishgan".

Tojikiston O‘zbekiston islomiy harakati guruhi, Hizbut Tahrir, Salafiylik oqimi vakillarini o‘tgan asr to‘qsoninchi yillar o‘rtalaridan beri ta‘qib etadi va uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qilib keladi.

Shunda ham Tojikistonda o‘tgan yilga qadar sobiq Sho‘ro mintaqasida yagona rasmiy diniy partiya faoliyat ko‘rsatib kelardi.

Hisobot Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining 2015 yilda taqiqlab qo‘yilgani borasida xavotirlarni akslantirar ekan, o‘nlab faollar qamoqqa tashlangani, partiyaning kamida 1000 nafar a‘zosi mamlakatni tark etishga majbur bo‘lganini qayd etadi.

O‘zbekiston va Tojikistonga doir AQShning Diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi bu yil ham bir qator maslahatlar bilan chiqqan.

Bu maslahatlar bir jumlaga jam qilinsa, ayni tashkilot Vashingtonni O‘zbekiston va Tojikiston bilan munosabatlarda inson huquqlari masalasiga ko‘proq e‘tibor qaratishga da‘vat qiladi.

Dushanbe va Toshkent esa bu kabi tazyiq va ta‘qiblarni diniy ekstremizm bilan kurash o‘laroq talqin qiladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq