Har bir qo‘y o‘z oyog‘idan osiladi...mi?

Image copyright m

Anchadan buyon ko‘p narsalarni yozmoqchi edim, biroq ko‘p narsalarni "ey, baribir foydasi yo‘q, yozganlarim qog‘ozda qolib ketadi. Kimlardir o‘qisa ham hech narsa o‘zgarmaydi. Mana shu mavzuga aloqador, mana shu muammoning yechimiga mas‘ul bo‘lgan shaxslarning men ko‘targan muammo bilan bir tiyinlik ishi yo‘q" deya qoralamayotgandim. Yaqinda Bahlul Dono hazratlari haqidagi bir rivoyatni o‘qib, menda yana yozish istagi uyg‘ondi.

Avvalo, o‘sha hikoyatni keltiramanda, keyin gaplarimni davom ettiraman.

Bahlul Dono hazratlari bozorda, xalq ichida kezib yurar ekan, odamlarga pand-nasihat qilar, noto‘g‘ri xatti-harakatlardan saqlanishlari uchun ularga tanbeh berardi. Uning tanbehlari ba‘zi odamlarning g‘ashiga tegardi. Ular Bahluldan norozi edilar.

Bir kuni Bahlulning tanbehlaridan bezor bo‘lgan kishilar uning ustidan shikoyat qilib, xalifaning oldiga kelishdi.

- Sultonim, bizning qilayotgan ishlarimizdan unga nima zarar bor? Bizni o‘z holimizga qo‘ysin. Nasihat qilmasin. Har bir qo‘y o‘z oyog‘idan osiladi,- deyishdi ular. Xalifa bu shikoyatlarni eshitib, Bahlulni huzuriga chaqirdi va odamlarning istagini unga bildirdi.

Bahlul bir og‘iz gapirmay, saroydan chiqib ketdi. Keyin bozordan bir nechta qo‘y sotib oldi va ularni so‘ydi. Har bir qo‘yni o‘z oyog‘idan mahallalarning chorrahalariga osib chiqdi. Bahlulning bu ishini ko‘rib turgan odamlar:

- Telbadan boshqa nima kutish mumkin, doim shunaqa g‘alati ishlar qilib yuradi, - deyishdi.

Bir necha kun o‘tgach, osilgan qo‘ylar sasib, o‘zidan badbo‘y hid chiqara boshladi. Bundan mahalla ahlining hammasi zarar ko‘rdi. Aynigan go‘shtning hidiga chiqab bo‘lmasdi. Odamlar yana xalifaning oldiga kelib, shikoyat qila boshlashdi:

- Ey sultonim, Bahlul osgan qo‘ylarning hididan mahallalarda turib bo‘lmayapti. Bizni juda behuzur qilayapti. Unga ayting, osgan qo‘ylarini olib tashlasin.

Xalifa Bahlulning qilgan bu ishiga qiziqib, hayron bo‘ldi. Devonani saroyga chaqirtirib, sababini so‘radi.

- Ey, Bahlul, osgan qo‘ylaringning hidiga odamlar chidolmay, yana shikoyat qilishayapti. Bu nima qilganing?

Bahlul Dono shunday javob berdi:

- Ey, mo‘minlarning amiri, men noto‘g‘ri ish qilganim yo‘q. Faqat har bir qo‘yni o‘z oyog‘idan osdim, xolos. Lekin ko‘rayapsizki, har bir qo‘y oyog‘idan osilsa ham, atrofidagilar bundan zarar ko‘rayapti. Bir yomon ishning zarari kishining faqat o‘ziga emas, hammaga tegishi mumkin. Odamlar buni tushunsin, deb shu ishni qildim.

Shikoyatchilar xatolarini tushunib, Bahlulning tanbehlariga e‘tiroz bildirmaydigan bo‘lishdi.

Bu hikoyatni o‘qib, sizlarda ham bugun O‘zbekistonning har bir davlat idorasi, ta‘lim maskaniga bittadan qo‘y osib qo‘yish kerak, degan fikr uyg‘ongan bo‘lsa ajab emas.

Hozircha, bu hikoyani sharhlamay, O‘zbekistonda "jonajon diyorimizda, mustaqil yurtimizda, istiqlolga erishgan davlatimizda" birgina ta‘lim tizimida ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni oddiy o‘qituvchi sifatida tahlil etsam.

Men boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari haqida birorta salbiy fikr aytishdan yiroqman. Sababi eng fidoiy, o‘z kasbini sidqidildan yaxshi ko‘radigan o‘qituvchilar bor bo‘lsa, ana o‘shalar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari. Ularni qiynaydigan, ammo ishidan ajralib qolish qo‘rquvi tufayligina jimgina ishlashga majbur qiladigan sabablar ko‘p. Bularning eng asosiysi va muhimi boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilarning belgilangan me‘yordan ko‘p o‘qishidir. Ya‘ni aksariyat sinflarda 40-42 nafargacha o‘quvchi ta‘lim oladi. Tasavvur qilayapsizmi? Bir yoki ikki nafar farzandingizning uy vazifasini tayyorlatish uchun qanchalik asabingiz buzilib, ba‘zida dilbandingizga qo‘l ko‘tarish darajasigacha borasiz. Bir nafar farzandingizga bir dona harfni kerak bo‘lsa soatlab o‘rgatasiz. Endi 1-sinf o‘quvchisiga ta‘lim berayotgan o‘qituvchining 40 nafar bola bilan savod o‘rgatayotganligini tasavvur qilavering. Men boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga " Vazirlikka, OblONO, RayONO ga shikoyat qilinglar, sinflardagi o‘quvchilar sonini me‘yorga keltirib bersin, axir allaqaysi qarorda o‘quvchi soni 35 nafargacha deb belgilanganku" desam, ular "mayli, ko‘p bo‘lsa ham, agar direktorga yoki rayONO mudiriga shikoyat qilsak, chidasang ishla, chidamasang katta ko‘cha ellikta bolaga ham dars beraveraman" deb yurganlar mingta deydi" deya o‘z dardlarini dasturxon qilishadi. Birortasi yurak yutib, qonuniy haqqini talab qilmaydi. Nimaga?

Ana shu "nima uchun, nimaga, nega bunday bo‘libdi, nahotki" degan savol aralash hayratlar meni ham qiynaydi. Nimagaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaaa deb butun olamga jar solgim keladi.

Chunki deya, yana o‘z savolimga o‘zim javob topgim keladi. Topgandek ham bo‘laman. Hammasiga maktabu bog‘chalardan boshlangan poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik aybdor. Ha aytgancha, avvallari bundan 10 yillar oldin tanish-bilishlar orqali teppa tekinga ish bitirsa bo‘lardi. Ya‘ni yaxshiroq tanishingiz bo‘lsa ishga joylashish bepulga tushardi. Shu kunlarda esa............. Ha. Nuqtalar ko‘payib ketayapti. Chunki gapirmoqchi, aytmoqchi bo‘lgan fikrlarimga eng zarur va kerakli so‘zlarni topa olmayapman.

Hozircha poraxo‘rlar orasiga Rayono va Oblono mudirini aralashtirmay, faqatgina kichkina bir maktab direktori misolida fikrlarimni davom ettiray. Bunga menga bir o‘qituvchining quyidagi hikoyasi asos bo‘ladi.

Maktabda ishlardim. O‘tgan 2014 yilning avgust oyida maktab direktori "Kim Samarqand, Buxoro, Toshkentga sayohatga borsa, mukofot puli yozib beraman" dedi. Hech kimdan sado chiqmadi. Chunki sayohat yo‘llanmasi 740 ming so‘m ekan. Direktorning premiya yozib beraman deganiga ishonib, men nomimni yozdirib qo‘ydim. Va sayohatga onam borib keldilar. O‘tgan yildan shu kungacha maktab direktoriga "Opoy (bizda o‘qituvchilar opoy deyiladi) premiyamni qachon plastigimga tushirib berasiz, deyaverdim. Direktor ham "moliya premiya uchun pul ajratmayapti" deyishdan charchamadi. Bugun tuman moliya bo‘limiga kirib, hamma gapni ochiq oydin aytganimdan so‘ng, moliya bo‘limining byudjet bo‘limi boshlig‘i maktabdagi buyruqlar kitobini birortasidan berib yuboring, deb direktorga telefon qildi. Direktor opa naq 2 soatda deganda o‘zi buyruq kitobini ko‘tarib keldi. Ma‘lum bo‘lishicha, buyruq kitobida menga premiya haqidagi buyruq yozilmagan ekan. Direktorning bir yil davomida vijdonsizlarcha meni aldab yurganini hazm qila olmayapman. Odamzot ham shu darajada yuzsiz, vijdonsiz, yolg‘onchi bo‘ladimi? Axir 2014 yilning dekabr oyidan buyon har safar oylik tushishiga yaqin direktorning oldiga kirib, premiyani ham plastigimga tashlatvoring, deyaverardim. U esa "xo‘p-xo‘p, moliya pul ajratishi bilan sizga tushirtirib beraman", derdi. Bir yil davomida ko‘zimga tik qarab yolg‘on gapirib, biror marta seskanmaganiga, biror marta ko‘zlarini olib qochmaganiga hayronman".

Farg‘ona viloyati maktablaridan birida bo‘lgan bu voqeaning davomini eshiting. "Men bu haqda avval tuman xalq ta‘limi mudiriga, so‘ngra viloyat xalq ta‘limi boshqarmasi boshlig‘iga shaxsan kirib, aytdim. So‘ngra O‘zbekiston respublikasi xalq ta‘limi vazirligining 1006 raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib ham shikoyatimni bayon qildim. Bu paytda maktabdan bo‘shab ketganligim uchun direktor opa menga hech qanday zug‘um o‘tkaza olmadi. Va premiyamni tushirib berdi, deydi alamzada o‘qituvchi.

Xuddi ana shu o‘qituvchining bugungi kunda ham fig‘onidan dud chiqib yuribdi. Menga "siz jurnalistsiz, nega ana shunday rahbarlar haqida yozmaysiz, axir prezidentimizning "Barcha bo‘g‘inlarda insofli, diyonatli, bilimdon, tajribali, o‘z ishining ustasi (kompetentli) rahbarlar boshchilik qilmas ekan, mustaqil mamlakatimizning obro‘si, uning manfaati uchun mardlik, jonkuyarlik bilan ishlamas ekan ishlarimiz ko‘ngildagidek bo‘lmaydi" , degan gaplari borku, deydi o‘qituvchi soddadillik bilan.

U men vazirlikkacha shikoyat qildim, endi jamiyat bitta poraxo‘r direktordan qutiladi, deb o‘ylagandi. Ammo ... Yana og‘riqli nuqta qo‘yganimga siz hammasini tushundingiz chog‘i. Ha o‘ylaganingizdek, "yuqoridagilar" direktor xonimni mudir xonim deya tayinlab, e‘lon qilib ketishdi.

-O‘zbekistonda ishga kirish bir azob, ishga kirgandan so‘ng ishlab ketish, ish beruvchi rahbarning qosh-qovog‘iga qarab mehnat qilish yana bir azob, deydi maktab o‘qituvchilaridan biri. Har yili iyun-avgust oylarida dars taqsimoti bo‘ladi. Ana undagi qiyomatni ko‘ring. Kim avvalroq kirib, direktor bilan muomalani quyuq qilib chiqqan bo‘lsa, ana shu o‘qituvchining "ketmoni uchdi" deyavering. Pul berishni istasada, cho‘ntagidan shamol o‘tib turgan o‘qituvchilar yana o‘sha haftasiga 10 soatga ham yetmagan dars bilan qolaveradi. Direktorning dilozorligi, baqiroqligi, odamlarni uyalmay netmay haqorat qilib yurishi haqidaku gapirmasa ham bo‘ladi, chunki bular xalq tili bilan aytganda "melich" narsalar.

Yana o‘sha o‘qituvchining hikoyasini davomini eshiting. "Nimaga menga bir yil davomida "premiya" ya‘ni mukofot puli berilmaganligini sababini aytishdi. Har bir mukofot puli olgan xodim, uning yarmini direktor xonimga berishi shart va majburiy ekan. Men sal betgachopar, o‘z haqqini talab qiluvchi xodim bo‘lganligim sababli, direktor men bilan bu haqda gaplashmagan ekan.

Ta‘lim to‘g‘risida yozadigan jurnalistlarni ham yomon ko‘raman, deydi o‘qituvchi. Bir safar viloyatdagi "Adolat yo‘li" gazetasidan bir muxbir keldi. Uning vazifasiga kiradimi yo‘qmi sinf jurnallarining yuritilishidan tortib, hatto hojatxonagacha borib "tekshirdi" (bilishimcha, jurnalistlar tekshiruvchi emas, tahlilchi yoki kuzatuvchi bo‘lishi kerak) va jurnaldan "kamchilik" topdi. Ba‘zi fan o‘qituvchilari paxta mavsumi bo‘lganligi sababli o‘tilgan darslarni o‘z vaqtida qayd etib qo‘ymagan ekan. Va direktor opa tashabbusi bilan unga o‘qituvchilar baholi qudrat pul yig‘ib berishdi.

O‘zi "olib" o‘rgangan direktor boshqalarni ham "olish"ga o‘rgatvorganligi shu kunlarda xalq tilida dostondek yuribdi. "Ha kattaroq tashlagandir-da, bo‘lmasa.." deydi bir o‘qituvchi, "nimasini aytasiz, 2013-2014 o‘quv yilida maktabning 23 million pulini o‘zlashtirib, jig‘ildoniga urib olgan edi. Hatto moliya vazirligi, prokuraturaning bu haqdagi taqdimnomasi ham bor... shundoq direktor mudir bo‘lib o‘tirsa-ya" deya o‘z "fikri ojizini" bayon eta boshlaydi boshqasi, "endi bizga ham kun yo‘q ekan-da..." deydi uning ta‘magirligi, "oldi-berdi"ni quyuq qilishini bilgan boshqa maktab direktorlari... Va eng yomoni ana shu bir inson misolida O‘zbekistonda korruptsiya atalmish jinoyatchilik qay darajada ildiz otganligini bilish mumkin. Yuqorida nimaga har bir maktab darvozasiga qo‘yning oyog‘idan osib qo‘yish kerak, deganimni endi tushungandirsiz?

Adolat Toshkanboy qizi