Prezident Nazarboyev yer qonuni ijrosini to‘xtatdi

Image copyright European Photopress agency

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakat "Er kodeksi"ning to‘rt bandiga moratoriy joriy etgani haqida e‘lon qilgan.

Bu haqda Qozog‘iston rahbari hukumat majlisida ma‘lum qilgan.

"Men bugun qaror qabul qildim: Yer kodeksining jamoatchilik rezonansiga sabab bo‘lgan qator normalari, aniqrog‘i, o‘tgan yili qabul qilingan to‘rt normasi kuchga kirishiga keyingi yilgacha moratoriy qo‘yiladi", deb aytgan Prezident Nazarboyev.

"Agar siz xalqqa tushuntirib, parlament bilan kelishib bir qarorga kelsangiz, moratoriyni olib tashlaymiz, yo‘q bo‘lsa, olib tashlamaymiz", degan Qozog‘iston prezidenti.

"Tushunmagan aholiga yetkazish kerak edi, yerlarimizni, ayniqsa, qishloq xo‘jalik yerlarini sotish haqida gap borayotgani yo‘q", deya o‘z qarorini tushuntirgan janob Nazarboyev.

"Biz uning mazmunini tegishli guruhlarga yetkazib berolmadik. Shu bilan birga qabul qilingan qonunning mexanizm va normalari ham keng jamoatchilikni jalb qilgan holda qabul qilinmadi. Odamlarning xavotir va tashvishlari o‘rinli. Agar bizning odamlarimiz, qozog‘istonliklar qabul qilingan qarorlarni tushunishmayotgan bo‘lsalar, ularga ishonishmayotgan bo‘lishsa, bu to‘g‘ri emas. Biz bularning hammasini odamlar uchun qilayapmiz-ku. Ya‘ni, jamiyatda qonun qabul qilinishi bo‘yicha shubhalar paydo bo‘lgan", deb aytgan Prezident Nazarboyev.

Oxirgi kunlarda "Er kodeksi"ga kiritilgan o‘zgartirishga qarshi noroziliklar Qozog‘iston bo‘ylab yoyildi.

Dastlab Qozog‘iston g‘arbidagi Atirau shahrida odamlar ko‘chalarga chiqishdi.

Shundan so‘ng noroziliklar shimoldagi Aqtobe va sharqdagi Semey shaharlarida ham boshlandi.

Aktau, Janao‘zen, Uralsk va Qizil O‘rda shaharlarida odamlar "ruxsat berilmagan" namoyishlarga chiqdilar.

Ba‘zi kuzatuvchilar har bir shahardagi namoyishchilar sonini 1000 kishidan 2 ming kishigacha, deya taxmin qildilar.

Namoyishlar noodatiy ko‘rinish bo‘lgan Qozog‘iston uchun bu anchayin jiddiy miqyos edi.

Odamlarning noroziligiga asosiy sabab "Er kodeksi"ga kiritilgan, xorijliklarga mamlakatdagi hosildor yerlarni 25 yilga ijaraga berish ruxsati edi.

Ushbu qonun o‘tgan yili noyabr oyida qabul qilingan va 2016 yil iyulidan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan edi.

Qonunga muvofiq, yerlar sotilishi yoki kim oshdi savdosida litsenziya huquqini sotib olish imkonini beradi.

Odamlarning asosiy xavotiri Xitoy kabi qo‘shni mamlakatlardan sarmoyachilar kelib, yerlarni sotib olishlaridir.

Bu xavotir ehtirosli masaladir. Aqto‘bedagi namoyishchilardan biri 27 aprel kuni "Erlarimizni xitoyliklarga bera olmaymiz. Ular bu yerga kelishsa, hech qachon ketmaydilar," deya nutq qildi.

Prezident Nazarboyev o‘tkazgan hukumat majlisida Qozog‘istonning Milliy iqtisodiyot vaziri Yerbolat Dosayev, uning o‘rinbosari Qayrat Uskenbayevlar iste‘foga chiqqanlari e‘lon etilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq